Prezidentga qarshi impichment jarayonini boshlagan Senat shu kuni Donald Tramp uchun bir g’alabani taqdim etdi: Shimoliy Amerika savdo kelishuvi Senat tomonidan ma’qullandi. Yangi bitim AQSh, Kanada va Meksika o’rtasidagi 25 yillik Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvi o’rnini egallaydi.
Respublikachi va demokrat senatorlarning ko’pchilik ovozi bilan Shimoliy Amerika savdo bitimi Senat tasdig’idan o’tdi.
Xitoy bilan savdo bo’yicha dastlabki kelishuvga erishgan Prezident Tramp uchun bu navbatdagi g’alaba bo’ldi.
“Shu bitim tufayli o’rtacha iste’molchi uchun 2020-yil iqtisodiyoti kuchliroq bo’ladi. Salmoqli o’sish bo’lishini kutyapmiz’, - dedi AQSh Moliya vaziri Stiv Mnuchin.
Dastlabki qarshilik va bir qator muzokaralar ortidan demokratlar hamda kasaba uyushmalari ham bitimni yoqladi. Kelishuv AQSh, Kanada va Meksika o’rtasidagi 1,2 trillion dollarlik savdo qoidalarini belgilab beradi. To’siqlarini bekor qilish, bozorlarni ochish barobarida ishchi huquqlari ham himoya qilingan.
Ammo bitimning iqtisodiy ta’siri kamtarona bo’ladi. AQSh Xalqaro savdo komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, yangi kelishuv avvalgi bitim davridagi bir foizlik iqtisodiy o’sishning faqat uchdan birini beradi va 0,1 foiz qo’shimcha ish joyi yaratadi.
Lekin iqtisodiy foydadan ko’ra muhimroq omillar bor, deydi iqtisodchi Jefri Gertz.
“Kelishuvning asosiy afzalligi shundaki, Tramp bitimdan chiqadimi, degan xavotir va beqarorlik yo’qoladi. Bunday beqarorlik Shimoliy Amerika iqtisodiyoti uchun Xitoydan ham kattaroq falokat. Shu bois bitimga imzo qo’yilgani va Shimoliy Amerika iqtisodiyoti integratsiyasi davom etayotgani yaxshi”, - deydi u.
Shu yil qayta saylanishga umid qilayotgan Tramp uchun bu muhim siyosiy g’alaba.
“Xitoy bilan kelishuvda ham, bu bitimda ham masalaning siyosiy tomoni qiziqroq. Bu Tramp bergan va’dalarning ijrosiga o’xshaydi. Ko’p narsa o’zgarmagan bo’lsa ham, Tramp bu ishlarni g’alaba sifatida taqdim etadi”, - deydi Gertz.
Ekspertlarning aytishicha, bitim ishchilarning ba’zi huquqlarini kafolatlaydi, ammo kasaba uyushmalar boshida so’ragan ko’p talablar bajarilmagan.
Energiya kompaniyalariga berilgan yengilliklardan atrof-muhit faollari ham norozi.
Senatdagi demokratlar sardori Chak Shumerga ko’ra, sayyora yuzlashib turgan eng katta masala – iqlim inqiroziga bitim yetarli darajada e’tibor qaratmagan.