Vashingtonda Falastin madaniyat muzeyi ochildi

G'azodan topilgan ko'hna buyumlar

Falastinliklar, deganda ko’plab amerikaliklar Isroil bilan mavjud bir necha o’n yillik mojaroni ko’z oldiga keltiradi. Vashingtonda ochilgan bir muzeyda bu xalqning ko’pchilik bilmagan qirrasi, madaniy merosi ko’z-ko’z qilinmoqda.

Ko’plab amerikaliklar uchun Falastin yoki falastinliklar Yaqin Sharqdagi tinimsiz urushdan boshqa narsani bildirmaydi. Shu bois Vashingtonda ochilgan Falastin xalqi muzeyi asoschilari bu maskanning tarixiy va madaniy hujjatlar makoni bo’lishiga e’tibor qaratdi.

“Falastinliklarni inson sifatida, ishbilarmon, san’atkor sifatida ko’rsatmoqchimiz. Shu bois bu muzeyni ochishga qaror qildim. Bu yer falastinliklar o’z hayotlarini gapirib beradigan joy”, - deydi muzey asosochisi Bshara Nassar.

Kelganlarning ko’zi birinchi bo’lib moviy suvdonga tushadi. U G’arbiy sohilda shishalari bilan mashhur bo’lgan Xevron shahri oynasidan yasalgan.

Muzey devorlari suratlar, rasmlar va falastinliklar hayotini aks ettiruvchi boshqa tasviriy san’at asarlari bilan bezalgan.

“Falastin tarixi haqida ko’p o’qiganman. Ularning madaniyatini ko’rishni xohlardim. Ularning kimligini, xalq sifatida o’zligini namoyon qiluvchi asarlar qo’yilibdi”, - deydi Sara ismli ayol.

“Men o’rgangan yana bir narsa, bu kalitning ramziy ma’nosi bo’ldi. Falastinlik qochqinlar uylarining kalitlarini qoldirib ketisharkan”, - deydi muzeyga kelgan Mark ismli yana bir inson.

Falastin-Isroil mojarosi fonida muzeyni siyosiy loyiha sifatida ko’radiganlar ham yo’q emas. Tashkilotchilar bu da’voni rad etadi.

Muzeyda ko’ngilli sifatida ishlayotgan Hanadi maqsadi Falastin hududlari va mintaqa tarixi haqida odamlarga ko’proq ma’lumot berish ekanini aytadi.

Bshara esa muzey turfa odamlarni o’ziga jalb qilib, Falastinning boy madaniyati va tarixi haqida muloqot uyg’ota olishidan umidvor.