Qatarda AQSh va Tolibon o’rtasida 29-fevral kuni imzolangan bitimga ko'ra, xorijiy askarlar 14 oy ichida Afg’onistonni tark etishi, Afg’oniston hududida Amerika va uning ittifoqchilariga qarshi terror xurujlari amalga oshirilmasligi hamda afg’onlar o’rtasida bevosita muzokaralar boshlanishi kerak.
Tolibon guruhi ayni paytda Afg’oniston hududi hech bir davlat uchun tahdid bo’lmasligini ta’kidlamoqda.
Tramp ma’muriyati bitim imzolanishi bilan AQSh askarlarini bu mamlakatdan olib chiqish uchun zamin yaratilishini bildirdi.
Tinchlik bitimi imzolanishi ortidan Afg’oniston prezidenti va AQSh mudofaa vaziri Kobulda qo'shma bayonot e’lon qildi.
Bayonotda AQSh Afg’onistonga yordam berishda davom etishi qayd qilingan.
Shuningdek, Afg’oniston-Pokiston o’rtasida muzokara boshlanishi, muloqotlarda ikki davlatning hamkorlikni kuchaytirishi tilga olingan.
AQSh-Tolibon o’rtasida sulh bitimi imzolanishi Afg'onistondagi siyosiy guruhlar tomonidan olqishlanmoqda.
Mintaqa va dunyo davlatlari ham Afg’onistonda tinchlik ta’minlanishidan umidvor.
“Kelishuv bitimi puxta ishlangan. Bu bitim faqat AQSh-Tolibon kelishuvi asosida emas, balki Pokiston, Yevropa Ittifoqi va mintaqa davlatlarining fikr-mulohazalari o’rganilgan holda ishlab chiqilgan”,- deydi sobiq harbiy Abdulmo’min Makrit.
Uning nazarida bitimni tatbiq qilishda tomonlar jonu dili bilan harakat qilishi kerak. Lekin muammolarning yangi bosqichi endi boshlanadi, deydi u.
“40 yillik urush zudlik bilan butkul tugamaydi”,- deydi Makrit.
Kuzatuvchilar nazarida Afg’onistonda sulh muzokaralarini boshqara oladigan kuch mavjud emas.
“Hamma umidini AQSh va xalqaro hamjamiyatga bog’lagan. Ular bir haftalik otashkesimni amalga oshirganidek, ichki muzokaralarni ham nazorat qiladi. Befarq o’tirmaydi”,- deya qo'shimcha qiladi u.
Tolibon va Kobul o’rtasida muzokaralar boshlanishi bilan vaqtinchalik hukumat tuzilishi ham taxmin qilinmoqda.
“Sulh bilan shug’ullanuvchi vaqtinchalik tizim shakllanishi mumkin. Ichki muzokaralar kamida ikki yil cho’ziladi”,- deydi Makrit.
Suhbatdoshning ta’kidlashicha, toliblar tinch hayotga qaytib mafkuraviy nuqtai nazardan ham o’zgarishi kerak.
Sobiq harbiy Abdlmo’min Makrit Afg’onistonda davom etgan 40 yillik urushda Pokiston, Eron va mintaqa davlatlari bevosita rol o’ynaganini ta’kidlaydi.
“Bugungi kunda ularning o’zi ham bu mamlakatda tinchlik ta’minlanishini xohlaydi. Urush emas tinchlik ularga ko’prof naf keltiradi”, - deydi u.
“Afg’oniston hech qachon mustaqil bo’lmagan. Bugun ham mustaqil emas”,- deya davom etadi harbiy.
Hanuzgacha hukumat muzokara delegatsiyasini tuzmagan. Hukumat ijrochi raisi Abdulla Abdulla barcha qatlamlar ishtirokida delegatsiya tuzilishiga urg’u bermoqda.