Breaking News

Atambayev: Jeenbekov xalqni o'qqa tutishni buyurgani sharmandalik


Qirg'iziston sobiq rahbari Almazbek Atambayevni hibsga olish operatsiyasi qonli tus oldi: bir kishi o'ldi, 40 nafarga yaqin odam yaralangan.

Korrupsiya va amalini suiiste'mol qilganlikda ayblanayotgan Atambayev uni olib ketish uchun safarbar etilgan maxsus qurolli kuchlarga bo'ysunmoqchi emas.

Yuzlab tarafdorlari uning Bishkek yaqinidagi uyini o'rab olgan va maxsus kuchlar bilan olishmoqda. Tarafdorlarda ham qurol bor va ular ichkari va tashqaridan turib, hukumat kuchlari bilan o'q almashgan. Internet va uyali aloqa uzilgan.

Atambayev video bayonot berib, Prezident Suronboy Jeenbekovni o'z xalqiga qarshi o't ochishga buyurganlikda aybladi.

"Xalqni himoya qilishga so'z bergan prezidentning bu buyrug'i sharmandalik... Sobiq prezident Atambayev terrorist emas", - deydi Atambayev.

Hukumat haqiqiy o'q ishlatilganini inkor etmoqda. 8-avgust kuni mahalliy vaqt bilan erta tong, soat 3:00-4:00 orasida maxsus kuchlar va ichki ishlar xodimlari Atambayevning hovlisidan uzoqlashgan.

Prezident Jeenbekov va parlament spikeri Dastanbek Djumabekov ta'tildan qaytgan va 8-avgust kuni favqulodda majlis bo'lishi kutilmoqda.

Maxsus kuchlar boshida rezinali o'q otdi, keyin esa haqiqiysiga o'tdi, deydi Atambayev.

U bo'yniga qo'yilayotgan ayblarni tan olmaydi va parlamentni nodemokratik va noxolis faoliyatda qoralaydi. Parlament Atambayevni ikki oy oldin daxlsizlik huquqidan mahrum etgan edi.

Qirg'izistonda o'tgan qariyb 15 yilda bunday zo'ravonliklar bir necha marta ro'y berib, ikki prezident lavozimidan aynan to's-to'polonlar, qurolli to'qnashuvlar natijasida ketgan.

Qirg'iziston Markaziy Osiyoning eng erkin o'lkasi, demokratiya nisbatan taraqqiy etgan mamlakat sanaladi. Lekin hatto bu bahoni bergan G'arb davlatlari ham respublikadagi jarayonlarni xavotir bilan kuzatadi. Hozircha Yevropa Ittifoqi va AQSh biror munosabat bildirgani yo'q.

Rossiya o'tgan oy Atambayevni mehmon sifatida kutib olib, Prezident Vladimir Putin uni quvvatlashini bildirgan edi. Lekin tez o'tmay u Jeenbekovni ham quvvatlashini bayon etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG