AQShda prezidentlikka nomzod demokratlarning 25-fevral kuni o’tgan navbatdagi telemunozarasi paytida kommunistik Kuba haqida iliq so’zlar aytgan senator Berni Sanders tanqidga uchramoqda. Sanders Demokratik partiyadan noyabrda bo’ladigan asosiy saylovlarda yagona nomzod bo’lish uchun ichki musobaqada hozircha peshqadam. Ba’zilar nazarida, Sanders Donald Trampga qarshi nomzodlikni qo’lga kiritsa, uning jamiyatning bir qismiga yoqmaydigan tashqi siyosat bobidagi qarashlari hamda sotsialistik mazmunga ega ichki siyosati asosiy saylovda mag’lubiyatga yetaklashi mumkin.
Janubiy Karolina shtatida o’tgan yetti demokratik nomzod ishtirokidagi debat paytida Senatning Vermont shtatidan vakili Berni Sanders dunyo bo’ylab avtoritarizmga qarshi chiqishini aytdi, biroq shu bilan birga, Kubada kommunist rahbar Fidel Kastro rahbarligida sog’liqni saqlash va ta’lim tizimlari ancha yaxshilanganini olqishladi. Sandersga ko’ra, sobiq prezident Barak Obama ham shunday fikrda bo’lgan.
“Barak Obama Kuba ta’lim va sog’liqni saqlash bobida katta yutuqqa erishganini e’tirof etgan. Kechirasizu, ammo ba’zan Amerika tashqi siyosatiga haqqoniy ko’z bilan qarash, Amerika dunyo bo’ylab hukumatlarni ag’darganini tan olish ham kerak”, - dedi Sanders.
Obama paytida vitse-prezidentlik qilgan Jo Bayden ham prezidentlikka nomzodlardan. Uning aytishicha, Obama Kuba rahbariyati bilan uchrashganida bu mamlakatdagi qatag’onlarga qarshi ekanini doim ta’kidlagan.
“Obama hech qachon avtoritar tuzumni olqishlamagan, hozir ham bunday qilmaydi”, - dedi Bayden.
Ba’zilar Sandersning 1980-yillarda Sotsialistik ishchilar partiyasi bilan hamkorlik qilganini, o’sha paytda amerikaliklarni garovga olgan Eron va kommunistik Kuba bilan birdam bo’lishga chaqirganini tanqid qiladi.
Uning sog’liqni saqlash tizimi va oliy ta’limni bepul qilish takliflari ham qarshilikka uchramoqda.
“Agar mamlakatni yanada bo’lib qo’yish mumkin bo’lsa, bunga Sanders prezidentligida erishamiz deb o’ylayman”, - deydi Amerika universitetida siyosatshunoslik bo’yicha professor Deyvid Barker.
Sanders tanqidchilariga ko’ra, Amerikaning dushmanlari harbiy salohiyatini oshirayotgan bir paytda prezidentlikka nomzod harbiy byudjetni qisqartirmoqchi. Bundan tashqari, deydi ular, Sandersning harbiy kuchni ishlatishdan bosh tortishi hamda Shimoliy Koreya, Eron va Kuba kabi davlatlarga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilishga hozirligi zaiflik nishonasi sifatida ko’rilishi mumkin.
Ko’plab demokratlar fikricha, agar Sanders partiyadan yagona nomzodlikni qo’lga kiritsa, uning sotsialistik qarashlari nafaqat prezident saylovlarida, balki Kongressga saylovlarda ham Demokratik partiyaga qimmatga tushadi.
Your browser doesn’t support HTML5