O’zbekiston rasmiylari parlament saylovlari yakunlanishi ortidan saylovdan chetlatilgan muxolifatga biror to’siq qo’yilmagani, O’zbekistonda siyosiy muxolifatga yo’l ochilayotgani haqida bayon qildi.
Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Mirzo-Ulug’bek Abdusalomov “Erk” va “Birlik” partiyalari qaytib, qayta ro’yxatdan o’tishi mumkinligiga ham ishora qildi.
Abdusalomov “Qalampir.uz” nashriga bergan intervyusida saylovda qatnashgan 5 ta partiyadan birortasi muxolifatga aylanishi ehtimoliga ham to'xtalib o'tgan.
Uning aytishicha, buning uchun, ya’ni siyosiy muxolifatning yuzaga chiqishi uchun tayyorgarlik ko’rish kerak; siyosiy partiyalar haqidagi qonunga o’zgartirish kiritilishi, muxolifatni himoya qilish, tazyiq o’tkazmaslik qonun normalarida belgilanishi kerak. Shundagina haqiqiy muxolifat paydo bo’ladi; bu kun tartibida “pishib” kelayotgan masala, dedi u.
15 yildan buyon MSK raisi bo’lib kelayotgan Abdusalomovning o’zbek muxolifatiga doir qarashlari quyidagicha:
“Mana hozir savol berishdi: “Siyosiy partiya paydo bo‘lsa, u ro‘yxatdan o‘tadimi?” Albatta o‘tadi. Hech qanday chegara yo‘q. Ilgari bo‘lgandir. Chet eldan “bizni partiya qatnashmadi” deyishyapti. U partiya o‘zi bormi? Bir vaqtlar “Erk”, “Birlik” degan tashkilotlar paydo bo‘lgan. Balki kelishib, ro‘yxatdan o‘tib, yangidan harakatga kirishsa, boshqa siyosiy partiya va oqimlar paydo bo‘lishi mumkin”.
O’zbekiston parlamenti uchun saylovlar muxolif partiyalar ishtirokisiz o’tgani Abdusalomov bayonotida ham tan olinmoqda, ammo bunda hukumat emas, muxolifatning o’zi aybdor ko’riladi.
“Amerika Ovozi” parlament saylovlari arafasida o’zbek muxolifatining bir nechta faollari bilan gaplashgan, ular imkoniyat taqdim etilsa saylovlarda ishtirok etish qarorida ekanliklarini bildirgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Parlament saylovlarida ishtirok etishi haqida bayonot bilan chiqqan o’zbek muxolifatining bu rejasi xorijga quvilgan muxolifat uchun O’zbekiston eshiklarining yopiq qolishi, qaytishga qaror qilgan xorijlik faollarning Toshkent aeroportidan ortga deportatsiya qilinishi, amaldagi hukumat siyosiy islohotlarga qo’l urmagani ortidan kuzatildi.
Buni ham ko'ring O'zbekistonda yangi partiya - nima foyda?MSK rahbarining muxolifatga doir bayonot bilan chiqayotgani mamlakatda siyosiy muxolifat tashkil etilishi mumkin degan mulohazalarni o'rtaga chiqardi.
Abdusalomov nazarida, agar Xalq demokratik partiyasi (XDP) o’zini siyosiy muxolifat deb e’lon qilsa, katta siljish qilish mumkin. XDP obro’li partiyalardan, faqat siyosiy partiyaning dasturini qaytadan ko’rib chiqish, qat’iy o’zgarishlar belgilash lozim bo’ladi, deydi u.
Parlament saylovlari davomida muxolif partiyalar ishtirokiga ruxsat berilmaganiga doir masala bir necha bor ko’tarildi. Avvalroq bu masalaga Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev ham izoh berib o’tgan edi.
“Meni muxolifatning yo‘qligi xavotirga solmayapti. Agar hozirgi zamonda qandaydir sun'iy muxolifat partiya paydo bo‘lganda, mana shu meni xavotirga solgan bo‘lardi. Hech qachon sun'iy tashkil qilingan yoki olib kelingan muxolifat partiyasi ish bermagan va bermaydi. Muxolifat bu jamiyatning ichki palagidan tabiiy o‘sib chiqishi kerak. Bu muxolifat xalqning orzu-umidlarini ifodalay olishi kerak. Yana hukumat o‘zi muxolifat partiyani ta'sis etishi kerak, degan ayrim fikrlarni eshityapman. Bu g‘ayritabiiy”, - degan edi Sodiq Safoyev matbuotdagi intervyusida.
Ba'zilar fikricha, MSK rahbari tomonidan XDPning siyosiy muxolifatga o’tishi ehtimoli katta siljish sifatida baholanishi Safoyev ta’kidlayotgan “g’ayritabiiylik” haqiqatda hukumat doirasida muhokama qilinayotganidan darak beradi.
Shunday bo’lgan taqdirda parlamentga kirgan partiyalardan biri siyosiy muxoliflikka o’tganiga doir bayonot bilan chiqishi haqiqatga yaqindek.
Muxolifatga doir mulohaza bildirgan o’zbek rasmiylari Mirzo-Ulug’bek Abdusalomov ham, Sodiq Safoyev ham siyosiy partiyalarni ro’yxatga olishga doir qonunchilikda o’zgarishlar qilish zarurligini chetlab o’tmagan.
Safoyev fikricha, O’zbekistonda “o’sib kelayotgan” muxolifatga to’siq bo’lmaslik uchun siyosiy partiyalarni ro’yxatga olish jarayonini qayta ko’rib chiqish kerak. Abdusalomov esa siyosiy partiyalarni ro’yxatga olishda biror to’siq yo’qligini, yangi siyosiy partiyalar ro’yxatdan o’tishi mumkinligini ta’kidlagan.
O’zbekistonda mustaqil, nodavlat tashkilotlarga nisbatan ma’muriy bosim, nazorat hamon mavjudligi aytiladi.
Mamlakatda uch yildan buyon davom etayotgan islohotlar davrida nodavlat tashkilotlarni Adliya vazirligi ro’yxatidan o’tkazish hamon jiddiy muammo.
Mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan bir guruh siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarildi, sobiq siyosiy mahbuslar o’z faoliyatlarini davom ettirish maqsadida “Adolatni qaror toptirish” nodavlat tashkilotiga asos solishdi.
Tashkilot faollariga ko’ra, hozirgacha nodavlat tashkilotni ro’yxatdan o‘tkazish maqsadida Adliya vazirligiga bir necha bor murojaat qilishgan, ammo vazirlik har safar turli sabablarni ro’kach qilib arizani qaytargan.
O’zbekiston davlat qurilishi konstitutsiyaga muvofiq demokratik asosda, ammo uzoq yillik turg’unlik davrida muxolifat tazyiq ostida bo’ldi, mamlakatdan quvg'in qilindi. Hukumat siyosiy rang-baranglik, demokratik ko’rinish uchun turli siyosiy partiyalarni tashkil etdi, bu partiyalarga saylovlarda muqobillik vazifasini o’tash yuklandi.
Mamlakatda hokimiyat o’zgarishidan so’ng o’tgan dastlabki parlament saylovlari ortidan yangrayotgan bayonotlar hukumat tizimidagi bu siyosiy partiyalarga erkinlik berilishi mumkinligi ishorasini ham bermoqda.