Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’anning aytishicha, Suriya neftidan tushadigan mablag’lar urushdan vayron bo’lgan mamlakatni qayta tiklashga sarflanishi kerak. Sharqiy Suriyadagi aksariyat neft konlarini nazorat qiluvchi kurdlar bundan xavotirda. Ularga ko’ra, Turkiyaning rejasi ularning kelajagi uchun tahdid.
Erdog’an o’tgan hafta jurnalistlar bilan muloqotda bu taklifni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yetkazganini aytdi.
“U yerdan olinadigan neft daromadi bilan biz qurilish tomonini qilishimiz mumkin, agar siz ham moliyaviy tomondan yordam bersangiz. Vayron bo’lgan Suriyani oyoqqa turg’azaylik. Putin bu narsani qilish mumkin, deb aytdi”, - dedi Turkiya prezidenti.
Erdog’an bu gaplari bilan Suriyaning Qamishli va Deyr az-Zur shaharlaridagi neft konlarini nazarda tutmoqda.
Har ikki hudud kurdlarning Suriya Demokratik kuchlari (SDK) nazorati ostida. Bu guruh IShIDga qarshi kurashda AQShning yaqin hamkori bo’lgan.
SDK rasmiylarining aytishicha, Turkiya Suriya sharqidagi neft konlarini qo’lga kiritishni azaldan rejalab kelgan.
“Turkiya shubhasiz bizni bu hududlardan, xususan, Deyr az-Zurdan chiqarishni xohlaydi”, - dedi guruhning ismi oshkor qilinishini istamagan rasmiylaridan biri “Amerika Ovozi”ga.
Anqara SDKni Turkiyadagi Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) terrorchi guruhining qanoti deb hisoblaydi. PKK Turkiyada ham, AQShda ham terrorchi tashkilot sifatida tamg’alangan.
O’tgan yil oktabrda Turkiya qo’shinlari va Suriya muxolif ittifoqchi guruhlari chegaradagi bir qator shaharlardan SDK askarlarini surib chiqargan edi.
AQShga bosim
Turkiya rahbarining aytishicha, u ayni taklif bilan AQSh Prezidenti Donald Trampga ham chiqmoqchi.
Ekspertlarning aytishicha, bu bilan Turkiya AQShga bosimni oshirishni maqsad qilayotgan bo’lishi mumkin. Ayni paytda sharqiy Suriyada 600 AQSh askari bor.
“Erdog’an sharqiy Suriyada amerikaliklarni Turkiya bilan hamkorlik qilishga undab kelyapti”, - deydi “Deyr az-Zur 24” yangiliklar va tadqiqot guruhi rahbari Umar Abu Laylo.
AQSh rasmiylarining aytishicha, Amerika kuchlari neft konlarining IShID yoki Suriya hukumati qo’liga o’tmasligini ta’minlash uchun turibdi.
Abu Layloga ko’ra, AQShni yangi rejasiga ishontirish uchun Turkiyada yetarli ta’sir vositasi yo’q.
“Suriyaga kelganda AQSh ayni paytda Turkiyaga ishonadi, deb o’ylamayman. Ayniqsa, Turkiya Rossiya bilan hamkorlikni oshirayotgan hozirgi paytda”, - deydi u.
So’nggi haftalarda AQSh sharqiy Suriyadagi harbiy hozirligini oshirib, SDKga qo’shimcha qurol-aslaha yetkazib berayotgani haqida xabarlar bor.
Bu o’zgarishlarga qaraganda, deydi Abu Laylo, AQShning yaqin orada Suriyani tark etish niyati yo’q.
“Ogohlantiruvchi qo’ng’iroq”
Ba’zi ekspertlar fikricha, Vashington Rossiya, Eron va Suriya rejimiga qarshi Turkiyaga yordam berishi ehtimoli muhokama qilinayotganiga qaramay, Turkiya Rossiya va Eron bilan ishlashda davom etadi.
Suriya urushida qarama-qarshi tomonlarni qo’llayotgan Turkiya va Rossiya shu oy boshida Idblib viloyatidagi harbiy to’qnashuvlarni to’xtatish bo’yicha sulhga erishdi.
“Erdog’an Idlibda Putin bilan nafaqat kelishuvga erishdi, balki SDK nazoratidagi neft konlarini ham unga taklif qildi”, - deydi Vashingtondagi Demokratiya mudofaasi jamg’armasi tahlilchisi Aykan Erdemir.
“Yaqin Sharqda Rossiya va Eron ta’sirini jilovlash uchun AQSh-Turkiya ehtimoliy hamkorligi bo’yicha reja ustida o’ylanayotgan Vashingtondagi guruhlarga bu ogohlantiruvchi qo’ng’iroq bo’lishi kerak”, - deydi u.
Erdemirning qo’shimcha qilishicha, “Erdog’an hukumati o’zini mustaqil boshqarish qudratiga ega Suriya kurdlarini Turkiya uchun tahdid sifatida ko’rar ekan, Vashington va uning Suriyadagi hamkorlari zarariga Moskva va Tehron bilan kelishuvlar tuzish uchun doim bahona topadi”, - deydi Erdemir.
Qochoqlar muammosi
Turkiya o’z chegarasi yaqinida, Suriya hududida qochoqlar uchun yangi shaharlar qurish rejasi ustida ham o’ylanmoqda.
BMT ma’lumotiga ko’ra, Turkiya ayni paytda 3,5 milliondan ortiq suriyalik qochqinga o’z hududidan joy bergan.
Kuzatuvchilar fikricha, Anqara Suriyani qayta qurish deganda, asosan, qochoqlarni bu mamlakatga qayta olib kirish va ular uchun uy-joy qurishni nazarda tutmoqda.
“Erdog’anning bu siyosati xalqaro qochoqlar qonuniga mos kelmaydi, chunki qochqinlarni o’z ixtiyoriga qarshi biror mamlakatga jo’natish mumkin emas”, - deydi Turkiyadagi “Ahval News” nashri muharriri Ilhan Tanir.
Tanirning qo’shimcha qilishicha, Turkiya iqtisodiyotida muammolar ko’zga tashlanar ekan, Anqara Suriyadagi loyihani moliyalashning boshqa manbalarini qidirmoqda.
Ammo, deydi u, sharqiy Suriyadagi neftdan keladigan daromadni Suriyani qayta qurishga yo’naltirish tashabbusini hech bir davlat yoki siyosiy, moliyaviy institutlar qo’llab-quvvatlagani yo’q va shu bois u amalga oshmasligi aniq.