AQShning Suriyadan chiqishi kimga foyda?

  • Amerika Ovozi

Suriyani tark etayotgan AQSh kuchlari, 2019-yil, 21-oktabr

Kuzatuvchilarga ko'ra, AQSh kuchlarining shimoliy Suriyadan Iroqqa olib o'tilishi mintaqada Eron va Rossiya kabi davlatlar foydasiga ishlashi mumkin. Chegara hududida xavfsiz zona yaratish maqsadida Suriyaga qo'shin kiritgan Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bugun Sochida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Tomonlar Suriyadagi vaziyat bo'yicha o'zaro kelishib olishi kutilyapti.

AQSh Prezidenti Donald Tramp askarlarni Suriyadan chiqarish qarorini himoya qildi.

"Kurdlar bilan ishlayapmiz. Kurdlar bilan yaxshi aloqaga egamiz, lekin kurdlarni himoya qilishga hech qachon kelishmaganmiz. Ular bilan uch yarim-to'rt yil birga jang qildik. Kurdlarni bir umr himoya qilamiz deb va'da bermaganmiz", - dedi Tramp.

AQShning Suriyani to'satdan tark etishi uning ishonchli ittifoqchi ekani haqidagi tasavvurlarga putur yetkazadi, deydi kuzatuvchilar.

"Mintaqada Saudiya Arabistonidan tortib Isroil va Iordaniyagacha ko'pchilik AQShning kurdlar bilan ishini yaqindan kuzatmoqda. Kurdlar IShIDni harbiy mag'lub qilishda asosiy jangchilar hisoblanadi. Kuzatayotganlar bundan o'zlariga saboq chiqarib, Amerika ortiq ishonib bo'lmaydigan davlat bo'lishi mumkin, degan fikrni aytmoqda", - deydi tahlilchi Brayn Katulis.

Boshqalar nazarida AQShning chekinishidan faqat Rossiya yutadi.

"Agar AQSh kuchlarini chiqarib, Yaqin Sharqdagi ta'sirini kamaytirsa, kimdir bundan foydalanib qolishi aniq. Bu, asosan, Rossiya. Putin yangi qayta bo'y ko'rsatayotgan tashqi siyosati bilan bundan foydalanishga urinadi", - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tadqiqotchisi Bulent Aliriza.

So'nggi oylarda Turkiya-Rossiya aloqalari kuchayib bormoqda. Anqaraning iyul oyida Rossiyadan "S-400" mudofaa tizimini sotib olishi Vashingtonni norozi qildi. Ayni paytda AQSh Turkiyaga iqtisodiy jazo choralarini qo'llash haqida ogohlantirgan.