Vashingtonning mashhur muzeylaridan biri “Newseum” 31-dekabr kuni o’z faoliyatiga yakun yasadi. U 12 yil davomida jurnalistika va so’z erkinligi targ’iboti bilan shug’ullandi.
Muzeydan Berlin devori va 11-sentabrda vayron bo'lgan Nyu-Yorkdagi egizak binolar parchalari, Yugoslaviyadagi urushda jurnalistlarning pachaqlangan mashinasi, dunyoning nufuzli gazetalari bosh sahifalari kabi ko'plab noyob eksponatlar o’rin olgan.
“Muzeyga 10 milliondan ortiq odam tashrif buyurdi. Yarmi maktab o’quvchilari. Ularning Berlin devorini ko’rishi, Sovuq urush davri haqida o’rganishi yoki 11-sentabr xurujiga bag’ishlangan ko’rgazmalarimizni ko’rishi biz uchun katta rag’bat”, - deydi muzeyning jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha direktori Sonya Gavankar.
12 yil faoliyat yuritgan muzey kasodga uchradi. U joylashgan muhtasham bino Jons Xopkins universitetiga 372,5 million dollarga sotildi.
“Muzey g’oyasi 20 yil oldin asoschimiz Al Nyuhart tomonidan olg’a surilgan. Maqsad so’z erkinligi va jurnalistika san’ati haqida odamlarga bilim berish edi. G’oya dastlab Virjiniyaning Roslin shahridagi mo’jaz muzey bilan boshlandi. U yerda o’n yilcha ishlagach, so’ng Vashingtonga ko’chishga qaror qildik”, - deydi Gavankar.
Kapitoliyga yaqin binoni olish uchun millionlab dollar sarflangan. Orzu-umidlar ushalgan bo’lsa-da, muzey moliyaviy muammolarga yuz tuta boshladi.
“Matbuot va so’z erkinligi juda muhim. Shunday e’tiqodda ulg’ayganman. Lekin bizning mamlakatda ham so’z erkinligi xavf ostida. Bu qayg’uli”, - deydi muzey ziyoratchilari.
“Muzeyning yopilayotganidan taassufdaman. Bu yerda ko’p tarix hujjatlashtirilgan. Ko’plab muhim narsalarni boy beramiz va bu matbuot erkinligi qanchalik muhim ekanini ko’rsatadi”, - deydi yana bir ziyoratchi.
Muzeyning yopilishi AQSh an’anaviy jurnalistikasi uchun oson bo’lmagan bir davrga to’g’ri keldi. O'tgan 15 yil ichida 2000 dan ortiq gazeta yopilgan. Ommaviy so’rovga ko’ra, Amerika aholisining yarmidan ko’pi bugun matbuotga ishonmaydi. Bu ko’rsatkich 70-yillarida 70 foiz bo’lgan.
Jurnalist Ron Layns muzeyni ko’rish uchun Detroytdan ataylab keldi.
“Qiladigan ishimiz shu, shu narsa uchun kurashamiz. Faqat maqtov va mukofotlar olish uchun emas, balki so’z erkinligi muhimligini, jamoatchilik ovozi zarurligini ko’rsatish uchun”, - deydi u.
Muzey so’z erkinligi va jurnalistika targ’ibotini bundan buyon internet sahifasida onlayn davom ettirmoqchi.