AQShning Afg’onistondagi qo’shinlari bosh qo’mondoni general Skott Miller Juzjon viloyatiga safar qilib, mamlakat prezidenti birinchi o’rinbosari o’zbek generali Abdul Rashid Do’stum bilan uchrashdi.
Uch soat davom etgan uchrashuvda Markaziy Osiyo bilan chegaradagi viloyatlar xafsizligini yaxshilashga qaratilgan harbiy operatsiyalar o’tkazish masalasi bosh mavzu bo’lgan.
“Safardan maqsad shimoliy viloyatlardagi vaziyatni yaxshilash va qo’shma harbiy amaliyot boshlash”, - dedi AQShning Afg’onistondagi qo’shinlari bosh qo’mondoni Skott miller.
Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do’stum shimoliy viloyatlardagi vaziyat o’ta og’ir ekanini aytadi.
“General Miller va Afg’oniston mudofaa vaziri bilan bahslarimiz davom etadi. O’ylaymanki, xalqning mummolarini hal qila oladigan rejalar ishlab chiqamiz”,- dedi general Do’stum.
Afg’oniston mudofaa vaziri Asadulloh Xolid shimoliy viloyatlar xavfsizligi bo’yicha e’tibor oshirilishini bildirgan.
“Ko’p vaqtdan beri Tolibon qo’lida bo’lgan hududlarni qaytarib olish uchun jiddiy harakat qilayapmiz. Shimoliy viloyatlarda o’tkaziladigan operatsiyalar ijobiy natija beradi degan umiddamiz”,- deydi Asadulloh Xolid.
Afg’oniston shimolida vaziyat haqiqatdan ham og’ir. Magistral yo’llar notinch, qator tumanlar Tolibon nazoratida. Hozirgacha o’tkazilgan harbiy operatsiyalar qoniqarli natija bermagan.
Markaziy Osiyo bilan chegara Badaxshondan Hirotga qadar tahlikali. Noyabr oyida Tojikistonda harbiy bazaga hujum qilgan jangarilar Afg’onistonning Badaxshon viloyatidan o’tgani iddao qilingan edi.