AQShda demokratlardan prezidentlikka nomzodlar qora tanli aholi ovozini to’plashga intilmoqda. Jumladan, sobiq vitse-prezident Jo Bayden ham. Biroq yoshlar ichida biror qarorga kelmagan va demokratlarga u qadar xayrixoh bo’lmaganlar ham talaygina. “Amerika Ovozi” Janubiy Karolinada asosan qora tanlilar tahsil oladigan universitet talabalari bilan suhbatlashdi.
Ushbu qora tanli yoshlar kelasi yilgi saylovda ovoz beradi. Biroq hozircha sovuqqonlik hukmron.
“Nazarimda, nomzodlar Trampni mag’lub etish ilinjida. Biroq e’tiborni tortadigan biror g’oya bilan chiqishgani yo’q”, - deydi talaba Lamar Xenri.
“Bu safar avvalgi ikki saylovda, ya’ni Barak Obama prezidentlik uchun kurashgan paytdagidek hayratda emasman”, - deydi yana bir talaba Monika Daniel.
Sobiq vitse-prezident Jo Bayden Janubiy Karolina demokratlarining 35 foiz quvvatloviga ega. Asosiy raqibi Elziabet Uorrendan 20 foiz ko’proq ko’rsatkich bu. Tahlilchilarga ko’ra, Jo Baydenning ilk qora tanli prezident Barak Obama bilan ishlagani aksariyati kelib chiqishi afrikaliklardan iborat Janubiy Karolinada muhim omil sanaladi. Biroq Janubiy Karolina Davlat universiteti talabalari demokratlar ichidan hanuz eng sarasini tanlab olishga ulgurmagan.
“Biror nomzodni dastaklayotganim yo’q. Garchi menga yoqqanlari bor ular orasida. Biroq ha, mana shu nomzod eng zo’ri, degan qarorim bo’lmadi. Eng sarasini tanlamoqchiman”, - deydi Royal Klemonts.
Prezident Donald Tramp ham qora tanli aholi quvvatloviga erishish uchun intiladi. Oq uyda o’tgan so’nggi uchrashuvlardan birida konservativ yoshlar qora tanli aholi ishsizligini rekord darajada qisqartirgani va universitetlarga ko’proq moliya ajratgani uchun Trampni olqishladi.
“Biz Tramp uchun kurashamiz. Qora tanlilarni dastaklagan shunday shaxs uchun kurashamiz”, - deydi Kendis Ouens.
Biroq demokratlar ichida afrikaliklar avlodi bo’lgan nomzodlarning omadi chopmayapti. Kaliforniya senatori Kamala Xarris nomzodlar maydonini tark etdi. Nyu-Jersi senatori Kori Bukerning nufuzi tushib ketgan.
Siyosatshunos professor Villi Blekga ko’ra, demokratlarning maqsadi mushtarak.
“Qora tanli saylovchilarni o’ylantirayotgan masala Trampni mag’lub etishga qodir nomzodni topishdan iborat”, - deydi olim.
Yoshlarni jalb etish uchun bu kamlik qiladi, nomzodlar ularning ovozi uchun kurashishi kerak, deydi u.
“Nomzodlar yoshlarni o’ziga og’dirib oladigan darajada kuchli g’oyalarni ilgari surmayapti”, - deydi Blek.
Demokratlarni qo’llovchi saylovchilar yangilik kutmoqda. Ularning e’tibori ayni damda sog’liqni saqlash va iqtisodiy imkoniyatlar bo’yicha dadil taklif beradigan nomzodlarga qaratilgan.
“Sog’liqni saqlash eng muhim jabha. Ta’lim krediti qarzlaridan kechish ham muhim masala”, - deydi Kayla Xasti.
Partiyaning ilk saylovlarida qora tanlilar oz bo’lgan Ayova va Nyu-Xempshirda omadi chopmasa, Bayden Janubiy Karolinadan panoh topish umidida. Qora tanli yoshlar yakuniy qarorga kelmagan bo’lsa-da, ovozi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini biladi.