Koronavirus shu kungacha 50 ming kishini o'ldirdi, Tramp favqulodda vakolatlarini ishga solmoqda

  • Amerika Ovozi

Ispaniya, 2-aprel, 2020

Italiya, Ispaniya va AQShda koronavirusdan o'lganlar soni oshib bormoqda, dunyo bo'ylab virusni yuqtirganlar 1 milliondan oshdi.

Italiyada 14 mingga yaqin odam vafot etgan, AQShda 5300. Oq uy virus 100-240 ming amerikalikni hayotdan olib ketishi mumkin deya xavotir bildirmoqda, agar kasallik hozirgi sur'atda xurujni davom ettirsa.

O'tgan uch haftada 10 milliondan ziyod amerikalik ishidan ayrilgan va hukumatdan yordam so'ramoqda.

Xitoyning Henan viloyatida 600 ming kishi qattiq nazorat ostida, chunki virus qayta tarqalayotgan bo'lishi mumkin.

Los-Anjeles shahar hokimiyati aholidan tibbiy niqobda yurishni talab qilmoqda. Federal miqyosda ham shunday talab qo'yilishi mumkin, deydi Sog'likni saqlash vazirligi rasmiylari.

AQSh Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash markaziga ko'ra, koronavirus alomatlari darrov sezilmaydi, ayrim hollarda esa odam unga chalinganini umuman anglay olmasligi mumkin.

Belgiya va Britaniyada kasallik ko'lami kengayar ekan, yangi choralar tatbiq etilmoqda.

Meksikada hukumat qo'shni AQShga borib kelganlarni aholidan uzoqdan turishga chaqirmoqda.

Isroil, Gretsiya, Fransiya va Kipr vaziyat tangligi haqida ogohlantirib, yanada yopilmoqda va qo'shimcha cheklovlar joriy eta boshlagan.

Prezident Tramp ikkinchi bor test topshirgan. Virus topilmagan.

Ikkinchi bor test topshirib, kasal emasligini aytayotgan Prezident Donald Tramp favqulodda holat hukmron ekanini eslatib, koronavirusga qarshi kurashda xavfsizlik va mudofaa bilan bog'liq vakolatlarini ishga solmoqda.

Tibbiy vositalar ishlab chiqarish uchun olti yirik kompaniyaga buyurtma berilgan. Kasalxonalarda yetishmayotgan uskunalarni tezroq yetkazib berish borasidagi buyruqda bu masala davlat xavfsizligini ta'minlash bilan bog'liq, deya qayd etiladi.

"Har bir amerikalik himoya qilinadi. Siz uyda o'tirib, o'zingizni ayab pandemiyaga qarshi kurashing, biz esa siz uchun katta maydonda kurashamiz", - deydi Tramp xalqqa qarata.

"Dori-darmon, tibbiy vositalar va boshqa zaruriyatlar ta'minlanadi. Har biringizni ijtimoiy jihatdan himoya qilamiz. Davlat har biringizga qaraydi", - deydi prezident.

Oq uy kundalik brifinglarda har bir shtatdagi vaziyatga to'xtalib, favqulodda holatlarda beriladigan ko'mak qanday yetkazilayotganini tushuntirmoqda. Rasmiylarga ko'ra, koronavirusga qarshi kurash uchun mablag' yetarli.