Xitoy Kommunistik partiyasining 70 yilligi nishonlanayotgan kun gonkongliklar norozilik namoyishini davom ettirdi. Ular Xitoyning birlik va barqarorlik ta'limoti puch ekanini aytmoqda. "Amerika Ovozi" Gonkong ko'chalarida bo'ldi.
Xitoy Prezidenti Si Zinpin 15 ming askar ishtirok etgan harbiy parad boshida turdi. Osmondan qiruvchi samolyotlar o'tdi; maydonda esa yuz minglab qatnashchi turfa ranglarda Xitoy Kommunistik partiyasining 70 yilligini nishonladi.
Gonkongda esa minglab demokratiya tarafdorlari rasmiylar qarshiligiga qaramay, Pekinning mustabid siyosatini qoralab shahar markaziga yig'ildi.
"Inson qadri va demokratiyani ulug'lovchi, erkinlikni g'animat biluvchi bizdek odamlar uchun mustabid tuzum zulmiga uchrayotgan vatandoshlarimizni ko'rish og'ir", - deydi Gonkong Demokratik partiyasi rahbari Albert Xo.
Pekindagi bayramda so'zlagan Si Zinpin Gonkong va Makaoning bir davlatga qarashli, lekin avtonom tizimga ega hududlar ekaniga urg'u berdi. Ayni paytda u Tayvanni ham o'z ichiga oluvchi butun Xitoy xalqini birlashtirish harakati davom etishini ta'kidladi.
Gonkong rasmiylari Xitoy milliy kunida bayroq ko'tardi, ammo namoyishchilardan ehtiyot bo'lish uchun marosim yopiq binoda o'tkazildi. Rejalangan mushakbozlik bekor qilindi.
Namoyishlarga bir necha oy avval Pekin talabiga ko'ra gonkongliklarni Xitoyga ekstraditsiya qilish haqidagi qonunning qabul qilinishi sabab bo'lgan edi. Ma'muriyat namoyishchilarga yon bosib, bu qonun ijroga kiritilmasligini e'lon qildi.
Shunga qaramay, to'rt oydan beri namoyishlar tinmayapti. Odamlar endi qonunchilarning qariyb yarmi Pekinga yaqin biznes elitasi tomonidan tanlanadigan hozirgi tizimni bekor qilib, Gonkong qonun chiqaruvchi organiga to'g'ridan to'g'ri saylovlar o'tkazilishini talab qilmoqda.
Gonkongda inson huquqlari va demokratiyani himoya qilish uchun AQShdan yordam so'rayotganlar ham bor.
"Prezident Tramp Xitoyga barcha AQSh sarmoyasini to'xtatsa va Xitoy kompaniyalarining AQShda ro'yxatdan o'tkazilishini taqiqlasa, xursand bo'lardik", - deydi namoyishchilardan biri.
Gonkongdagi namoyishlar kun avvalida tinch yurishlar bilan boshlandi. Ammo kun og'gan sari politsiya bilan to'qnashuvlar yuz berdi.
Faollar borgan sari shahar hayotini izdan chiqaruvchi taktikalarni qo'llashga o'tayotgani aytiladi.
O'z navbatida, politsiya ham odamlarni tarqarish uchun ko'zni yoshlantiruvchi gaz, suv purkash va rezina o'qlaridan foydalanmoqda.
Har ikki tomondan yuz berayotgan bunday harakat tomonlar o'rtasida murosa ehtimolini yo'qqa chiqarishi mumkin, deydi faollar.
"Hukumat boshqa choramiz yo'q, shu terrorchilarni deb Gonkong nazoratdan chiqib ketyapti; shu bois ularni bostirishga majburmiz, deb aytishadi", - deydi Brukings instituti tahlilchisi Richard Bush.
Hozircha Pekin namoyishlarni bostirish uchun Gonkongga kuch kiritgani yo'q. Agar bunga qo'l ursa, xalqaro hamhamiyat tanqidi ostida qolib ketishi, bu esa Gonkong va Xitoy iqtisodiyoti uchun og'ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.