Turkiy xalqlar O'zbekistonning Turkiy kengashga qo'shilishini qanday kutib oldi?

Your browser doesn’t support HTML5

Ozarbayjon poytaxti Bokuda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, ya’ni Turkiy Kengashning yettinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda ilk bor O‘zbekiston ham to‘laqonli a’zo sifatida ishtirok etyapti. Turkiy tilli davlatlar rahbarlarining sammiti 1992-yildan beri o‘tkazib kelinadi. Ana shu uchrashuvlarning samarasi o‘laroq va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan 2009-yilda Turkiy Kengashga asos solingan.

Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar “Amerika Ovozi” bilan suhbatda O‘zbekistonning Turkiy Kengashga a’zo bo‘lishi turk jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olinganini aytdi. Xususan, Izmirdagi Egey universitetida ilmiy tadqiqot olib borayotgan Avazxon Umarovning fikriga ko‘ra, ushbu tashkilot shu paytgacha O‘zbekistonsiz to‘kis emasdi.

“Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoning, Turkistonning javhari, turkiy madaniyatning markazidir”, - deydi u.

“Bugun O‘zbekistonning Turkiy Kengashga qo‘shilgani bu tashkilotning to‘laqonli butunlashganini hamda kelgusida tariximiz, madaniyatimiz uchun foydali ishlar amalga oshirilishini ko‘rsatadi. Turkiyadagi do‘stlarimiz, ustozlarimiz O‘zbekistonning Turkiy Kengashga qo‘shilgani bilan bizni tabriklashdi. Demak, O‘zbekiston bu tashkilot uchun juda kerak”, - deya fikr bildirdi Umarov.

“O‘zbekiston Turkiy Kengashga a’zo davlatlar ichida aholisi va iqtisodiyoti bo‘yicha ikkinchi yirik davlat hisoblanadi, - deydi Bursa shahrida yashaydigan o‘zbekistonlik talaba Abdullatif Adhamov. - O‘zbekistonning bu tashkilotga qo‘shilishi unga a’zo davlatlar bilan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarining yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonning iqtisodiyotiga, turizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”.

O‘zbekiston 2006-yildan beri turkiy davlatlar rahbarlari sammitlarida qatnashmay kelayotgan edi. 2018-yilning sentabrida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan sammitda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev mehmon sifatida ishtirok etdi.

Bursadagi Uludog‘ universiteti tadqiqotchisi Erkan Avji O‘zbekistonning Turkiy Kengashga qo‘shilishini Prezident Mirziyoyev boshlagan tashqi dunyoga ochilish siyosatining samarasi deb hisoblaydi.

“O‘zbekistonning Turkiy Kengashga qo‘shilish qarori Turkiyadagi milliyatchi qatlam orasida yana bir bor eyforiyaga sabab bo‘ldi”, - deydi u.

“Turkiyada millayatchi fikrda bo‘lganlar xuddi Turkiy Kengash tashkil topishi bilan Turon davlati quriladi, ya’ni turkiy tilli davlatlar birlashadi degan xayolda xursand bo‘lishdi. Hatto yuz yildan keyin ham bunday bo‘lishi dargumon deb o‘ylayman. Chunki na konyunktura jihatidan, na mintaqalarning o‘ziga xosligi jihatidan buning iloji bor. Aytaylik, O‘zbekiston va Qozog‘iston orasida raqobat bor. Yoki butun Markaziy Osiyoda mahalliychilik omilini inkor etib bo‘lmaydi. Qolaversa, Markaziy Osiyo ham, Turkiya ham boshqa-boshqa lagerlarda joylashgan. Turkiy Kengash esa unga a’zo davlatlar orasida turli sohalardagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi”, - deydi Erkan Avji.

Ayni paytda Turkiy Kengashga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkiya a’zo. Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi davlat maqomida. Erkan Avji bu davlatlar orasida eng qudratlisi Turkiya ekanini aytar ekan, Anqara ana shu holatidan foydalangan holda “katta og‘alik” roliga kirishishga aslo urinmasligi kerakligini ta’kidlaydi.

“Zero, davlatlar orasidagi munosabatlar bunga asoslanmaydi. Har kimning suverenitetini hurmat qilish lozim. Aytaylik, O‘zbekiston kimningdir og‘aligini qabul qilishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. To‘g‘ri, hammamiz qardoshmiz, lekin kimdir uka, kimdir aka emas, hammamiz teng qardoshmiz”, - deydi Erkan Avji.