AQSh Afg'onistonga atalgan xalqaro yordamning to'liq berilishi mamlakatdagi siyosiy inqiroz bartaraf etilishi bilan bog'liq ekanini e'lon qildi.
Ayni paytda Amerika harbiylari AQSh-Tolibon o'rtasida tuzilgan tinchlik bitimi shartlarini Vashington buzayotgani haqidagi isyonchi guruh da'vosini rad etdi.
28-sentabr kuni o'tkazilgan prezidentlik saylovlari natijasi bo'yicha bahslar hanuz tugagani yo'q. Amaldagi prezident Ashraf Ga'ni va uning siyosiy raqibi Abdulla Abdullaning har biri o'zini g'olib deb e'lon qilgan. Har ikkisi mustaqil inauguratsiya o'tkazib, o'zini prezident deb e'lon qilgan.
Milliy saylov komissiyasi G'anini g'olib deb e'lon qilgan, ammo Abdulla natijalarning soxtalashtirilganini da'vo qilmoqda.
"Afg'onistondagi xalqaro donorlar odatdagidek ishlay olishi mumkin emas", - deydi Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha yetakchi AQSh diplomati Alis Uels.
"Xalqaro yordam barchani qamrab oluvchi hukumat bilan hamkorlikni talab qiladi va barchamiz afg'on yetakchilaridan boshqaruv bo'yicha kelishuvga erishishni talab qilishimiz kerak", - deya qo'shimcha qildi u.
23-mart kuni AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Kobulga borib, hokimiyat talashayotgan ikki tomonni yarashtirishga urindi, ammo buning uddasidan chiqa olmadi. Pompeo shundan so'ng bu yil Afg'onistonga beriladigan yordam miqdori bir milliard dollarga qisqartirilishini e'lon qilindi. Agar tomonlar kelishuvga erishmasa, kelasi yil yana bir milliard dollarlik ko'mak kamaytiriladi.
AQSh-Tolibon bitimi yuzasidan shikoyatlar
5-aprel kuni Tolibon Vashingtonni Qatar poytaxti Doxada imzolangan tinchlik shartlariga rioya qilmayotganlikda aybladi.
Isyonchi guruh da'vosiga ko'ra, Tolibon bitim shartlariga rioya qilib, zo'ravonlikni kamaytirganiga qaramay, Amerika va koalitsiya kuchlari so'nggi kunlarda Tolibon nazoratidagi harbiy bo'lmagan nuqtalarni havodan nishonga olmoqda.
Tolibon bayonotida, shuningdek, 5000 tolibni qamoqdan chiqarish va'dasining bajarilishi kechikayotgani aytiladi.
"Agar bu narsa davom etsa, nafaqat bitimni yo'qqa chiqaruvchi o'zaro ishonchsizlik muhiti yaratiladi, balki mujohidlar munosib javob qaytarib, janglarni yanada kuchaytirishga majbur bo'ladi", - deya ogohlantirdi Tolibon.
AQSh harbiylari isyonchi guruh ayblovlarini inkor qildi.
"AQSh kuchlari Amerika-Tolibon kelishuvining harbiy shartlariga rioya qildi va shunday qilishda davom etadi. Bunga qarshi har qanday da'vo asossiz", - dedi AQSh harbiylari so'zlovchisi polkovnik Sonni Leget.
Legetning qo'shimcha qilishicha, agar hujumga uchrasa, AQSh harbiylari afg'on xavfsizlik kuchlarini himoya qiladi.
"Tolibon zo'ravonlikni kamaytirishi kerak. Zo'ravonlikning kamayishi afg'on xalqiing xohishi va barcha afg'onlar uchun ma'qul bo'lgan yechimga eltuvchi siyosiy jarayonni boshlash uchun zarur", - dedi Leget.
Fevral oxirida tuzilgan AQSh-Tolibon bitimiga ko'ra, doimiy tinchlikka erishish uchun isyonchilar mamlakatdagi siyosiy guruhlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan muzokara boshlashi kerak.
Tolibon esa hibsdagi 5000 tolib ozod qilingandan keyingina to'g'ridan to'g'ri muloqotga kirishini aytmoqda. Isyonchi guruh ham o'z navbatida 1000 ta asirni ozod qilishi kerak.
O'sib borayotgan "COVID-19" tahdidi
Kobul siyosiy kurash domiga tushib, Tolibon bilan muzokaralar kelajagi ham mavhum qolar ekan, bu orada mamlakat bo'ylab koronavirus tahdidi kuchayib bormoqda.
4-aprel holatiga ko'ra, Afg'onistonda virusga chalinganlar soni 350 tani tashkil etadi. Xorijlik askarlar orasida ham 4 kishida kasallik aniqlangan. Virusdan kamida yetti kishi vafot etgan.
AQSh-Tolibon kelishuviga ko'ra, Tolibon Afg'oniston tuprog'idan AQShga qarshi terror xurujlarining amalga oshirilishiga yo'l qo'ymasligi kerak.
Evaziga AQSh barcha xorijiy kuchlar 14 oydan so'ng Afg'onistondan chiqib ketishini ta'minlaydi.