Donald Tramp Vakillar palatasida impichmentga uchragan uchinchi prezident sifatida allaqachon tarixga kirdi. Senatda oqlanishi imkoniyati yuqori ekan, u impichmentga uchragan holda qayta saylangan davlat rahbari sifatida ham tarixga kirish harakatida. Senatdagi tergov prezidentlik uchun saylov kampaniyasi davom etayotgan bir paytda boshlandi.
Impichment bilan yuzlashayotgan Donald Tramp tarafdorlariga saylovda g’olib chiqishini eslatishdan charchamaydi.
“Biz hokimiyatni sizga, Amerika xalqiga qaytaryapmiz. Sizning yordamingiz, sadoqatingiz va shijoatingiz bilan ishlashda, kurashishda va g’olib chiqishda davom etamiz”, - deydi u.
Nensi Fray kabi tarafdorlarning Trampga sadoqati cheksiz.
“Hamma qilayotgan ishi to’g’ri. Har kuni barchamiz uchun kurashyapti. Bunga qanday erishishini ham bilmayman, ammo u uddalaydi. O’ziga ham, bizga ham yaxshi”, - deydi Fray.
Vashingtondagi jarayon Trampning qayta saylanishiga ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Senatorlar Prezident Trampga qo’yilgan ayblovlarni ko’rib chiqmoqda. Demokratlarga ko’ra, Tramp qayta saylanish yo’lida Ukrainaga noqonuniy bosim o’tkazishga uringan.
“Bu ishi orqali Prezident Tramp, agar ishida qolsa, konstitutsiya uchun tahdid ekanini ko’rsatdi”, - deydi demokrat qonunchi Adam Shif.
Respublikachilar ayblovlarni keskin rad etmoqda. Senatdagi demokratlar sardori Chak Shumerga ko’ra esa, masala o’ta jiddiy.
“Tarixning yuki, tarixning ko’zi sizning ustingizda”, - dedi u.
Tramp Senatda oqlanishi va Oq uyda qolishi kutilyapti.
“Prezidentlar ko’p bo’lgan. Ba’zilari yaxshi, ba’zilari yomon. Hozir yaxshisiga erishdingiz, lekin shuni ham impichment qilishmoqchi, tasavvur qilyapsizmi?” - dedi Tramp.
Jarayonning qanday o’tishi prezidentning saylanish imkoniyatiga ta’sir ko’rsatishi mumkin, deydi tahlilchi Jon Fortye.
“Uning obro’si hech qachon hozirgidek yaxshi bo’lmagan, lekin ko’p emas. Respublikachi tarafdorlari doim sodiq, ammo ular soni oshmayapti. Prezident qayta saylanishi uchun bu raqamlar yana biroz yaxshilanishi kerak”, - deydi u.
Tahlilchi Jim Keslerga ko’ra, kuchli iqtisodiyot va qattiqqo’llik unga yordam beradi.
“Uning imkoniyatini past sanamagan bo’lardim. U doim bahsli prezident, bahsli nomzod bo’lgan. Lekin qarshi hujum qilishga juda usta”, - deydi ekspert.
Hans Noel fikricha, ko’pchilik impichmentning qanday tugashini kutmoqda.
“Tramp oqlanadimi yoki e’lon qilingan jinoyat va salbiy ishlar saylovchilarni unga qarshi qilib qo’yadigan darajada yomonmi? Masala shu haqda”, - deydi u.
Trampning Senatdagi taqdiri bir necha hafta ichida hal bo’ladi. Saylovchilar esa so’nggi hukmni noyabrda chiqaradi.