Breaking News

Erdog’an Yevropa Ittifoqi bilan migrantlar masalasini muhokama qiladi


Gretsiya politsiyasi Turkiyadan kelgan migrantlarni chegaradan o'tkazmaslikka harakat qilmoqda
Gretsiya politsiyasi Turkiyadan kelgan migrantlarni chegaradan o'tkazmaslikka harakat qilmoqda

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an 9-mart kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan uchrashib, Turkiyaga Suriyadan yo’l olayotgan qochqinlar xususida gaplashmoqchi.

Uning aytishicha, Anqara 2016-yilda ittifoq bilan erishilgan kelishuvga ortiq rioya qila olmaydi. O’shanda migrantlarni Turkiyada joylashtirish va o’qitish uchun Yevropa Ittifoqi 6,8 milliard dollar berishi, Anqara esa muhojirlarni Yevropaga o’tkazmasligi kerak edi. Turkiya hukumati pul tushmaganini aytib keladi.

“Belgiyadan o’zgacha kelishuv bilan qaytish umididaman”, - dedi Erdog’an.

Turkiya hukumati qo’shni Gretsiyadan migrantlar uchun chegarasini ochishni so’ramoqda.

Yevropa Ittifoqi Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotini qo’llab-quvvatlamagach, Erdog’an Turkiyada jon saqlayotgan millionlab muhojirlarga Yevropa tomon yo’lni ochib beramiz, deb do’q-po’pisa qilgan. Gretsiya bunga yo’l qo’ymaslik maqsadida chegaralarini yopib qo’ygan, chegarachilar migrantlar bilan to’qnashgan.

Nafaqat suriyalik, balki afg’onistonlik, iroqlik va boshqa mamlakatlardan chiqqan migrantlarning bir necha ming nafari quruqlik va Egey dengizi orqali Gretsiya tomon yurdi. Turkiya hukumati migrantlarning hayoti dengizda xavf-xatarga uchramasligi uchun ularni suvga tushirmaslikka va’da berdi, ammo quruqlik orqali Gretsiya va Bolgariyaga o’tishiga to’sqinlik qilmasligini bildirdi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar ichki va tashqi ishlar vazirlari esa so’nggi haftada favqulodda majlislar o’tkazishdi, Gretsiya chegarasini ko’zdan kechirishdi, bu mamlakatga migrantlar masalasi bilan shug’ullanish uchun moliyaviy yordam va’da qilishdi.

Turkiya ayni paytda 3,7 million qochqinni qabul qilgan. Suriyaning Idlib viloyatida Suriya armiyasi va Turkiya dastaklayotgan isyonchilar o’rtasidagi qurolli to’qnashuvlar natijasida minglab odam Idlibdan Turkiya chegarasi tomon qochmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG