Pentagonning aytishicha, AQSh askarlarini Afg’onistondan olib chiqish jarayoni boshlandi. Tolibon bilan 29-fevralda imzolangan bitimda shu haqda kelishilgan edi. Ayni paytda Afg’oniston Prezidenti Ashraf Ga’ni hibsdagi Tolibon vakillarini ozod qilishga va’da bergan.
Doxada Tolibon va AQSh o’rtasida tuzilgan bitim 19 yillik urushni tugatishni maqsad qiladi. Kelishuv asosida endi Kobul va isyonchi guruh o’rtasida bevosita muloqot boshlanishi kerak.
Ammo Kobulda yangi siyosiy inqiroz bo’y ko’rsatmoqda. Amaldagi Prezident Ashraf G’ani ham, uning raqibi Abdulla Abdulla ham yaqinda o’tgan prezidentlik saylovida g’olib chiqqanini da’vo qilmoqda. 9-mart kuni har ikkisi o’zining prezidentlik qasamyodini o’tkazgan.
Tinchlik bo’yicha Vashingtonning maxsus vakili Zalmay Xalilzod mashaqqat bilan erishilgan kelishuvni saqlab qolishga urinar ekan, Afg’oniston hukumatidagi ziddiyatlar vaziyatni qiyinlashtirishi mumkin. Xalilzod har ikki yetakchi kelishuvga erishib, barchani qamrab oladigan hukumat tuzilishidan umidvorligini aytdi.
Afg’onistondagi AQSh kuchlari so’zlovchisi Sonni Leggetning aytishicha, “ba’zi shartlar asosida 135 kun davomida askarlar sonini 8600 ga tushirish” jarayoni boshlangan.
Ayni paytda mamlakatda 13 ming AQSh askari bor. Ularning 8000 nafari Afg’oniston Milliy xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazish ishlari bilan mashg’ul. 5000 tasi esa terrorga qarshi amaliyotlarda ishtirok etadi.
Tolibon bilan kelishuvda qayd etilgan bo’lsa-da, G’ani, dastlab, isyonchi guruhning 5000 a’zosini qamoqdan chiqarishga qarshi ekanini aytgan edi. AQSh va xalqaro hamjamiyatning bir qator vakillari uning prezidentlik qasamyodiga o’z vakillarini jo’natib, saylovdagi g’alabasini tan olishiga ishora qilgach, G’ani mahkumlarni ozod qilish haqidagi farmonni chiqarishga va’da berdi.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo G’anining qarorini olqishladi.
“Tolibon mahbuslarini ozod qilish bo’yicha Prezident G’ani 10-mart kuni qaror chiqarishini e'lon qilgani quvonarli”, - dedi u.
Tolibon rasmiylarining aytishicha, ayni paytga ommaviy ozod qilish uchun mahkumlarning shaxsini aniqlash jarayoni ketmoqda.
Pompeo Kobulda parallel hukumat tuzilishiga “keskin qarshi” ekanini bildirdi. Abdulla muhim lavozimlarni egallab olish uchun vitse-prezidentlar idorasiga allaqachon o’z vakillarini jo’natgan.
Pompeo, shuningdek, siyosiy kelishmovchiliklarni kuch bilan hal qilmaslik haqida ogohlantirdi. Har ikki nomzod, ayniqsa, Abdulla og’ir qurollangan guruhlarga yetakchilik qiluvchi urush qo’mondonlarining qo’llab-quvvatloviga ega. Ular o’rtasida qurolli to’qnashuv yuz berishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.
AQSh rasmiylarining aytishicha, askarlarni 18 oy davomida olib chiqish kelishuv bo’yicha Tolibon terrorga qarshi kurashda yordam berish shartini bajarishi bilan bog’liq. Lekin amerikalik harbiylarni mamlakatdan chiqarish uchun Afg’oniston hukumati bilan muzokaralar muvaffaqiyatli kechishi shart qilinmagan.
Tolibon so’zlovchisi Zabihulloh Mujohid guruh AQSh bilan tuzilgan kelishuv shartlariga sodiq ekanini bildirib, ayni paytda Vashingtonni mahbuslarni ozod qilish bo’yicha o’z so’zini bajarishga chaqirdi.
Ashraf G’anining inauguratsiya marosimida yuz bergan raketa hujumi uchun “Islomiy davlat” mas’uliyatni o’z bo’yniga oldi. Shialar yig’inida 32 odamning o’limiga sabab bo’lgan xurujni ham IShID amalga oshirganini da’vo qildi.
AQSh tinchlik bitimi doirasida Tolibondan IShIDga qarshi kurashda yordam berishni so’ragan.