Breaking News

Kongressda tinglov: Tolibon bilan muloqot davom etishi kerakmi?


Tolibon bilan muzokaralar kelajagi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:45 0:00

AQSh qonunchilari Prezident Donald Trampning Tolibon bilan muloqotni to'xtatishiga oid vaziyat bo'yicha tinglov o'tkazdi. Ochiq muhokama yopiq eshiklar ortiga ko'chdi. Afg'oniston bo'yicha AQSh maxsus elchisi Zalmay Xalilzod AQShning kelajakdagi roli haqida savollarga tutildi.

Tolibon esa hujumlarga zo'r bermoqda.

Prezident Tramp muloqot to'xtatilgani haqida e'lon qilishi bilan bosim yanada kuchaydi. 18 yildan beri tomonlar murosa qila olmaydi.

"Boshqa qanday yechim bor? Axir ular Afg'onistonning 50 foizini egallab turibdi", - deydi respublikachi qonunchi Maykl Makkaul.

"Tolibon AQSh va xalqaro kuchlarni Afg'onistondan chiqarishga ahd qilgan. To'qqiz martalik uchrashuvlardan ular angladiki, Afg'onistonni xalqaro terrorizm platformasiga aylantirmaslikka va'da bersalargina, buni amalga oshirish mumkin", - deydi Davlat departamenti rasmiysi Alis Uels.

AQSh elchisi Xalilzod olib borgan muzokaralar natijasida Vashingtonda Tolibon vakillari va Prezident Tramp o'rtasida uchrashuv bo'lishi rejalangan edi. Bunday qaror har ikki partiya qonunchilarini norozi qildi.

"Bu hech qachon sodir bo'lmaydi, degan umiddaman. AQShga terrorchi qadam bosmasligi kerak, faqat kishanda kelishi mumkin. Ayniqsa, 11-sentabr xurujini amalga oshirganlar", - deydi yana bir qonunchi Adam Kinzinger.

"Prezidentning o'zi ularni taklif qilganini ochiq aytdi. Shuni aytmoqchimanki, bu ma'muriyat tinchlikni targ'ib qilish uchun ma'lum xatarlarga tayyorligini bildirdi", - deydi Alis Uels.

Vashington yana bir kutilmagan qarorni qabul qildi. Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Afg'oniston ishonchli hamkor bo'la olmagani uchun yordam miqdori 160 million dollarga kesiladi.

"Yordamlarni elchixona darajasida qayta ko'rib chiqyapmiz. Afg'onistonning uzoq muddatli taraqqiyotiga yordam berish ahdida qat'iymiz. Lekin mantiqsiz, hatto salbiy natija beradigan davlat qurilishini qo'llamaymiz", - deydi Uels.

Afg'onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay AQShni muzokaralarni qayta boshlashga chaqirdi. AQSh qonunchilari ham harbiy choralar davri tugaganini qayd etdi.

"Haqiqat shuki, 18 yillik urushdan keyin Tolibon hanuz mavjud. Shu fakt bilan murosa qilishimizga to'g'ri keladi. Ayni paytda tinchlik do'stlar bilan qilinmaydi. Tolibon askarlarimiz Afg'onistondan chiqarilishini istaydi. Biz ham ularning uyga qaytishini xohlaymiz. Shu narsa muloqotni boshlash nuqtasi bo'lsin", - deydi Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Eliot Engel.

Agar Tolibon 28-sentabrga belgilangan prezidentlik saylovida xurujlarga zo'r bermasa, deydi kuzatuvchilar, uning tinchlik muloqotiga jiddiy yondashayotganini sezish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG