Gulnora Karimova ustidan yangi hukm e'lon qilindi

O'zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova

Jinoiy guruh tuzishda aybdor deb topilgan Gulnora Karimova 13 yil 4 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Unga nisbatan belgilangan jazo muddati 2015-yilning avgust oyidan hisoblanadi.

Bu haqdagi qaror O’zbekiston Oliy sudi marhum prezident Islom Karimovning to’ng’ich qizi ustidan o’tkazgan navbatdagi mahkamada e'lon qilindi.

Yopiq o’tgan mahkama tafsilotlari noma’lum, ammo unda Gulnora yetakchiligidagi jinoiy guruhga aloqador ko’rilgan yana bir necha kishi uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilingan.

Gulnora Karimovaning navbatdagi jinoiy ishi Toshkent shahar jinoyat ishlari sudi tomonidan ko’rib chiqilgan.

Sud Gulnora Karimovani, shuningdek, yana bir guruh fuqarolarni jinoiy uyushma tashkil qilish, tovlamachilik, o’zlashtirish va rastrata yo’li bilan talon- toroj qilish, jinoiy faoliyatdan topilgan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etishda aybdor topgan.

Karimova jinoiy guruhiga aloqador ko’rilgan to’rt nafar shaxsga nisbatan 20, 18, 17 va yana bir 17 yillik qamoq jazosi belgilangan. Shu bilan bir qatorda Gulnora ishiga aloqadorligi uchun avval qamoq jazosiga hukm qilingan uning sheriklaridan biri G.Avakyan uch yillik sinov muddati bilan 5 yillik shartli jazoga hukm qilingan.

Mahkama hukmi o’qilishidan biroz avval Gulnora Karimova Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqqan edi.

Bu murojaatda o’ziga nisbatan ochilgan yangi jinoiy ishda qonunchilik me’yorlari qo’pol buzilayotganidan prezidentga shikoyat qilgan Gulnora Karimova o’z oilasi bilan birga bo’lish, sog’ligini saqlab qolish va jinoiy ishni mahkamasiz tugatilishi evaziga Sheysariyadagi 686 million dollar pul mablag’idan hukumat hisobiga voz kechishga tayyorligini bildirgan edi.

Yangi jinoiy ish doirasida chiqarilgan 13 yillik hukm, kuzatuvchilarga ko'ra, hukumat va Gulnora Karimova hozircha mablag’ qaytarilishi yuzasidan murosaga bormaganidan darak beradi.

Karimova o’z ozodligi uchun 686 million dollardan voz kechishga tayyor, ammo hukumat undan undirilishi lozim bo’lgan mablag’ va mol-mulk miqdorini bir necha barobarga ko’p baholagan.

Bosh prokuratura avval dunyoning 10 dan ortiq davlatida Gulnora Karimovaga tegishli ko’rilayotgan mol-mulklar ro’yxatini e’lon qilgan, bu mulklarni muzlatish, to’liq yoki qisman qiymatda mamlakatga qaytarish yuzasidan xalqaro darajada hamkorlik ishlari olib borilayotganini bildirgan edi.

Bosh prokuraturaning bu harakatlari qanchalik muvaffaqiyatli kechayotgani ma'lum emas. Gulnoraga tegishli ko‘rilayotgan xorijdagi muzlatilgan mablag‘lar, mulk, naqd pulning biror qismi hozirgacha O’zbekistonga qaytarilganiga doir aniq ma’lumot yo’q.

Gulnora Karimova Prezident Mirziyoyevga murojaatida Shveysariyada muzlatilgan mablag’lardan 131 million dollarini O’zbekistonga qaytarish jarayoni o’ziga nisbatan bosim bo’lishi ortidan uning advokati tomonidan to’xtatib qo’yilgani haqida yozgan edi.

Karimovaning bu iddaosiga ishonilsa, 131 million AQSh dollari miqdoridagi mablag’ 2020-yilning yanvar oyida O’zbekistonga tushishi, sog’liqni saqlash va ta’lim sohasidagi loyihalarga sarflanishi kutilayotgan edi.

Bosh prokuratura uy qamog’idagi Karimova jazo o’tash uchun umumiy tartibdagi koloniyaga qaytarilishi ortidan to’xtatilgan bu jarayon haqida bayonot bergan, Gulnora Karimovani xorijdagi mablag’lar qaytarilishiga faol qarshilik ko’rsatishda ayblagan edi.

Jazo muddatining 2015-yildan hisoblanishi Gulnora Karimova yana kamida sakkiz yil qamoqda bo'lishini bildiradi.

Gulnora Karimovaga doir xorijdagi mahkamalarni kuzatib kelayotgan faollardan biri, Shveysariyada yashayotgan o’zbek yozuvchisi Safar Bekjon Karimovaga tegishli xorijdagi boyliklarni bir necha milliard dollarga baholaydi.

Safar Bekjonga ko’ra, Gulnoraning prezidentga murojaatida Shevsariyada muzlatilgan 686 million AQSh dollarini oila ixtiyoridagi so’nggi mablag’ deb ko’rsatilishi haqiqatdan yiroq.

“Karimovaga, uning oilasi, yaqinlariga tegishli xorijdagi mol-mulk, qimmatbaho toshlar, naqd pul ko’rinishidagi mablag’ bir necha milliard dollardan iborat. Ularning faqat ayrimlari muzlatilgan, ayrimlari hamon uning, yaqinlarining va oilasining hisobida. Aniqlangan, ammo jamoatchilikka ochiqlanmagan mablag’lar bor. Gap mablag’lar qaytarilishining o’ta murakkab jarayon ekanligida. Bu boylikka O’zbekiston tomonidan tashqari boshqa da’vogarlar ham juda ko’p. Bu borada mahkama ishga tushgan taqdirda ham hukumat o’z da’vosini to’liq dalillashi, ochiqlik, shaffoflik namoyon etishi kerak. Ammo O’zbekiston hukumati bu borada xalqaro mahkamalarda shaffoflik ko‘rsatishga qanchalik tayyor, bu ham mavhum masala”, - deydi Safar Bekjon.

Karimovaning farzandlari ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar orqali onasiga doir vaziyatdan jamoatchilikni xabardor qilib kelmoqda. Gulnora Karimovaga nisbatan yangi hukm o’qilishi ortidan uning yaqinlari, xususan, Britaniyada yashayotgan farzandlari tomonidan biror munosabat bildirilgani hozircha ma’lum emas.