Misr hukumati so'nggi paytlarda jurnalist va faollarga bosimni oshirgani xabar qilinmoqda. Boshqaruv tobora avtoritarlashib borayotgan mamlakatda so'z erkinligining taqdiri yuzasidan huquq faollari xavotiri oshib bormoqda.
Faollarning aytishicha, hukumat terrorga qarshi qonunlarni jurnalistlar, faollar va muxolif guruh vakillariga qarshi qo'llamoqda.
O'tgan hafta xavfsizlik kuchlari mamlakatdagi sonli mustaqil ommaviy axborot vositalaridan biri "Mada Masr" nashri ofisida tintuv o'tkazgan. Bunga Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissining o'g'li Mahmud Al-Sissi haqida chiqqan maqola sabab bo'lgani aytilmoqda.
Mahmud al-Sissi mamlakat razvedka xizmatidagi yuqori lavozimli ishdan olinib, harbiy attashe sifatida Rossiyaga jo'natilgan.
Nashr saytida chop etilgan bayonotga ko'ra, reyd zo'ravon tusda o'tgan va ofisdagi barchaning telefon va kompyuterlari tortib olingan. Uch kishi, xususan, bosh muharrir Lina Attalah va muxbirlar Muhammad Hamama hamda Rana Mahmud hibsga olingan.
Mahmud al-Sissining vazifasidan olinib Moskvaga jo'natilishini hukumat Rossiya bilan aloqalarni yanada yaxshilash maqsadida qilingan ish sifatida ko'rsatishga urinmoqda. Hukumatdagi manbalarning mahalliy matbuotga aytishiga qaraganda esa, prezidentning o'g'li yuqori lavozim vazifalarini kutilgandek bajara olmagani va xatti-harakati prezident obro'siga salbiy ta'sir qilishni boshlagani uchun ishdan bo'shatilgan.
AQSh munosabati
Qohirada jurnalistlarning hibsga olinishi va ular idorasining reydga uchrashi Vashington e'tiroziga sabab bo'ldi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo hibsdagi jurnalistlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.
"Misr bilan mavjud uzoq muddatli strategik hamkorligimiz doirasida biz inson huquqlari, umumbashariy erkinlik va barqaror fuqarolik jamiyatini hurmat qilishga chaqirib, ularning ahamiyatini ta'kidlashda davom etamiz", - dedi Pompeo.
"Biz Misr hukumatini matbuot erkinligini hurmat qilishga va o'tgan hafta reyd davomida hibsga olingan jurnalistlarni ozod qilishga chaqiramiz", - deya qo'shimcha qildi davlat kotibi.
Uch jurnalist shunday so'ng ozodlikka chiqarilgani xabar qilindi, ammo ularning qayerda ekani noma'lum.
Parallel sud
"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti o'tgan hafta e'lon qilgan hisobotga ko'ra, Misr Bosh prokuraturasining bir qismi hisoblangan Oliy davlat xavfsizlik prokuraturasi terrorga qarshi qonunlardan muxolif fikrli fuqarolar ovozini o'chirish maqsadida foydalanmoqda.
"Bugun Misrda Oliy davlat xavfsizlik prokuraturasi terrorizm ta'rifini kengaytirib, tinch namoyishlar, ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar va qonuniy siyosiy faoliyat turlari hamda hukumatni tinch yo'l bilan tanqid qilish harakatlarini davlatga dushmanlik sifatida baholamoqda", deyiladi hisobotda.
Favqulodda vaziyat
"Human Rights Watch" tashkilotining Misrni o'rganuvchi tadqiqotchisi Amr Magdining aytishicha, xavfsizlik idoralari favqulodda vaziyatga oid tartib asosida keng vakolatlarga ega va milliy xavfiszlikka tahdid sifatida ko'rilgan istalgan shaxs yoki tashkilotni tazyiq ostiga olishlari mumkin.
"Bu hibslar orqali biz ko'rayotgan narsa shuki, o'zini tanishtirmaydigan xavfsizlik xodimlari muntazam reydlar o'tkazadi; hibsga olish haqida order ham ko'rsatishmaydi. Uylarni zo'ravonlik bilan tintishadi; pasport, noutbuk, shaxsiy buyumlar va pullarni tortib olishadi va prokuror idorasida tortib olingan buyumlar ro'yxatida ular ko'rinmaydi", - deydi u.
Magdining qo'shimcha qilishicha, odata, hibsga olingan odamlar qamoqdan oldingi bosqich degan jarayondan o'tadi va bu bir necha hafta yoki oylar davom etishi mumkin. Ayblov e'lon qilinganda esa, ko'pincha, u terrorizm yoki ekstremizmga aloqador bo'ladi.
Misrda 2017-yil aprel oyida yuz bergan terror xuruji ortidan favqulodda holat e'lon qilingan. O'shanda ikki cherkovda portlash yuz berib, kamida 45 kishi o'lgan, yuzdan ortiq odam yaralangan edi. Xuruj uchun mas'uliyatni IShID o'z zimmasiga olgan.
Har uch oyda favqylodda vaziyat muddati uzaytirib borilmoqda. O'tgan oy uning muddati 10-marta uzaytirildi.
Oila a'zolarini nishonga olish
Hukumatning ba'zi tanqidchilari mamlakatni tark etgan. Xavfsizlik kuchlari endi ularning oila a'zolarini nishonga olayotgani aytiladi.
O'tgan oy Misk xavfsizlik kuchlari Amr Abu Xalilning Aleksandriya shahridagi psixiatriya klinikasida reyd o'tkazgan.
Mamlakatda taniqli psixiatr Abu Xalil ota-onasining oldida ofisidan sudrab olib chiqilgan.
Abu Xalil Turkiyada istiqomat qiluvchi jurnalist va Misr hukumati tanqidchisi Xaysam Abu Xalilning ukasi hisoblanadi. Xaysam Abu Xalil 2014-yil Aleksandriyadagi inson huquqlariga oid tashkiloti yopilgandan so'ng Turkiyaga chiqib ketgan edi.
"Xavfsizlik kuchlari onamning uyini ham tintuv qilib, singillarimni dahshatga soldi. Keyin ukamni olib ketishdi. Tor't kungacha uning qayerdaligini bilmadik. So'ng ukam Misr Oliy davlat xavfsizlik prokuraturasi oldida paydo bo'ldi. Hozir al-Aqrab qamog'ida og'ir ahvolda saqlanmoqda", - dedi Turkiyada yashovchi Abu Xalil.
Al-Aqrab qamog'i Qohira janubida joylashgan bo'lib, nazorat eng yuqori darajadagi jazoni ijro etish muassasasi hisoblanadi.
Abu Xalilga ko'ra, hukumat hech qanday tanqidga toqat qila olmaydigan darajaga yetgan.