Sog’liqni saqlash vazirining Xitoy bilan qatnovni vaqtincha cheklashga doir tavsiyasiga qaramasdan O’zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar oqimi avvalgidan ancha oshgan.
O’zbekistonda, so’nggi vaziyatga ko’ra, koronavirus qayd qilinmagan. Ammo mamlakat epidemiyaning bilvosita ta’siridan chetda emas.
Toshkentda rejalangan xalqaro sarmoya forumi aynan Xitoydagi koronavirus epidemiyasi tufayli noma’lum muddatga qoldirilgani xabar qilinmoqda.
Bu xabar virus xavfiga qaramasdan O’zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar oqimi oshganiga doir ma’lumotlar soyasida kuzatilmoqda.
Matbuotga ko’ra, yanvar oyida O’zbekistonga tashrif buyurgan xitoylik sayyohlar uch ming kishiga yaqinlashgan. Turizmni rivojlantirish bo’yicha davlat qo’mitasi bu ko’rsatkich o’tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ko’pligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Sog’liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning Xitoy bilan vaqtinchalik vizali tartib joriy qilish, bu mamlakat bilan qatnovni cheklash tavsiyasi bilan chiqqani inobatga olinsa, xitoylik sayyohlar oqimi oshgani haqidagi xabar epidemiyaga qarshi kurashda vazirlik tavsiyasi diqqatga molik ko’rilmaganidan darak beradi.
Avvalroq O’zbekiston koronavirus o’chog’i hisoblangan Uxan shahridan aksariyati talabalardan iborat bo’lgan 500 dan oshiq fuqarolarini olib chiqqani xabar qilingan edi.
Rasmiylar Xitoydan yuzlab fuqarolar olib kelingani, shuningdek, bu mamlakatdan kelayotgan sayyohlar oqimi oshganiga qaramasdan vaziyat nazoratda ekanligini ta’kidlamoqda.
O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko’ra, yaqinda Xitoydan olib kelingan fuqarolar karantindan chiqarilgan. Ularning birortasida yuqumli virus qayd qilinmagan.
O’zbekistonda koronavirus tarqashining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatda bo’lgan Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti vakillari tomonidan ham yuqori baholangani xabar qilingan.
Sog’liqni saqlash vazirligi Xitoydan kelayotgan sayyohlar soni oshishiga doir so’nggi ma’lumotga munosabat bildirmagan.
Ammo mamlakat chegara punktlari, aeroportlarda kuchaytirilgan nazorat o’rnatilgani, teplovizor yordamida yo’lovchilarning tana harorati o’lchanayotgani, xususan, Xitoydan kelayotgan fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o’tkazilayotgani va ro’yxatga olinayotgani haqida bayonot berilgan.
Vashington O’zbekistonning koronavirusga qarshi kurashda murakkablikka uchrashi taxmin qilgan edi. AQShning bu borada mamlakatga yordam ko’rsatishga tayyorligi haqida Davlat kotibi Mayk Pompeo Markaziy Osiyoga tashrifi ortidan ma’lum qilgan edi.
Diplomatga ko’ra, Xitoy yaqinida joylashgan Qozog’iston va O’zbekistondagi mavjud tibbiy infrastruktura koronavirus kabi epidemiyaga qarshi kurash talablariga javob bermaydi. AQSH bu borada mintaqaga yordam ko’rsatishga tayyor.
20- fevral kuni AQSh elchixonasi O’zbekiston sog’liqni saqlash vazirligiga qarashli Vabo, karantin va o’ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktika markaziga koronavirusga qarshi himoya vositalaridan iborat yordam materiallari yetkazilgan.
Yordam paketi Sog’liqni saqlash vazirligining koronavirus diagnostikasi uchun shaxsiy himoya vositalari so’rab xalqaro donorlarga qilgan murojaatiga javoban topshirilgani ta’kidlanadi.
O’zbekistonda rasman koronavirus kasalligi qayd qilinmagan bo’lsa-da, epidemiya xavfi mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatga ta’sir o’tkazayotgani seziladi. Jumladan, xalqaro miqyosda rejalangan moliyaviy tadbirlar doirasida ham.
5-6 mart kunlariga mo’ljallangan Toshkent xalqaro investitsiya forumining qoldirilishi, tashkilotchilarga ko’ra, Xitoydagi koronavirus xavfining kuchayishi bilan bog’liq. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov matbuotga ma’lum qilgan
Dastlab 2019-yilning kuzida o’tkazilishi rejalangan bu forum, noma’lum sabablarga ko’ra, mart oyiga ko’chirilgan edi. Ayni paytga kelib esa koronavirus tarqashi bilan bog’liq vaziyat bois noma’lum muddatga qoldirilmoqda.
Sardor Umurzoqov xalqaro forum tegishli miqdordagi sarmoyadorlar yig’ilmagani uchun qoldirildi degan taxminlarni inkor etgan. Ta’kidlanishicha, forumda qatnashish uchun ro’yxatdan o’tganlar soni 1700 nafar kishiga yetgan.
Forumning noma’lum muddatga qoldirilishi Xitoyda tarqagan koronavirus epidemiyasi, forum ishtirokchilari, mamlakat fuqarolari xavfsizligini ta’minlash bilan bog’liqligi ta’kidlanmoqda.
O’zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisi sifatida taqdim etilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi shu yilning noyabr oyida o’tishi mumkin.
Tashkilotchilar rejasiga ko’ra, forum O’zbekistonga sarmoya jalb qilishga qaratilgan so’ngi yillardagi eng yirik tadbirlardan biri bo’lishi kerak.
O’tgan dekabr oyida Xitoyda paydo bo’lgan koronavirus oqibatida vafot etgan xtoyliklar soni hozirgacha 2236 kishiga yetgan. Mamlakatdagi 75 mingdan oshiq aholida virus aniqlangan. Yuqumli virus Xitoydan tashqari dunyoning boshqa bir qator davlatlarida ham aniqlanmoqda.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti koronavirus epidemiyasiga qarshi favqulodda choralar ko’rishga chaqirmoqda.