Qirg’izistonlik advokat Azizbek Ashurov nufuzli Nansen mukofotiga sazovor bo’ldi. BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissarligi Ashurovning Qirg’izistonda fuqaroligi bo’lmagan qatlam muammosiga yakun yasashdagi xizmatlarini yuksak baholagan.
Olim, tadqiqotchi va qochqinlar bo’yicha ilk oliy komissar Fritof Nansen nomi berilgan mukofot 1954-yilda ta’sis etilgan.
Dunyo bo’ylab 10 milliondan ziyod odamning fuqaroligi yo’q. Ularning aksariyati Myanma, Turkiya, Dominikan Respublikasi va Zimbabveda ayanchli ahvolda kun kechirmoqda. Bu qochqinlar ko’plab huquqlardan mahrum etilgan. Ishlash, ta’lim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish, nikoh va tug’ilganlikni rasmiylashtirish fuqaroligi yo’q qatlam uchun taqiqlangan.
Qirg’iziston fuqaroligi yo’q qatlam muammosiga chek qo’ygan ilk mamlakat sanaladi. Bunda Nansen mukofotiga loyiq ko’rilgan Azizbek Ashurovning xizmati katta. Ashurov o’zining “Farg’ona vodiysi chegara bilmas advokatlari” tashkiloti bilan birga 10 mingdan ziyod shaxslarning Qirg’iziston fuqaroligini olishiga sababchi bo’lgan.
1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanib ketgach, yangi vujudga kelgan mamlakatlarda ko’plab aholi qiyin vaziyatga tushgan. Sovet pasporti kuchini yo’qotgan davrda ayrim odamlar shaxsini tasdiqlashning imkoni bo’lmagan. Xususan, Ashurovlar oilasi ham fuqaroligini yo’qotganlar ichida edi.
Azizbek Ashurov o’z oilasi va boshqa minglab fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning taqdirini o’zgartirish uchun bel bog’lagan. Oldimizda turgan eng katta masala hukumatni fuqarolikka qabul qilishdan davlat ham, odamlar ham birday manfaatdor ekaniga ishontirish bo’lgan, deb eslaydi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
“Davlat pasport xizmati xodimlari bizning jamoamiz bilan hamkorlikda ishladi. Qishloq va tog’li hududlarni otlarda kezib chiqishimizga to’g’ri kelgan. Oradan besh yil o’tib, Qirg’izistonda fuqarolikka qabul qilishga doir barcha ishlar ijobiy hal etildi”, - deydi Ashurov.
BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissari Filippo Grandi Ashurovning xizmatlarini olqishladi. Komissarga ko’ra, Nansen mukofoti fuqaroligi yo’q qatlam muammosini hal etgan shaxsga birinchi marta taqdim etilmoqda.