Sarimsoq savdosi: Xitoy bilan savdo urushidan yutgan biznes

  • Amerika Ovozi

“Kristofer Rench” xo’jaligida sarimsoqlar savdoga tayyorlanmoqda. Gilroy, Kaliforniya shtati.

2019-yil AQSh fermerlari uchun omadsiz keldi. Savdo urushi tufayli Xitoyga mahsulot sotish qiyinlashdi. Hosil ham ko’ngildagiday bo’lmadi. Biroq ayrim fermerlarga vaziyat, aksincha, omad olib keldi.

Kaliforniyaning Gilroy hududi Amerikada sarimsoqlar poytaxti sifatida nom qozongan.

Shahar bezaklarida ham sarimsoq aks etgan.

“Kristofer Rench” xo’jaligi 63 yildan beri sarimsoq yetishtiradi. Yiliga bir milliardga yaqin sarimsoqni savdoga chiqaradi.

Vahingtonning Xitoy bilan savdo urushidan ziyon ko’rgan fermerlardan farqli o’laroq, “Kristofer Rench”ning bu yil oshig’i olchi.

“Kristofer Rench” yiliga 50 ming tonnaga yaqin sarimsoq yetishtiradi. Hosilning yarmi to’g’ridan-to’g’ri savdoga chiqadi. Qolgan yarmi mana shu zavodda ishlanadi”, - deydi xo'jalik rahbari Ken Kristofer.

Tramp ma’muriyati Xitoy sarimsoqlariga ikki marta tariflarni oshirgach, “Kristofer Rench” xo’jaligi yangi yilda daromadining 30 foizga o’sishini kutmoqda.

Biroq biznes hamisha shunday omadli bo’lmagan.

“1994-yilda Xitoydan kuniga minglab tonna sarimsoq noqonuniy yo’llar bilan kirib kela boshladi. Kaliforniyada 12 ta xo’jalik sarimsoq yetishtirar edi. Hozir uchta qolgan”, - deydi Kristofer.

AQSh hukumati demping operatsiyalariga javoban Xitoy sarimsoqlariga tariflarni 377 foizga oshirdi. Bunda Kristoferning buvasi ham qisman rol o’ynadi.

Savdo urushiga qaramay, ayrim Xitoy eksportyorlari hanuz AQSh bozoriga kirishni uddalamoqda.

Kaliforniya sarimsoqlari Xitoydan import qilingan sarimsoqlardan to’rt marotaba qimmat.

Biroq amaldagi tariflarga ko’ra, qutisi 15 dollar bo’lgan Xitoy sarimsoqlari 45-50 dollarga chiqqan. Amerika sarimsoqlari esa 60 dollardan sotiladi.

“Yangi quritish texnologiyalariga sarmoya kiritib, ish hajmini ikki barobarga oshirayapmiz. Sarimsoq tozalash uskunalariga ham pul ajratilgan. Kechki smenalarni ham tashkil qilamiz”, - deydi Kristofer.

Savdo urushidan manfaatdor ozchilik bizneslar qatorida Kristofer tariflarga qarshi emas. Biroq erkin savdoni dastaklaydi.

“Erkin savdodan qo’rqmaymiz. Raqobatdan ham. Xususan, Argentina, Meksika va Lotin Amerikasi sarimsoqlari xalqaro tartib va qoidalar asosida bozorga kirib keladi. Afsuski, Xitoyga o’xshagan mamlakatlar tartib-qoidalarga amal qilmaydi”, - deydi u.

Tariflar Amerikada sarimsoq yetishtiruvchilarga qo’l kelgan bo’lsa-da, Kristofer AQSh-Xitoy savdo urushidan iqtisod zarar ko’radi deb hisoblaydi.