Bosh prokuratura: Ortiqxo'jayev harakatida jinoyat alomati yo'q

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jayev Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan (arxiv)

Bosh prokuratura Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevning jurnalistlarga qilgan tahdidi va haqoratlarida jinoyat alomatlarini topmagan.

Lekin jurnalistlar bilan qo'pol muomalada bo'lgani uchun hokimga nisbatan intizomiy javobgarlik masalasini ko’rib chiqish yuzasidan hukumatga murojaat qilingan.

O’zbekiston Bosh prokuraturasi jamoatchilikda keskin norozilikka sabab bo’lgan hokim va jurnalistlar mojarosi yuzasidan shunday xulosa bergan. 27-noyabr kuni e’lon qilingan bayonotni jurnalistlar norozilik bilan qarshilashgani kuzatiladi.

Bosh prokuraturaning “Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan J.Artikxodjaevga tegishli audioyozuvdagi holatlarni tekshirish yuzasidan bayonot”ida, Toshkent shahar hokimi, senator Artikxodjayevga tegishli audioyozuvlar 16-noyabr kuni tarqalgani, bu yozuv jurnalistlar, blogerlar, siyosiy partiyalar va xalqaro tashkilotlarning keskin tanqidiy muhokamalariga sabab bo’lgani aytiladi.

Bosh prokuratura ushbu holat yuzasidan JPK 329-moddasiga muvofiq tergovga qadar tekshiruv o’tkazgan.

“Tergovoldi tekshiruvida aniqlanishicha, J.Artikxodjaev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalariga rioya qilmasdan, haqoratli va qo‘pol so‘zlarni ishlatgan. Biroq, uning nojo‘ya so‘zlari umumiy tarzda aytilgani, muayyan shaxsga qaratilmaganligi, real tahdid yo‘qligi bois, J.Artikxodjaevning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas. Shu sababli JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, “Kun.uz” tahririyati xodimlari J.Artikxodjaevga nisbatan da'vo yoki e'tirozlari yo‘qligini bayon qilishdi”, degan xulosaga kelgan O’zbekiston Bosh prokuraturasi.

Bayonot mojaroning kelib chiqishi tarixi – shu yilning 14-avgust kuni “Kun.uz” jurnalistlari shikoyat arizasiga munosabat olish uchun hokimiyatga kelishgani, hokim o’rinbosari A.Vahobov tomonidan qarshilikka uchrashgani, videotasvirga olishga to’sqinlik qilingani, bu borada e’lon qilingan maqola jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo'lganini eslatib o’tadi.

Bu voqeaning ertasiga Toshkent shahar hokimining vaziyatni yumshatish haqidagi topshirig’iga binoan hokimlikning matbuot xizmati boshlig’i L.Sobirova, shahar hokimi o'rinbosari A.Vahobov va “Kun.uz” jurnalistlari B.Ahmedov, R.Isroilov va Sh.Egamberdiyev o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tadi.

Prokuraturaga ko’ra, bu uchrashuvda tahririyat xodimlari A.Vahobovning uzridan qoniqmagan, shundan so’ng voqeaga bino yo’lagida tasodifan paydo bo’lgan hokim Ortiqxo’jayev aralashgan.

“Shunda J.Artikxodjaev ular bilan muloqotda muomala madaniyatidan chetga chiqqan holda, internet nashrlariga nisbatan o‘zining salbiy munosabatini ifodalab, go‘yoki ularni sharmandali vaziyatlarga tushirish imkoniyatiga egaligini, lekin u bunday tarbiyalanmaganligi va buni xohlamasligini bildirgan”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Prokuratura ushu jarayonda “Kun.uz” muxbiri B.Ahmedov noqonuniy ish tutganiga, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to’g’risidagi” Qonun talablariga zid ravishda uchrashuvni ogohlantirmasdan, xufiyona yozib olganiga, noqonuniy yo’l bilan yozib olingan axborot yo’q qilinmaganiga diqqat qaratadi.

Natijada ikki soat davom etgan uchrashuvning nojo’ya so’zlardan iborat bir yarim daqiqalik qismi montaj qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan, keyinchalik “Kun.uz” o’z aybini anglagan holda audioyozuvning Ortiqxo’jayevga tegishli qismini to’liq e’lon qilgan.

Kuzatuvchilar fikricha, Toshkent shahar hokimiyati binosida rasmiy amaldorlar va jurnalistlar o’rtasidagi yozuvning, xususan, tahdidlar aks etgan bayonotning qanchalik xufiyona va qonunga xilofligi bahsli masala. Hokim va jurnalistlar mojarosi yuzasidan tekshiruv o’tkazishni talab qilgan vakolatli rasmiy idora - Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hozircha prokuratura bayonoti yuzasidan izoh bermagan.

Hokim Jahongir Ortiqxo’jayevning jurnalistlarga tahdidi jinoyat ishi qo’zg’atishga asos emasligi haqida qarorga kelgan Bosh prokuratura Toshkent shahar hokimi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari”ni buzganligini inobatga olib, uning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun hukumatga murojaat qilgan.

Bosh prokuraturaning bu bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa jurnalistlar tomonidan norozilik bilan kutib olindi.

Taniqli jurnalist Karim Bahriyev jurnalistlarni "itning bolasi" deb haqorat qilgan hokimga nisbatan da’vo yo’q deb topilganidan hayratga tushgani, butun bir kasb egalarini haqoratlagan hokimga chora ko’rishni so’rab jamoatchilik, O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham murojaat bilan chiqqanini eslatdi.

“Kun.uz” tahririyati prokuratura bayonotiga biror munosabat bildirmagan, ammo bu bayonot chiqishidan bir muncha avval tahririyat jurnalisti Shuhrat Shokirjonov mojaroga nisbatan munosabat bildirar ekan, prokuratura hokimga nisbatan chora ko’rishiga ishonmasligi, “Osmon - uzoq, yer - qattiq”ligi haqida yozgan edi.

Bosh prokuraturaning bu bayonoti Prezident Shavkat Mirziyoyev matbuotchilar bilan munosabatda oddiy muomala madaniyatini, ma’naviyatni unutib qo’yayotgan amaldorlarni tanqid ostida olishi ortidan kuzatilmoqda.

Davlat rahbari bu bayonotida Toshkent shahri hokimi nomini tilga olmagan, ammo jamoatchilik munosabat u bilan bog'liq mojaroga nisbatan yangraganini tushungan edi.