O’zbekiston rasmiysining aytishicha, mamlakat diniy erkinlik bo’yicha BMT tavsiyalarining deyarli barchasini bajarib bo’lgan. Inson huquqlari bo’yicha milliy markaz direktori Akmal Saidovga ko'ra, O’zbekiston diniy erkinlik masalasida BMT tomonidan berilgan 52 ta tavsiyaning 51 tasini amalga oshirgan; faqat vijdon erkinligi va diniy tashkilotlarga doir qonunni yangi tahrirda qabul qilish vazifasigina qolgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu ma'lumot Toshkentda AQSh va O’zbekiston ekspertlari ishtirokida ish boshlagan “Din va qonun ustuvorligi” nomli ilmiy-amaliy seminarda taqdim etildi.
Seminar ikki davlat mutaxassislarining o’zaro tajriba almashishi, diniy erkinlik va qonunchilik sohasiga oid hamkorlikni muhokama qilish uchun tashkil qilingan.
Diniy erkinlik ta’minlanishi bo'yicha AQSh tomonidan yaqingacha alohida tashvishga molik davlatlar qatorida ko’rib kelingan O’zbekistonda bu masala bo'yicha vaziyat hanuz muammoli ekani aytiladi.
Rasmiylar bayonotiga ko’ra, mamlakatdagi diniy erkinlik, qonunchilikka doir vaziyat tobora xalqaro mezonlarga muvofiqlashib bormoqda.
BMT Maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahidning 2017-yil O’zbekistonga qilgan safari davomida berilgan tavsiyalar e’tiqod erkinligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlarni nazarda tutadi.
BMT o’z tavsiyalari bajarilishi yuzasidan hozircha biror munosabat bildirmagan. Ta’kidlanishicha, Maxsus ma’ruzachi Ahmad Shahid O’zbekistonga qayta taklif qilingan.
BMT taqdim etgan 52 tavsiyaning 51 tasi bajarilgani yuzasigan berilgan bayonotga turlicha munosabat bildirilmoqda.
Diniy faollar ijobiy o’zgarishlar emas, aksincha, vaziyat yana yomonlasha boshlagani haqida gapirmoqda.
Shvetsiyada yashayotgan dindor faollardan biri Muhammadsolih Abutovga ko’ra, bajarilgani ta’kidlanayotgan tavsiyalarning ayrimlari o’n yillar muqaddam ham mavjud edi.
“Qaysi tavsiya qanday bajarilgani noma’lum, asosan umumiy gaplar. Lekin ayrim tavsiyalar 2000-yillardan aytib kelinayotgan edi. Masalan, qiynoqlarni to’xtatish, “Jasliq” qamoqxonasini yopish talabi. Mirziyoyev davrida bu qamoqxona yopildi deyishyapti. Lekin aslida unday emas, undan faqat diniy ayblov bilan qamalganlar olib chiqib ketildi, bir umrlik qamoq jazosini o’tayotganlar hamon shu qamoqxonada saqlanmoqda. Ahmad Shahid Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so’ng bordi, chunki Karimovdan keyin xalqaro aloqalarda perezagruzka kerak edi. Uni yaxshi kutib olishdi, hukumatning dinga nisbatan siyosati o’zgarayotganiga ishontirishdi. Ammo haqiqatda vaziyat o’zgargani kuzatilmadi. Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so’ng din sohasidagi aniq o’zgarish “Qur’on” musobaqasining o’tkazilishi, prezidentning dindorlar bilan uchrashishi, iftorlik berishi bo’ldi. Shuningdek, Mirziyoyev “qora ro’yxatlar” tugagani, dindorlar qamoqdan chiqarilishini aytdi. Ammo diniy siyosatda ikki yil davom etgan bu o’zgarishlar ortidan yana ortga qaytish boshlandi. Prezident dindorlarga qarshi kurashish uchun maxfiy farmon imzolagani ochiqlandi”, - deydi Abutov.
O’zbekiston prezidenti mamlakatdagi diniy vaziyatni sog’lomlashtirish yuzasidan maxfiy qaror qabul qilgani haqida oktabr oyida “Ozodlik” radiosi xabar bergan edi.
Dindorlar ustidan nazoratni kuchaytirish choralari belgilangan bu qaror hozirgacha diniy siyosatni yumshatish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarning inkori sifatida baholanmoqda. Mamlakatdagi dindorlar qatlami nishonga olingan maxsus qarorda amaldorlar, rahbarlar o’rtasida dinga moyillarini aniqlash yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatiga topshiriqlar ham berilgan.
“Bu maxfiy qaror yana o’sha Mirziyoyevning o’zi bekor qilgan qora ro’yxatlar tiklanishini anglatmoqda. Bu maxfiy qaror xalqaro miqyosda Mirziyoyevni islohotchi sifatida taqdim etgan barcha ishlar, diniy siyosatdagi o’zgarishlar bekor qilinganidan darak. O’zbekiston musulmonlar idorasi Karimov davridagi kabi mutlaqo maxfiy xizmatlar ixtiyoriga topshirildi”, - deydi Abutov.
O’zbekiston hukumati shunday qaror mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan biror izoh bermagan. Ammo so’nggi paytda mamlakatda diniy ayblovlar bilan hibsga olish holatlari ko’paygani aytiladi. Huquq-tartibot idoralari bu hibslarni diniy siyosatdagi o’zgarishlar suiiste’mol qilinayotgani, aqidaparastlikka undovchi harakatlar kuchaygani bilan izohlamoqda.
“O’zbekistonda hozircha diniy erkinlik ham, siyosiy erkinlik ham yo’q. Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon xorijdagi siyosiy, diniy muxolifat ham mamlakatga kiritilmadi. Dindorlarni siyosiy harakatda ayblash mutlaqo noto’g’ri. Bizda siyosiy islom yo’q. “Hizbutlar” yoki boshqalarni qog’oz tarqatishi bu siyosiy harakat emas. Mana ular G’arbda bemalol yurishibdi, hech kim qaramaydi, o’qimaydi ham. Ya’ni maxfiy qaror aynan shu kabi guruhlarni ro’kach qilib qabul qilingan bo’lsa, bu mutlaqo asossiz”, - deydi Abutov.
BMT tavsiyalari bajarilgani haqidagi bayonotda aytilishicha, amalga oshmagan so’nggi tavsiya - Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risidagi qonunni yangi tahrirda qabul qilish rejada, ammo bu vaqt talab etadigan jarayon.