NATO bo'yicha bahsda Fransiya AQShni tanqid qildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoga ko’ra, NATO insoniyat tarixidagi eng muhim strategik sherikchilikka asos solgan blok. Oliy martabali diplomat 7-noyabr kuni Germaniyada Berlin devori qulaganligining 30 yilligiga bag’ishlangan tadbirda ana shunday bayonot berdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ko’ra, AQShning o’z majburiyatlarini bajarmayotgani NATOni jar yoqasiga yetaklamoqda.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Germaniya sharqidagi Leypsig shahrida nutq so’zlar ekan, 30 yil muqaddam Berlin devorining qulashida NATO muhim rol o’ynaganiga urg’u berdi. Diplomatga ko’ra, harbiy blok dunyoda bugun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

“1989-yilda Berlin devorining qulashi va 1990-yilda Germaniyaning qayta birlashishida demokratik qadriyatlarga ega xalqlarning birdamlikdagi intilishi muhim rol o’ynagan. Ular ta’minlagan ozodlik eng qiyin vaziyatlarda millionlab odamlarga najot bo’ldi. Menimcha, NATO insoniyat tarixida qayd etilgan eng muhim strategik sherikchilikka asos bo’lgan blok”, - dedi Pompeo.

AQSh davlat kotibi NATO faoliyatiga yuksak baho berar ekan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mutlaqo boshqa fikrda. “Ekonomist” jurnaliga bergan intervyusida Makron NATOning jar yoqasida ekani va Yevropa o’z mudofaasi borasida AQShga tayana olmasligiga urg’u berdi. Shuningdek, Makron NATOning Yevropadagi ittifoqchilari uyqudan uyg’onmasa, o’z taqdirini o’zi belgilash huquqidan ayrilib qolishi mumkinligini ta’kidladi.

Germaniya kansleri Angela Merkel Makronning fikriga qo’shilmadi.

“Fransiya prezidenti keskin munosabat bildirdi. Mening NATOga oid fikrim o’zgacha. Muammolar bor, birdamlik kerak. Biroq bunday keskin xulosaga hojat yo’q”, - dedi Merkel.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg blok qudratini yuksak baholadi.

“Men Yevropa birligini qo’llab-quvvatlayman. Biroq Yevropa birligi, transatlantik birlik o’rnini bosa olmaydi”, - dedi u.

Prezident Donald Trampning AQSh kuchlarini Suriyadan qaytarishga oid kutilmagan qarori yana bir ittifoqchi Turkiyaning qo’shni davlatga kirishiga zamin yaratdi. Vaziyat keskin munozaralarga sabab bo’ldi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibiga ko’ra, Makron NATOning joriy holatiga to’g’ri baho bergan.

Saylov kampaniyasida Tramp NATOning talab darajasida ishlamayotganiga urg’u berdi. Yevropadagi ittifoqchilar mudofaa uchun yalpi ichki mahsulotining ikki foizini ajratish majburiyatini bajarmayotganidan arz qildi.

Pompeoga ko’ra, bunday chaqiriq AQShning blokni mustahkamlashga intilayotganini isbotlaydi.