O'zbekistonda inson huquqlariga doir ayrim qonunlar o'zgaradi

  • Amerika Ovozi

O’zbekistonda “Siyosiy partiyalar to’g’risida”gi, “Vijdon va din erkinligi to’g’risida”gi kabi ayrim bahsli qonunlar qayta ko’rib chiqilishi kutilmoqda.

Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasinining milliy strategiyasini tasdiqlash to’g’risidagi qaror loyihasida ancha yillardan buyon fuqarolarning diniy, siyosiy erkinliklarni cheklab kelgani ta’kidlangan bir qator qonunlar va hujjatlar qayta ko’rib chiqilishi nazarda tutiladi.

O’zbekiston prezidenti qarori bilan tasdiqlanishi kutilayotgan Inson huquqlari bo’yicha milliy strategiya loyihasi uning davriy amaliyotiga qaratilgan “Yo’l xaritasi” bilan taqdim qilingan.

Strategiyani amalga oshirish 2020-2025-yillarga rejalangan, ammo siyosiy, diniy tashkilotlarga doir qonunchilikdagi asosiy o’zgarishlar 2020-yilning o’zida amalga oshirilishi kerak.

Loyihada shaxsiy va siyosiy huquqlardagi ustuvor yo’nalishlar sirasiga “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqish, propiska tizimini isloh qilishga qaratilgan fuqarolarning bir joydan ikkinchi joyga ko’chishi erkinligini ta’minlashga qaratilgan yangi qonun loyihasini ishlab chiqish kiritilgan.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining yangi tahririni tayyorlash ham 2020-yilda kutilayotgan o’zgarishlar qatorida. Jinoyat kodeksining yangi tahriri sud, tergov, hibs jarayonida shaxs huquqlarini kafolatlashga qaratilgan bir qator o’zgarishlarni inobatga oladi.

Hibs qilingan shaxs qarindoshini zudlikda xabardor qilish, mahkumlar huquqini himoya qiluvchi adabiyotlar chop etilishi, tarqatilishi shunday o’zgarishlar qatorida.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning yangi loyihasi ham 2020-yilda taqdim etilishi kutilmoqda. Loyiha Oliy Majlis qonunchilik palatalari, Vazirlar mahkamasi, Din ishlar bo’yicha qo’mita, Adliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Din erkinligi, diniy tashkilotlar faoliyatini belgilovchi amaldagi qonun e’tiqod, diniy tashkilot, uyushma va guruhlar faoliyatini cheklayotgani uchun jiddiy tanqid ostida ko’rib kelinayotgan edi.

Loyiha amaldagisidan nimalar bilan farq qilishi hozircha mavhum, ammo jamoatchilik yangi tahrirda diniy tashkilotlar faoliyati, e’tiqod erkinligi jiddiy kafolatlanishini kutmoqda.

Inson huquqlari bo’yicha strategiya raqamli jamiyat rivojlanayotganini inobatga olgan holda axborot olish, erkin fikr ta’minlanishiga qaratilgan Axborot kodeksi loyihasini ishlab chiqishni ham maqsad qiladi.

Strategiya doirasida ommaviy tadbirlar o’tkazish, shuningdek, “Mitinglar, yig’inlar va namoyishlar” bo’yicha qonun loyihasini ishlab chiqish DXX, Milliy gvardiya, IIV, FVV, Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga yuklatilgan.

“Mitinglar, yig’in va namoyishlar o’tkazish to’g’risida”gi qonun loyihasi bir muncha oldin jamoatchilikka taqdim etilgan edi. Namoyishlar o’tkazilishidan 30 kun avval davlat idoralarini xabardor qilish majburiyati yuklatilgan, hokimiyat ruxsatisiz aksiya o’tkazishni taqiqlagan bu loyiha jamoatchilik tanqidiga ham uchragan edi.

Inson huquqlari strategiyasida siyosiy erkinliklarga doir muhim o’zgarishlardan biri nodavlat tashkilotlar, “Siyosiy partiyalar faoliyati to’g’risida”gi qonun yangilanishi bo’lishi kutilmoqda.

O’zbekistonda, aksariyat davlatlardan farqli ravishda, siyosiy partiya ta’sis etish mamlakatning har bir viloyatidan minglab imzolar yig’ish talab qilinadigan murakkab jarayonga aylantirilgan.

Mamlakatda siyosiy muxolafatning o’zi bo’lmagan, muxoliflarga nisbatan tazyiq tahdidlar to’xtamagan bir sharoitda belgilangan bu tartib uzoq yillar mamlakatda yangi siyosiy partiyalar paydo bo’lishiga to’sqinlik yaratgan choralardan biri bo’lib keldi.

2020-yilda jamoatchilikka taqdim etilishi belgilangan “Siyosiy partiyalar faoliyati to’g’risida”gi qonun loyihasi qanday o’zgarishlarga uchrashi noma’lum, ammo muxolifatdagi faollarning asosiy talabi siyosiy partiyalar faoliyatiga erkinlik berilishidir.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi faoli A’zam Turg’unovga ko’ra, qonunning yangi loyihasidagi asosiy o’zgarish siyosiy muxolifat tushunchasining izohlanishi, muxolifatdagi siyosiy partiyalar xavfsizligini kafolatlash bo’lishi kerak.

“Amaldagi qonun allaqachonlar eskirib bo’lgan, qonunning yangi loyihasi tayyorlanayotgan bo’lsa, unda siyosiy muxolifat tushunchasining o’zi izohlanishi, muxolifatdagi partiyalar faoliyati qonun bilan himoyalanishi ko’rsatilishi lozim. Shundagina muxolifatdagi siyosiy partiyalarning xavfsizligi ta’minlanishi mumkin. Boshqa bir muhim jihat kvotalar tizimi; real hayotda hech kim hali ishda o’zini ko’rsatmagan siyosiy partiya uchun imzosini taqdim etmaydi. Amaldagi qonunchilikka ko’ra esa, hech kim tanimagan, endi faoliyat boshlashni maqsad qilgan partiya uchun minglab imzolar taqdim etilishi talab qilinadi. Bu ko’rsatkich rasmiy maqomga erishgan, hokimiyatdan o’rin egallagan ayrim siyosiy partiyalarda ham yo’q. Ularni faqat bu imzolar bilan ta’minlab berishyapti, xolos. Siyosiy partiya faoliyat boshlashi, ro’yxatga olinishi uchun uning atrofidagi tashabbus guruhining o’zi yetarli. Aholining bahosi esa keyin siyosiy partiyaning faoliyatiga qarab qo’yiladi”, - degan fikrda A’zam Turg’unov.

Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi strategiyasini tasdiqlashga doir hujjat shu oyning 12-chisiga qadar jamoatchilik muhokamasida bo’lishi belgilangan.