Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Tehronda Afg'onistonning Tolibon isyonchi guruhi yetakchilari bilan muloqot o'tkazdi. Uchrashuvda Afg'onistonda tinchlik o'rnatish masalalari muhokama qilingan.
Tolibonning Qatarda joylashgan idorasi rahbari Mulla Abdul G'ani Birodar delegatsiyaga yetakchilik qilgan.
Sentabrda AQSh bilan tinchlik muloqoti to'xtab qolgandan beri Tehron Tolibon vakillari bilan ikkinchi marta uchrashmoqda.
Navbatdagi muloqot AQSh Mudofaa razvedka agentligi Eronni isyonchi guruhga harbiy aslaha yetkazib berayotganlikda ayblashidan bir hafta o'tib yuz berdi.
Eron matbuotining yozishicha, Tolibon bilan muloqotda Javod Zarif afg'onlar ishtirokida, barcha tomonlarni qamrab oluvchi hukumat yaratish yo'lida muloqotni boshlashga undagan.
Bu jarayonda Tehron yordam berishga tayyor ekanini bildirgan. Muloqotning keyingi bosqichlariga Tolibon, rasmiy Kobul va Afg'onistonning boshqa ta'sirchan siyosiy kuchlarini ham jalb qilish ko'zda tutilgan.
Eronning "Press TV" kanali xabariga ko'ra, Zarif Tolibonga "afg'onlararo murosa muloqoti ortidan xorijiy kuchlarni Afg'onistondan chiqarishga olib boruvchi hamkorlikni istovchi barcha tomonlarni" qo'llab-quvvatlashga Tehron tayyor ekanini yetkazgan.
"Erondan harbiy yordam"
Pentagon shu oy boshida Mudofaa razvedka agentligining Eron harbiy qudratiga oid hisobotini e'lon qildi. Unga ko'ra, AQSh va G'arbning Afg'onistondagi ta'sirini kamaytirish uchun Tehron Tolibonni qurol-yarog' va harbiy tayyorgarlik bilan ta'minlamoqda.
Ayni paytda bu harbiy yordamdan maqsad mintaqada IShID hamkorlariga qarshi kurash hamda Kobuldagi siyosiy jarayonlarga Eron ta'sirini oshirish, deyiladi hisobotda.
Yana unda yozilishicha, Tolibon Eron rahnamoligiga uncha ro'yxushlik bildirmaydi, ammo tomonlar umumiy dushmanga qarshi kurashayotgani uchun hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor.
"Tehron Tolibonning hokimiyatga qaytishini istamaydi, ammo kelajakdagi hukumatda ishtirok etib qolsa, ta'sirga ega bo'lish uchun aloqani ushlab turibdi", - deyiladi hisobotda.
Eron ham isyonchilar bilan, ham Afg'oniston hukumati bilan aloqa olib boradi, maqsad har ikkisi bilan ham yaxshi munosabatni saqlab qolish, deyiladi AQSh Mudofaa razvedka agentligi hisobotida.
Tolibon Eron yoki Pokistondan harbiy yordam olayotganini inkor etadi. Guruhga ko'ra, bu da'volar AQSh boshchiligidagi bosqinchilarga qarshi jihodni va Tolibonni yomonotliq qilishga qaratilgan propagandadan boshqa narsa emas.