Breaking News

Qirg'izistondagi so'nggi vaziyat: uch voqea tahlili


Qirg'iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni qo'lga olish amaliyoti boshlanishidan oldin, 2019-yil, 7-avgust
Qirg'iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni qo'lga olish amaliyoti boshlanishidan oldin, 2019-yil, 7-avgust

Qirg'izisonda sobiq prezident Almazbek Atambayev hibsga olinishi bilan bog'liq beqaror siyosiy vaziyat saqlanib turibdi. Ayni paytda muxolifatdagi yana bir siyosiy arbob Qirg'izistonga qaytgan.

Atambayev 26-avgustgacha qamoqda qoladi

Sobiq prezident Almazbek Atambayev kriminal avtoritet Batukayevning noqonuniy ozod etilishi boʻyicha ochilgan korrupsiya ishiga aloqadorlikda ayblanmoqda. Sud sobiq prezidentni 26-avgustgacha qamoqda qoldirish haqida hukm chiqardi.

Qirg’izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev
Qirg’izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev

Uning advokati ayblovni asossiz deb atagan. Uning fikricha, Almazbek Atambayevning sobiq prezident qatori daxlsizligi mavjud. Unga nisbatan qilinayotgan ishlar avvaldan tayyorlangan spektakl, deb aytgan advokat Sergey Slesaryov.

Advokatning aytishicha, Atambayev tergov hujjatlariga qoʻl qoʻyishdan bosh tortgan.

Almazbek Atambayevning yaqin safdoshi Farid Niyazov ham Bishkek shahar ichki ishlar boʻlinmasining vaqtincha saqlash yeriga kirgizildi.

Atambayev 8-avgustda maxsus xavfsizlik kuchlari oʻtkazgan amaliyotdan soʻng taslim boʻlgan edi. Sobiq prezident taslim boʻlgunga qadar maxsus boʻlinma zobitlari va Atambayevning tarafdorlari oʻrtasida yuz bergan ikki kunlik toʻqnashuvlarda 100 nafarga yaqin odam jabrlanib, bir maxsus boʻlinma zobiti vafot etgan.

Milliy xavfsizlik boʻyicha davlat qoʻmitasiga ko'ra, vafot etgan zobit Usonbek Niyazbekovga snayper qurolidan otilgan oʻq tegib, zirxli kiyimini teshib oʻtgan. Unga oʻlimidan soʻng polkovnik unvoni berildi.

Siyosatchi Babanov Qirgʻizistonga qaytib keldi

Qirgʻiziston prezidentligiga sobiq nomzod, “Respublika” partiyasining lideri Oʻmurbek Babanov 9-avgustda Moskvadan Bishkekka qaytib keldi. Uni “Manas” aeroportida 200 nafarga yaqin tarafdorlari kutib oldi.

Siyosatchi va tadbirkor O’murbek Babanov
Siyosatchi va tadbirkor O’murbek Babanov

“Qaytib kelganimdan xursandman. Qoʻllovinglar uchun barchangizdan minnatdorman. Meni hech kim toʻsib tekshirgani yoʻq. Men doimo qonun yoʻlida yurganman”, - dedi Babanov tarafdorlariga.

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik boʻyicha davlat qoʻmitasi (MXDQ) siyosatchi Oʻmurbek Babanov Qirgʻizistonga qaytadigan boʻlsa qonun doirasida javobgarlikka tortilishi xaqida 9-avgustga oʻtar kechasi bildiruv tarqatgan edi.

Babanov hozirda asosan “millatlararo nizo qoʻzg'ash” aybi bilan ayblanmoqda. Mazkur ayblovga siyosatchining Oʻsh shahridagi “Oʻn adir” mavzeida oʻzbek saylovchilari oldida aytgan soʻzlari sabab boʻlgan.

“Tiz choʻkib yashagandan koʻra, tik turib oʻlgan afzal” va kim, qaysi bir militsiya oʻzbek xalqiga tegsa, u xizmatdan ketadi. Men soʻz beraman”, degan edi oʻshanda prezidentlikka nomzod boʻlgan siyosatchi saylovchilar oldida.

Babanov 2017-yildagi prezidentlikka saylovda hukumat tarafida boʻlgan nomzod Sooronbay Jeenbekovning asosiy raqibi boʻlgan.

Saylovda mag'lub bo'lgach, Babanov Qirgʻizistondan chiqib ketgan. Jinoiy ish u ketgandan keyin ochilgan.

Rossiya bosh vaziri : Inqilob uchun limitingiz tugadi

Qirgʻizistonga 9-avgust kuni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bosh vazirlari kengashida ishtirok etish uchun kelgan Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedov Qirgʻizistondagi soʻngi voqealarga fikrini bildirdi. U Moskva boʻlayotgan voqealarni diqqat bilan kuzatayotganini aytgan.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo davlatlarning rasmiylari Qirg'izistonda
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo davlatlarning rasmiylari Qirg'izistonda

“Mening fikrimcha, Qirgʻiziston 21-asrda inqiloblar uchun berilgan limitni ishlatib boʻldi. Agar shu kabi voqealar siyosiy beqarorlikka, iqtisodiy tang ahvolga olib kelsa, juda yomon boʻladi. Bu mamlakat fuqarolarigagina ziyon olib keladi”, - dedi Medvedov Qirgʻiziston prezidenti bilan suhbatda.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy osiyo masalalari boʻyicha yordamchisining oʻrinbosari Elis Uells esa oʻz twitter sahifasida Qirgʻizistonning barcha tomonlarini sabrga va Konstitutsiya hamda demokratiya tamoyillari asnosida harakat qilishga chaqirgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG