Qirg'izistonning O’sh shahri 2019-yil Xalqaro turk madaniyati tashkiloti - TURKSOY xalqaro tashkiloti tomonidan “Turk dunyosining madaniy poytaxti” deb e’lon qilingan edi. Shu munosabat bilan 20-21-aprel kunlari O’sh shahrida “O’sh - Turk dunyosining madaniy poytaxti” nomli xalqaro festival bo’lib o’tdi.
Qadimiy O’sh shahrida ilmiy-madaniy anjumanlar, yarmarkalar, ko’ngilochar tadbirlar o'tkazildi.
Xalqaro tadbirda 20 dan ortiq davlatdan delegatlar, jumladan, O’zbekistondan tashrif buyurgan o’ttiz nafarga yaqin mehmon ishtirok etdi. Ular orasida O’zbekistonning Qirg’izistondagi muxtor elchisi Komil Rashidov ham bor.
“Turk davlatlari bilan aloqalarimiz kengaymoqda. O’ylaymanki, bu aloqalarni O’zbekiston siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy jihatdan rivojlantirish tarafdori. Hamkorliksiz, do’stliksiz ikki tomonlama aloqalarimizda hech qanday taraqqiyot bo’la olmaydi. Bu esa [o’zaro hamkorlik] tarraqqiyotimizning garovi hisoblanadi”, - dedi O’zbekiston elchisi.
Ammo O’zbekiston hozircha TURKSOYga a’zo emas. U bu tashkilotning kuzatuvchisi maqomida qolmoqda. O’zbekiston Turk dunyosining YUNESKOsi deb bilingan TURKSOY tashkilotiga qachon rasman qo’shilishi hozircha noma’lum.
“Bu masala o’rganilyapti, albatta. O’rganilib, tegishli qaror qilingandan keyin bu masalaga alohida to’xtalib xabar beramiz”, - dedi “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida elchi.
O’zbekistonlik olim, "Bobur" xalqaro jamg'armasining rahbari Zokirjon Mashrapov ilmiy anjumanda ma’ruza qildi. U TURKSOYning kelajagi porloq deb, ishonadi.
“Turkiyzabon xalqlarning yanada birlashishi bu tinchlikka, osoyishtalikka, madaniy-ilmiy aloqalarning rivojlanishiga olib keladi, deb o’ylayman” - deydi Zokirjon Mashrapov.
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Qamchibek Kenja TURKSOY tadbirida ilk bor ishtirok etmoqda. Unga ko’ra, bu kabi tadbirlar muhim ahamiyatga ega.
TURKSOY - turkiy tilli xalqlarning moddiy, madaniy meroslarini saqlash va kelajak avlodga yetkazib berishni maqsad qilgan xalqaro tashkilot. Bunga qadar Qozog’iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Tatariston va Turkiyaning bir qator shaharlari O’sh kabi turk dunyosining madaniy poytaxti deb atalgan edi.
Facebook Forum