O’zbekistonda ilk bor rasmiy partiyalar reytingiga doir so’rovnoma o’tkazilgan. 30 mingdan oshiq kishi qatnashgan so’rov natijasiga ko’ra, O’zbekiston Liberal demokratlar va “Milliy tiklanish” partiyalari yetakchilik qilmoqda.
Dekabr oyiga belgilangan parlament saylovi arafasida o’tkazilgan bu so’rov 33 millionlik O’zbekistondagi bugungi siyosiy vaziyatni to’liq aks ettiradi deyish qiyin. So’rovnomaga kiritilmagan, siyosiy maydondan chetlatilgan “Erk” partiyasi yetakchisi Muhammad Solih o’zbek jamiyatida adolatli saylovlar o’tkazilgan taqdirda, muxolif partiya parlamentni egallashiga shubha qilmasligini aytmoqda.
Ommaviy nashrlardan biri “Kun.uz”ning O’zbekistondagi rasmiy partiyalar reytingiga doir o’tkazgan virtual so’rovnomasida 33 mingdan oshiq kishi qatnashgan. So’rovnomaga mamlakatdagi 5 ta rasmiy partiya kiritilgan, muxolif partiyalarga o’rin berilmagan.
So’rov natijasiga ko’ra, 35 foizga yaqin kishi O’zbekiston liberal partiyasiga, 32 foiz kishi “Milliy tiklanish” partiyasiga ovoz berishini bildirgan. Qolgan uch partiya uchun ovozlar 3-4 foiz atrofida taqsimlangan. 13 foiz ishtirokchi saylovda qatnashmasligi, 6 foizga yaqini kimga ovoz berishi noma’lumligini bildirgan.
Markaziy saylov komissiyasi hozircha saylov kampaniyasi yuzasidan ham biror bayonot berganicha yo’q. Ammo qonunchilikka tayanilsa, parlament saylovlari dekabr oyining 22-sanasiga to’g’ri keladi.
Shuningdek, saylovda muxolif partiyalar ishtiroki ham noma’lum. Ammo mavjud taqiq olib tashlanmagani inobatga olinsa, parlament saylovlari siyosiy raqobatsiz o’tadigan ko’rinadi.
Reyting so’rovlariga kiritilmagan o’zbek muxolifatining jamiyatdagi bugungi o’rni, jumladan, uning reytingi haqida ham, mamlakatda muxolifatga nisbatan taqiq va tazyiqlar olib tashlanmagan bir vaziyatda aniq fikr aytish qiyin.
Ammo muxolifatdagi “Erk” partiyasi yetakchisi Muhammad Solih O’zbekistonda adolatli saylovlar o’tkazilgan taqdirda, muxolifat bugun ham katta foiz bilan g’alaba qilishiga shubha qilmasligini aytmoqda.
“Reytingga kiritilgan partiyalarning hammasi 1992-yilda o’tgan prezidentlik saylovlaridan so’ng tashkil qilingan qo’g’irchoq partiyalar. Reytingda ikkinchi o’rinda ko’rsatilgan “Milliy tiklanish” partiyasi esa “Erk”ka muqobil o’laroq tashkil qilingan. Muxolifatning bir qancha faollari shu partiyaga o’tib ketishgan edi. Mayli ularni sotqin deb aytish shart emas, o’z istiqbolini o’ylab shunday qilishgan. Asosiysi, bu partiyaning tirgaklari ham avval “Erk”da bo’lgan faollardan iboratligidir. Afsuski, bu partiyalarning qog’irchoqlik roli chorak asrdirki o’zgarmadi. Aminmanki, agar reytingga muxolifat kiritilganda, bu partiyalar hozirgi foizni ham ololmas edi. Bunday partiyalar bilan o’tadigan saylovning mamlakat istiqboliga xizmat qilishiga men ishonmayman. Chunki Karimov rejimida shakllangan bu siyosiy doirada rejimni o’zgartirishga iroda ham, jasorat ham yo’q”, degan fikrda Muhammad Solih.
O’zbekistonda beshta rasmiy partiya bo’lishiga qaramasdan siyosiy raqobat haqida gapirish mumkin emas. Bir tomondan, rasmiy partiyalarning o’zlari muxoliflikka da’vogar emas. Boshqa tomondan, ularning hammasi asosan prezident va hukumat siyosatini faol qo’llab-quvvatlab keladi.
Shu ma’noda, mamlakatdagi siyosiy maydonda katta bo’shliq mavjud. Muxolifat aynan shu bo’shliqni to’ldirish maqsadida.
Muhammad Solihga ko’ra, agar “Erk” partiyasiga dekabrda kutilayotgan saylovlarda qatnashish imkoniyati berilsa, asosiy tirgagi o’zbek ziyolilari, qishloq aholisi bo’lib qolayotgan bu partiya biror qiyinchiliksiz parlamentni egallashiga ishonchi komil.
“O’zbek xalqi ochiq aytmasa ham, kim, qaysi partiya, siyosiy kuch mamlakat, yurt uchun jon kuydirishini juda yaxshi biladi. Adolatli imkoniyat berilsa,xalq shundan kelib chiqib tanlov qiladi. Men muxolifat lideri, prezidentlik saylovlarida qatnashgan muxolif nomzod sifatida buni yaxshi bilaman. Hozirgi vaziyatda ham, 25 yildan buyon quvg’inda bo’lgan, faollari tazyiqqa olingan, o’ldirilgan “Erk” partiyasiga mayli yarim demokratik tarzda ham saylovda qatnashish imkoniyati berilsa, aminmanki, 100 dan 90 ko’rsatkich bilan g’alaba qiladi. Chunki “Erk” bunday tajriba, qo’llovga ega. Partiya tashkil etilgan ilk yillaridayoq o’z safida haqiqiy ziyolilarni birlashtirishi, ular obro’si, mashhurligi evaziga tezda tanildi. O’shanda hukumat tazyiqlariga qaramasdan biz prezidentlik saylovida qatnashdik. Ilk anonslar ortidan respublika radiosi meni ko’rsatkichimni 100 dan 33 deb e’lon qilgan edi. Shundan so’ng tazyiqlar, soxtaliklar boshlandi. Karimov hisobiga byulletenlar qaytadan yozildi. Shundan so’ng hukumat “Erk” saylovda 100 dan 13 foizga yaqin ovoz olganini e’lon qildi. Bu o’sha paytdagi aholi hisobida milliondan oshiq kishi degani.Aminmanki,bugun adolatli saylov bo’lib, “Erk” partiyasi bunga qo’shilsa, har ikki palatani ham bizning partiya egallaydi”, - deydi Muhammad Solih.
Muhammad Solih“Erk” partiyasi safidan 1992-yilda o’tgan prezidentlik saylovlarida marhum Islom Karimovga raqib sifatida qatnashgan. Muxolifatga nisbatan tazyiqlar ham aynan shu saylovlardan so’ng kuchaygan edi.
Muxolifat faollari qamoqqa tashlanishi, quvg’in qilinishi ortidan mamlakatda muxolif siyosiy harakat tiklanmadi. “Erk” partiyasining ham mamlakatda taqiqdaligiga doir biror sud qarori mavjud emas, ammo tazyiq to’xtamagan. Partiya lideri Muhammad Solih taqiqda, uning surati hamon qidiruvda bo’lgan jinoyatchilar safidan olib tashlanmagan.