AQSh-Eron munosabatlarida nima o'zgarishi mumkin?

  • Amerika Ovozi

AQSh va Eron rahbarlari

Prezident Tramp “Katta yettilik” sammitida qisqa fursatda Eron bilan muzokaralarga kirishishga tayyor ekanini bildirgan. Ana shu bayonot ortidan AQSh ham, Eron ham tanglikni zo’raytirmaslikka urinayapti. Biroq ekspertlarga ko’ra, Tehron va Vashingtonda murosa yo’lida to’siq bo’lib turgan omillar keskinligicha saqlanib turibdi.

“Katta yettilik” sammitida ishtirok etar ekan, AQSh rahbari Donald Trampning Eron bo’yicha Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga bergan ijobiy javobi tomonlarni hayratda qoldirdi. Xususan, Tehronni ham. Tramp kelgusi haftalarda Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashish uchun qulay fursat tug’ilganini ma’lum qilgan. Taxminlarga ko’ra, uchrashuv sentabr oyi oxirlarida BMT Xavfsizlik Kengashida o’tishi mumkin. AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper 28-avgust kuni Pentagonda Eron bilan tanglik yakun topdimi, degan savolga quyidagicha javob berdi:

“Biz Eron bilan munosabatda adovat izlamaymiz. Masalani diplomatik yo’l bilan hal etmoqchimiz”, - dedi rasmiy.

Vashington-Tehron o’rtasida vositachilik qilishga tayyor ekanini bildirgan Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan uchrashuvda Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif shu mavzuga to’xtaldi. Tehron AQSh bilan munosabatlarda ziddiyatning chuqurlashishini istamaydi, dedi diplomat.

“Bizningcha, har bir mamlakat xalqaro qonunlarga uyg’un ravishda o’z haq-huquqlariga ega bo’lishi lozim”, - dedi u.

Tomonlar o’rtasidagi tanglik o’tgan yili Trampning Eron bo’yicha bitimdan chiqishi ortidan chuqurlashgan edi. Hujjatga ko’ra, Eron yadroviy dasturini qisqartirishi, AQSh esa sanksiyalarni cheklashi lozim edi. Eron majburiyatlarini bajarmayapti degan sabab bilan bitimdan chiqqan Vashington Tehronga qo’shimcha sanksiyalar joriy qilgan edi. Mutaxassislarga ko’ra, AQSh-Eron sammitini o’tkazishga allaqachon fursat yetgan.

“Agar uchrashuv haqiqatdan ham amalga oshsa, jiddiy tebranish yuz beradi. Uchrashuv uzoq va murakkab davom etadigan muzokara degani emas”, - deydi ekspert Barbara Lif.

Aksariyat mutaxassislar uchrashuv natija berishiga shubha bilan qaraydi:

“Nazarimda, vaziyatni o’nglash uchun uzoq muddatli tinchlanish davri kerak bo’ladi. Bu muddatda Eron xalqaro dengiz hududidagi qatnovlar xavfsizligini ta’minlashi, AQSh esa sanksiyalarni orttirmasligi lozim”, - deydi yana bir ekspert Lyuk Koffi.

Ayrim ekspertlar Eronni tashvishga solayotgan masalalarga to’xtaldi.

“Eron joriy vaziyat AQSh manfaatlariga xizmat qilib, Tehronning imkoniyatlarini cheklab qo’yishidan xavotirda deb o’ylayman”, - deydi ekspert Dalia Key.