Turkiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar bu yil yanada taranglashdi. Anqaraning Rossiyadan "S-400" mudofaa tizimini sotib olishi Vashingtonning noroziligiga sabab bo‘ldi va oxir-oqibat Turkiyaga "F-35" qiruvchi samolyotlar savdosi to'xtatib qo'yildi. Turkiya Suriyaning shimolida harbiy operatsiya boshlashi ham Anqaraga bosim yanada oshdi. Kuni kecha Amerika Kongressinng Vakillar palatasi Turkiyaning eng nozik nuqtalaridan biriga - armanlar genotsidi masalasiga tegindi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Genotsid bo‘lmaganini amerikaliklar yaxshi biladi”
AQSh Vakillar palatasi XX asr boshlarida, usmoniylar hukmronligi paytida yuz bergan armanlarning ommaviy o‘limini genotsid deb tan oldi. Bu masala Kongressda avval ham bir necha bor ko‘tarilgan, biroq biror marta ovozga qo‘yilmagan edi.
Vakillar palatasining bu qarori Turkiyada keskin norozilik bilan qarshi olindi. Xususan, Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an ushbu qonun loyihasi hech qanday qiymatga ega emasligini va Turkiya uni hech qachon tan olmasligini ta’kidladi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘i esa “Suriya uchun bizdan qasd olishyapti”, dedi.
Armaniston anchadan beri “armanlar genotsidi” xalqaro maydonda tan olinishiga harakat qilib keladi. Bu mamlakatda har yili 24-aprel Genotsid qurbonlarini xotirlash kuni sifatida o‘tkaziladi. Dunyoda o‘ttizdan ziyod davlat usmoniylar davridagi armanlarning ommaviy o‘limini genotsid deya e’tirof etgan.
Turkiya genotsid iddaosini qat’iyan rad etib keladi. Rasmiy Anqaraning nuqtai nazariga ko‘ra, “usmoniylar davrida armanlarni tizimli ravishda qirish siyosati bo‘lmagan; ko‘p sonli armanlarning o‘limi ular jang hududidan boshqa joyga ko‘chirilayotganida, ochlik va kasalliklar tufayli yuz bergan”.
Turkiya tarix jamiyatining sobiq rahbari, professor Yusuf Xalacho‘g‘li “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Vakillar palatasida qabul qilingan “Armanlar genotsidi borasida AQShning pozitsiyani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini siyosiy qaror deb atadi.
“Aslida armanlar genotsidi bo‘lmaganini eng yaxshi biladiganlardan biri - amerikaliklar. 1922-yilda, yani janglar tugagandan keyin AQShga qarashli gumanitar tashkilot, Britaniyaning Istanbuldagi elchixonasi va Millatlar Ligasi armanlar bilan birga tadqiqot o‘tkazgan. Bu tadqiqot natijalari hozir BMT arxivida mavjud. Bizda uning nusxasi bor. Unda dunyoda 4 million 3 ming arman borligi aytilgan. Shundan 817 ming 873 nafari Turkiyadan ko‘chgan armanlar ekani aytilgan. Ular ko‘chgan ekanmi, demak, o‘lmagan. Bundan tashqari yuqoridagi ro‘yxatga kiritilmagan va islomni qabul qilgan 95 ming arman Turkiyaning turli hududlarida yashagani yozilgan. Istanbulda 148 ming 997 nafar, Anatoliyada 131 ming 175 nafar arman yashagan. Genotsid bo‘lganida, ular bu yerlarda yashay olmasdi”, - deydi professor.
“Tarixdagi voqealar bilan yashash emas, ulardan o‘rnak olish kerak”
Izmir shahridagi gazetalardan birida ishlayotgan jurnalist Pinar Bayram Turkiya armanlar mavzusini dunyoga yaxshi tanita olmagan degan fikrda.
Oqibatda bu mavzu Turkiyaga bosim o‘tkazish vositasiga aylandi”, - deydi u.
“Turkiya nima qila olishi mumkin? Matbuotdan, mediadan foydalangan holda tarixiy arxivlarni qayta-qayta ko‘rsatishi mumkin. Bilishimcha, armanlar genotsidi bo‘lmaganini aytuvchi turkiyalik armanlar ham bor. Ularni ko‘rsatish kerak. Boshqa davlatlarda armanlar mavzusi haqida to‘g‘ri tasavvur hosil qilinishi, jamoatchilik fikrini o‘zgartirish uchun “yumshoq kuch”dan samarali foydalanishimiz lozim. Armanlar genotsidi mavzusi qanchalik ko‘tarilayotgan bo‘lsa, biz ham qarshi targ‘ibotni shunchalik kuchaytiraylik”, - deydi jurnalist.
Konyadagi Saljuq universitetida ilmiy tadqiqot olib borayotgan tarixchi Iqboljon Usmonov tarixiy voqealardan siyosiy maqsadlar yo‘lida foydalanish noto‘g‘riligini aytadi.
“Aflotun “Davlat” nomli asarida davlatni boshqarsh mexanizmlariga to‘xtalib, tog‘rilik va egrilik haqida fikr yuritgan. U mazkur tushunchalarni boshqacha - davlatning qo‘lidagi kuch sifatida tushuntirgan. U to‘g‘rilikni kuch-qudratga ega shaxslar, jamiyatlarning o‘z istaklariga mos ishlarni qilishi deya ta’riflagan. Hozirgi dunyoda ham gegemon, super kuchlar bor. Ular xohlagan ishini qilishga, xohlagan narsasini aytishga va ularni to‘g‘ri deb bilishga qodir. Ular tarixiy voqealarni o‘z siyosiy maqsadlari yo‘lida talqin qilishi mumkin. Bu - noto‘g‘ri. Tarix nuqtai nazaridan ham, sotsiologiya nuqtai nazaridan ham ajdodlar qilgan ishi uchun avlodlar javob bermaydi. Armanlar hodisasi qanchalik haqiqatga yaqin yoki yo‘q, buni bilmayman, lekin faqatgina armanlar voqeasiga yopishib olib, Turkiyaga qarshi kurashish ham to‘g‘ri emas”, - deydi tarixchi.
Iqboljon Usmonovning fikriga ko‘ra, tarix javob beriladigan emas, ibrat olinadigan narsa.
“Qatliomlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bunga tarixda misollar talaygina, - deydi tarixchi. - Eski va o‘rta davrlarni qo‘ya turing, yangi davr AQSh, Fransiya, Ispaniya, Germaniya tarixiga nazar tashlasak, qanchadan-qancha ayanchli hodisalarga guvoh bo‘lamiz. Hech bir davlatning tarixi oppoq emas”, - deydi u.