Breaking News

Turkiy tilli davlatlar kengashiga O'zbekistonning qo'shilishi nimani anglatadi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan, Boku, Ozarbayjon.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan, Boku, Ozarbayjon.

O'zbekiston Prezidenti Prezident Shavkat Mirziyoyev Bokuda o'tayotgan Turkiy tilli davlatlar kengashi sammiti doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara o’tkazgan. Ozarbayjon, Turkiya, Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekiston prezidentlari tashkilot doirasida o’zaro hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qilmoqda.

Turkiy tilli davlatlar iqtisodiy hamkorlik kengashiga bundan 10 yil muqaddam, 2009-yilning oktabr oyida Ozarbayjonning Naxchivan shahrida asos solingan.

Kengash tashkil etilganiga 10 yil to’lar ekan, bu tashkilotga turkiy tilli aholi soni bo’yicha dunyoda ikkinchi o’rinda turuvchi mamlakat - O’zbekiston ham qo‘shildi.

O'zbekiston Turkiy tilli davlatlar kengashida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:21 0:00

Sentabr oyida O’zbekistonning Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilishiga doir qonunni imzolagan Prezident Mirziyoyev ayni paytda turkiy davlatlar sammitida qatnashish uchun Bokuga yetib borgan, Prezident Ilhom Aliyev bilan ikki tomonlama uchrashuv o’tkazgan.

Ozarbayjon matbuoti tarqatgan ma’lumotlariga ko’ra, anjumandagi asosiy voqelik kengashga O’zbekistonning qo‘shilishi va shu munosabat bilan imzolanadigan hujjatlar bo’ladi.

Kengash faoliyatini kuzatib kelayotgan sharhlovchilar O’zbekistonning qo‘shilishi tashkilotda biror jonlanish qilishini shubhali baholashadi, ayniqsa, 10 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan kengash jamoatchilikka qaratilgan biror jiddiy bayonotlar bilan ko’zga tashlanmagani inobatga olinsa.

Tilshunos olim Baxtiyor Isabekka ko’ra, kengash hamon hamkorlikning tayanch nuqtasini topmadi, nafaqat siyosiy va iqtisodiy masalada, balki tashkilotning asosiy maqsadi sifatida e’tirof etilgan til masalasida ham.

“Albatta, kengash faoliyatidagi o’zgarishlar bundan keyin O’zbekistonga, biz ko’tarayotgan tashabbuslarga ham bog’liq bo’ladi. Hozirgacha ular hamkorlikka iqtisodiy, siyosiy jihatdan yondashib kelishdi, ammo bu turkiy xalqlar hamkorligidagi mavjud to’siqlarni bartaraf etgani yo’q. Qolaversa, iqtisodiy yaqinlashish uchun kengash davlatlaridagi tutum va tuzumlar ham to’g’ri kelmaydi. Bu maqsadni amalga oshirish, iqtisodni birlashtirish uchun esa ma’lum bir tayanch nuqtasi bo’lishi kerak. Kengash o’z nomi bilan Turkiy tilli davlatlar hamkorligi deb ataladi, ya’ni ular tilning muhimligiga diqqat qaratishgan. Ammo haqiqatda bunday emas, yagona turkiy bir til muammosi haliyam mavhum. Bu borada kengash qanday yo’l tutmoqda, har bir turkiy davlat o’z tilida ish yuritishidan tashqari umumiy o’rta bir turkiy til haqida kelishish kerak”, - degan fikrda tilshunos Baxtiyor Isabek.

Turkiy kengash dastlab Ozarbayjon, Turkiya, Qozog’iston, Qirg’iziston a’zoligida tashkil topdi. Kengash qarorgohi a’zo davlatlarda joylashgan Bosh kotibiyat, TurkPA, Oqsoqollar maslahati kengashi, TURKSOY kabi tuzulmalardan iborat.

O’zbekiston kengashga qo’shilmagan bo’lsa-da, bu doiradagi ayrim tadbirlarda qatnashib kelgan, asosan, madaniy-ma’rifiy sohalarda.

O’zbekiston tashqi ishlar vaziri Bokudagi chiqishida O’zbekistonning bu tashkilotga qo’shilishini tabiiy jarayon deb atadi. Jamoatchilikdagi qarashlar ham shunga yaqin, ammo bu tashkilot qanday siyosiy, iqtisodiy manfaatlarga asoslanishi yuzasidan muhokamalar kam.

Muhojirlikda yashayotgan o’zbekistonlik yozuvchi Safar Bekjonga ko’ra, Turkiy kengash hozirgacha biror jiddiy siyosiy bayonotlar qilmagan, xususan, asosiy missiyasi sanalgan turkiy birlikka erishish bo’yicha ham faqat Ozarbayjon-Armaniston o’rtasidagi siyosiy ziddiyatlar bundan mustasno bo’lishi mumkin.

“Siyosiy maydonda bu kengash, asosan, Ozarbayjon va Armaniston, Qorabog’ ziddiyatida ko‘rinadi, bu borada turk dunyosi to’laligicha Ozarbayjon tomonda. Kengashning hozirgacha o’tgan majlislariga qaralsa, Ozarbayjonning taklifiga binoan Armaniston bilan bog’liq ziddiyat muhokama qilingani ko’rinadi. Yopiq tarzdagi bu muhokamalarda ziddiyatdan kelib chiqib turkiy tilli davlatlarning Armaniston bilan munosabatlari muhokama qilinadi, buni e’tirof qilish kerak. Har holda bu qo’llov Ozarbayjonga nisbatan Armaniston va Rossiya bosimini cheklashga xizmat qiladi”, - deydi Safar Bekjon.

Turkiy tilli davlatlarning yettinchi sammitida O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkiya, Ozarbayjon prezidentlaridan tashqari bu tashkilotda kuzatuvchi maqomida bo’lgan Vengriya prezidenti ham qatnashishi kutilmoqda.

Mintaqadagi yana bir turkiy tilli davlat Turkmanistondan esa davlat rahbari emas, hukumat delegatsiyasi ishtirok etishi ta’kidlangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG