Afg'oniston urushi nihoyasiga yetyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’onistonda 100 ming odamning yostig’ini quritgan 19 yillik urush poyoniga yetayotgan ko’rinadi. AQSh va Tolibon o’rtasida 22-fevral kuni kuchga kirgan sulh hozircha amalda. Biroq tinchlik jarayoniga bu gal toliblar emas, hukumatdagilar tahdid solmoqda.

Kobul-Qandahor trassasidagi Sari-Pul nazorat posti oldin tez-tez toliblar hujumiga uchrab turar edi. 22-fevral kungi sulh kuchga kirganidan beri postda xizmat qilayotgan askarlar vaziyat yaxshilanganini aytadi.

“Bizga tinmasdan hujum qilib turishardi. Har kuni, har tunda shay holatda turishga majbur edik. Hozir ahvol ancha yaxshi”, - deydi Abdul Qosim ismli askar.

Vardak viloyatidagi Durrani bozorida ishlovchi savdogarlar ham shu fikrda. Ular hatto ish soatini uzaytirishga ham qaror qilishdi.

"Avvallari do’konni soat beshdayoq yopardim. Endi esa sulh sharofati bilan 6 gacha ishlayapmiz. Hamma xursand. Oxirgi ikki kunda birorta o’q ovozini eshitmadik”, - deydi Umar Xon ismli savdogar.

19 yillik urushdan so’ng AQSh va Tolibon bir haftalik sulhga kelishib oldi. Agar hech kim rejadan og’masa, 29-fevral kuni Qatar poytaxti Doxada tinchlik bitimi imzolanadi.

Ushbu shartnoma AQSh qo’shinlarining Afg’onistondan chiqish jadvalini belgilaydi. Bu Prezident Donald Trampning saylov kampaniyasida bergan va’dalaridan biri edi.

Kelishuv, shuningdek, Tolibonga afg’on hukumati va boshqalar bilan mamlakat kelajagi xususida muzokara qilish majburiyatini ham yuklaydi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, maqsad mojaro yechimini afg’onlarning o’ziga havola qilish.

“Vazifamiz o’ta aniq. Afg’onlarga o’zlari boshchiligidagi tashabbusni amalga oshirishda, Afg’onistondagi barcha xalqlarni uzoq muddatli yechim bilan ta’minlashda yordam berish va sharoit yaratish”, - dedi u.

Biroq bu jarayonga Afg’oniston hukumatida vujudga kelgan siyosiy inqiroz halal berishi mumkin. 2019-yil sentabrida o’tgan prezident saylovlarida eng ko’p ovoz olgan ikki asosiy nomzod - amaldagi Prezident Ashraf G’ani va uning raqibi Abdulla Abdulla saylov yakuniy natijalari bir necha kun oldin e’lon qilinganiga qaramay, bosh lavozim ustida hamon tortishmoqda.

Amerikalik tahlilchi Maykl Kugelmanning aytishicha, Afg’onistonning siyosiy rahbarlaridan aynan hozir murosa va birlik talab qilinadi.

“Uyushish eng zarur bo’lib turgan bir paytda afg’on siyosiy sinfidagi azaliy qarama-qarshilik saylovdan keyin yanada kuchaydi”, - deydi Vashingtondagi Vudro Vilson tahlil markazi eksperti.

Afg’onistondagi turli siyosiy guruhlarni Tolibon bilan muzokara qilish uchun bir jamoaga yig’ishning o’zi oson kechmagan. Endi bu ittifoqqa siyosiy inqiroz soya solmoqda.