Navoiyshunos olim Akrom Malik Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyati davrida siyosiy mahbusga aylangan sanoqli faollardan biri ekani aytiladi.
Matbuotdagi ma’lumotlarga ko’ra, Akrom Malikka nisbatan bosim kuchaygan. Qamoqxonadagi vaziyat og’irlashgani, mahbus yaqinlari bilan uchrashishiga ruxsat berilmayotgani xabar qilinadi.
Yosh tadqiqotchi olim Akrom Malik O’zbekiston konstitutsiyasiga tajovuz qilishda, diniy ekstremizmda ayblanib, 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Unga nisbatan hukm 2017-yilning dekabrida, O’zbekistonda hokimiyat yangilanishi ortidan, mamlakatda islohotlar boshlangan bir paytda o’qilgan edi.
O’zgarishlar davrida yosh navoiyshunos olimga nisbatan jinoyat ishi ochilishi va uning aybdor deb topilishi jamoatchilikda, dastlab, tasodif sifatida qabul qilindi.
Ammo hozirga qadar bu mahkama ishi Oliy sudgacha bo’lgan bosqichdan o’tgani, har safar dastlabki hukm o’z kuchida qoldirilgani inobatga olinsa, Akrom Malik konstitutsiyaga tajovuz qiluvchi diniy ekstremist ekanligi haqidagi qaror qat’iy ko’rinadi.
O’zbekiston Jinoyat kodeksining 159 va 244-moddalariga ko’ra aybdor topilgan Akrom Malik ishidagi asosiy dalillar uning tanqidiy chiqishlari, siyosiy muxolifat bilan aloqasiga bog’liqligi aytiladi.
Tergov surishtiruv ishida, aybnomada Akrom Malikning Abdulloh Nusrat taxallusi ostida muxolafatga tegishli saytlarda chop etgan maqolalari konstitutsiyaviy tajovuz, diniy ekstremizmga moyil materiallar sifatida taqdim etiladi.
Prokuratura ham, mahkama ham Akrom Malikni ayblashda uning muxolafatdagi siyosiy kuchlar bilan aloqasiga, xususan, O’zbekiston Xalq harakati yetakchisi Muhammad Solih bilan munosabatiga alohida to’xtaladi.
Huquq himoyachilari Akrom Malikning ishida, ayblovga asos bo’lgan maqolalarida ham konstitutsiyaviy tuzumni ag’darish, diniy ekstremizmga chaqiriqlar qayd etilmaganini, u faqat siyosiy muxolafat bilan bo’lgan aloqasi, tanqidiy chiqishlari uchun qamoqqa tashlanganini ta’kidlab keladi.
Akrom Malik 2016-yilning iyul oyida, mamlakatda marhum prezident Islom Karimov qudratda bo’lgan paytda hibs qilingan edi.
Akrom Malikning ushlanishi muxolifatdagi O’zbekiston Xalq harakati yetakchisi Muhammad Solih bilan hamkorlikda mamlakatda davlat to’ntarishini rejalaganlikda ayblangan jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinovlar hibsga olinishi davriga to’g’ri keladi.
DXXdagi tergov davomida Akrom Malik o’sha paytda hibsda saqlanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev bilan yuzlashtirilgani haqida ham ma’lumot mavjud.
Keyinchalik 2018-yilda o’tgan mahkama davomida jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov va davlat to’ntarishi, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblangan yana bir necha kishi aybsiz deb topilgan, ular sud zalidan ozodlikka chiqarilgan edi.
Bu jurnalistlarning oqlanib, ozodlikka chiqarilishi O’zbekistonga nisbatan xalqaro bosim kuchaygan, Prezident Mirziyoyev sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish shiorini olg'a surayotgan bir paytda amalga oshirilgan edi.
Akrom Malikning ishi jurnalistlarga qo’yilgan davlat to’ntarishiga doir ayblov bilan bog’liq emas, har holda mahkama jarayonida bu ma’lum qilinmagan.
Huquq himoyachisi A’zam Turg’unov qamoqxonadagi Akrom Malik ahvolidan xabardor bo’lib kelayotgan faollardan biri, ammo yaqindan unga ham mahkum bilan uchrashishni taqiqlashgan.
A’zam Turg’unovning bildirishicha, yosh navoiyshunos olimning hozirgacha qamoqxonada qolayotganini sababi siyosiy; hokimiyat o’tkir tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan, siyosiy muxolafatga xayrixohlikda ayblangan yosh faolning ozodlikka chiqishni istamayapti.
Bir muddat avval manzil koloniyasiga ko’chirilgan Akrom Malik Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqqan edi.
Qamoqdagi yosh olim Mirziyoyevning konstitutsiya bayramidagi chiqishidan ilhomlanib yozgan bu murojaatida mamlakatdagi o’zgarishlarni his qilayotgani, ayniqsa, qamoqda o’tirgan siyosiy mahkum sifatida so’z erkinligiga doir imkoniyatlardan to’siqsiz foydalanayotganini ta’kidlagan edi.
Akrom Malik o’z murojaatida advokatlari Oliy sudga turli murojaatlar kiritishayotgani, bu haqli arizalar qondirilib, ozodlikka chiqishga umidi borligi haqida ham yozgan.
Ammo so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Akrom Malik advokatlarining Oliy sudga kiritgan bir qator arizalari inobatsiz qoldirilgan.
Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda, diniy ekstremizmda ayblangan yuzlab diniy mahbuslar ozodlikka chiqarildi.
Ularning aksariyati Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan afv farmoniga ko’ra, boshqalari umumiy amnistiya qaroriga ko’ra ozod bo'lgan.
Ammo mahkumlar “o’z qilmishiga chin dildan pushaymonlik bildirishi” sharti bilan qo’llaniladigan bu aktlarning birortasi 2016-yildan buyon hibsda qolayotgan yosh olimga taalluqli bo’lganiga doir ma’lumotlar yo’q.
Akrom Malik Prezident Mirziyoyevga qilgan murojaatida o’zining siyosiy mahbus sifatida qamoqda saqlanayotganini ta’kidlagan edi.