Prezident Donald Tramp tashqi moliyaviy ko’mak uchun to’rt milliard dollar ajratishga qarshi chiqib, Kongress bilan bahslashayotgan edi. Ham demokrat, ham respublikachi qonunchilarning e’tirozlari ortidan davlat rahbari murosaga rozi bo’ldi.
Prezident Donald Tramp AQShning tashqi ko’mak uchun moliya ajratishiga keskin qarshilik bildirib, Kongress bilan murosaga kelolmayotgan edi.
“Bizdan nafratlanadigan mamlakatlarga milliardlab dollar pul berishimiz xato”, - degan edi prezident.
Demokrat va respublikachi qonunchilar Oq uyning qaroriga e’tiroz bilan chiqqach, Tramp ma’muriyati vaziyatni yumshatdi.
Biroq ayrim ekspertlar prezident bilan hamfikr. Ularga ko’ra, AQShning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarga ajratgan moliyaviy ko’magi besamar sarflanmoqda. Biroq ko’makni to’xtatish uchun yetarli asos lozim.
“Ma’muriyat kelgusida mablag’ning to’g’ri sarflanishi va qayta taqsimlanishi uchun Davlat departamenti, USAID tashkiloti va Kongressni birday murosaga keltiradigan asos ko’rsatishi kerak”, - deydi ekspert Brett Sheyfer.
Ayrim ekspert va xalqaro tashkilotlar moliyaviy ko’makni to’xtatish qarori bekor bo’lganini muhim g’alaba deb baholadi.
“Aslini olganda, bu AQSh va uning manfaatlari uchun katta yutuq. Moliyaviy ko’makka siyosiy tus berish xato. Moliyaviy defitsitni qoplashni bahona qilib bo’lmaydi. Chunki xalqaro ko’mak ulushi federal byudjetning bir foizidan ham kam”, - deydi ekspert Paula Garsia.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo prezidentni oshkora qo’llab-quvvatlab, jamoatchilikka mamlakat manfaatlaridan kelib chiqib, soliq to’lovchilardan tushgan pul oqilona sarflanishi lozim, degan edi. Biroq xalqaro hamjamiyatning ayrim liderlari Pompeoga xalqaro ko’makni to’xtatmaslik yo’lida parda ortida kurashgani uchun rahmat aytgan.
“Pompeo avvaldan xalqaro ko’mak tarafdori bo’lgan. Xususan, harbiy qo’mondonlar ham milliy xavfsizlikni ta’minlashda muntazam tashqi moliyaviy ko’makning muhim ekani haqida keskin chiqishlar qilgan”, - deydi Paula Garsia.
Biroq prezident farmoniga binoan, Davlat departamenti Shimoliy Amerika uchligi – Salvador, Gvatemala va Gondurasga tashqi yordamni muzlatib qo’ygan edi. Bunday choraga ana shu mamlakatlardan AQSh chegarasiga kelayotgan noqonuniy migrantlar oqimining qisqartirilmagani sabab bo’lgan edi.