NATO Afg'oniston bo'yicha missiyasini o'zgartiradimi?

  • Amerika Ovozi

Terror xuruji tafsilotlarini o'rganayotgan NATO yetakchiligidagi kuchlar. Kobul, Afg'oniston, 5-sentabr, 2019.

Tolibon bilan sulh muzokaralari boshi berk ko’chaga kirib qoldi. AQSh rahbari Donald Tramp Afg’onistonda prezidentlik saylovlariga yaqin qolgan bir paytda tinchlik muloqotini to’xtatishga qaror qildi. Biroq NATO Afg’onistonda barqarorlik o’rnatishdan umidini uzgani yo’q.

Kobulda yuz bergan so’nggi portlashlardan birida AQSh askari halok bo’lgach, Prezident Donald Tramp Afg’oniston rahbari va Tolibon vakillari bilan rejalangan maxfiy uchrashuvni bekor qildi. Shundan beri xurujlar yanada avj oldi.

“Muzokaralar boshi berk ko’chada”, - dedi prezident.

Oradan bir necha kun o’tib Moskvaga kelgan Tolibon Vashington bilan muzokaralarga tayyorligini, lekin zarur bo’lsa, yuz yil jang qilishini bildirgan.

13-15-sentabr kunlari Sloveniyada yig’ilgan NATO harbiy qo’mondonlari Afg’oniston masalasini muhokama qildi.

“Afg’oniston muammosi keskinlashmoqda. Biroq ittifoqchilarimizga AQSh ham, NATO ham tinchlik o’rnatish ahdida qat’iy ekanini ma’lum qilamiz”, - dedi General Tod Uolters.

NATO harbiy qo’mondonlari qo’mitasi raisiga ko’ra, Afg’oniston missiyasida tomonlar yakdil.

“Mazkur masalada qarama-qarshilik yo’q. Ittifoqchilar Afg’oniston missiyasida sobitqadam ekanini tasdiqladi”, - dedi marshal Styuart Pich.

Afg’onistonda prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, NATO qo’mondoni mamlakatda xurujlar ortishidan ogohlantirdi.

“Saylov ideal darajada o’tmaydi. Biroq biz mamlakat bo’ylab xavfsizlikni ta’minlashga harakat qilamiz. Afg’oniston tarixidagi eng xavfsiz saylov bo’lishi uchun kurashamiz”, - dedi general Uolters.

Prezident Ashraf G’ani Tolibon qurolli hujumlarni to’xtatmasa, sulh muzokarasi o’tkazilmasligini ma’lum qilgan.