11-martga o'tar kechasi Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Koja bir bemorda yangi koronavirus aniqlanganini ma’lum qildi.
“Tana harorati yuqoriligi va yo‘tal shikoyati tekshirilgandan keyin tashxis qo‘yildi”, – dedi u matbuot anjumanida.
Vazir “Amerika Ovozi” muxbirining so‘roviga qaramay, bemorning qaysi viloyatdan ekanini oshkor qilmadi. Biroq u bemor erkak kishi ekanini, umumiy ahvoli yaxshiligini va virusni Yevropada yuqtirganini bildirdi.
Faxriddin Koja kecha Turkiya parlamentining Sog‘liqni saqlash, oila, mehnat va ijmioiy faoliyatlar komissiyasidagi chiqshida Yevropa mamlakatlari koronavirusning oldini olish bo‘yicha yetarli chora ko‘rmaganini aytgan edi.
“Italiya hech qanday chora ko‘rmadi. Yevropa esa Italiya bilan aloqalarni to‘xtatmadi. Ayni paytda Italiya katta muammoni boshidan o‘tkazyapti, biroq kelgusi kunlarda Germaniya va Fransiya kattaroq muammoga duch keladi”, – dedi Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri.
U turk fuqarolarini xorijga safar qilmay turishga, xorijdan qaytganlarni esa ayniqsa, surunkali kasalliklarga chalinganlar va keksalar bilan ko‘rishmaslikka chaqirdi. Kojaning aytishicha, bir necha kun ichida Turkiya prezidentining xorijga safarlarni cheklashni ko‘zda tutuvchi farmoni e’lon qilinadi.
Koronavirus yuqtirgan turkiyalik karantinda davolanmoqda. Uning oila a’zolari va u bilan muloqot qilganlar nazorat ostida. Faxriddin Kojaning ta’kidlashicha, karantinga olingan bemor jamiyatning salomatligi uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi.
Sog‘liqni saqlash vaziri hukumat koronavirusning tarqalishiga qarshi barcha choralarni ko‘rganini, bir yoki bir nechta holat epidemiya sifatida baholanmasligini kerakligini ta’kidladi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an ham bugun o‘zi boshchilik qiladigan Adolat va taraqqiyot partiyasi vakillari bilan ucharshuvda kornavirus tarqalishining oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tdi.
“Bu virusdan himoyalanishning birinchi sharti tozalikdir. Tozalikni imonning shartlaridan biri deb hisoblovchi e’tiqodga ergashuvchilar sifatida xalqimiz uchun bu masala oson bo‘lishi kerak”, – dedi prezident.
Erdog‘an o‘tgan jumadan beri nafaqat Turkiya, balki xorijdagi uchrashuvlarda ham qo‘l berib va quchoqlashib ko‘rishish o‘rniga masofadan turib salomlashishni ma’qul ko‘rayotganini aytdi.
Turkiyada koronavirus yoyilishining oldini olish maqsadida bir qator ommaviy tadbirlar yo bekor qilindi yoki kechiktirildi. Xususan, Din ishlari boshqarmasi xalqaro anjumanlar, jumladan, 2-5-aprelga mo‘ljallangan 10-Yevrosiyo islom sho‘rosi kechiktirilganini ma’lum qildi. Yoshlik va sport vazirligi ham bir qator tadbirlarni keyinga qoldirdi, biroq mart va aprel oylaridagi sport uchrashuvlarini tomoshabinsiz o‘tkazish haqida qaror qabul qilinmagan.
Kurd partiyalari esa Turkiyada epidemiya yuz bergudek bo‘lsa, Navro‘z bayrami munosabati bilan tuzilgan rejani qayta ko‘rib chiqadi.
Ta’lim muassasalari ham kasallik tarqalishining oldini olish uchun choralar ko‘rishga kirishdi. Jumladan, Istanbuldagi Bahcheshehir universiteti 16-30-mart kunlari barcha darslar online o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Ayni paytda ichki ishlar organlari ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus bilan bog‘liq mish-mishlar tarqatayotganlarni aniqlashga kirishdi. Shonliurfa viloyati hokimligi bugun bayonot tarqatib, viloyatning Ayyubiya tumanida koronavirus aniqlangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar “Amerika Ovozi” bilan suhbatda koronavirus tufayli hozircha sarosima kuzatilmayotganini, hamma o‘z ishi va o‘qishi bilan bandligini, biroq ozroq bo‘lsa-da, xavotirda ekanliklarini aytishdi.