"Virusni birgalikda yengamiz... Vaziyat yaqin kunlarda qanchalik murakkablashmasin, pandemiya barham topadi", - deydi Prezident Tramp Oq uydagi kundalik brifingda.
AQSh kasalxonalari pandemiyaga qarshi kurash uchun yetarlicha jihozlangan va sharoit mamlakat bo'ylab a'lo darajada ekan, bu boradagi tanqidlar o'rinsiz, deydi Tramp.
Koronavirus tarqalishda davom etar ekan, Nyu-York singari yirik shtatlardan tortib, kichik hududlargacha, tibbiy vaziyat og'ir degan norozilik kuchli. Tramp bu shikoyatlarni inkor etib, har bir shtatdan nima so'ralsa, federal hukumat talabni qondirmoqda, deb javob berdi.
"Biz har bir shtatdan so'rayapmiz: nima kerak, uni nimaga ishlatayapsiz va qanchalik ishlatayapsiz? Chunki vosita va uskunalarimiz cheklangan. Lekin zarur bo'lsa, albatta ta'minlaymiz. Ularni ishlab chiqarishni oshirish uchun biz talab darajasini tushunishimiz kerak", - deydi Tramp.
Agar biror kasalxona yoki tibbiy muassasada nimadir yetishmayotgan bo'lsa, deydi prezident, demak, u yerda rahbariyat yaxshi emas, boshqaruv joyida emas.
"Har qanday texnologiyani yetkazib beramiz. Muhimi, muammo ko'lamini o'z vaqtida tahlil qilib, tegishli organlarga murojaat qilish", - deydi prezident.
Favqulodda holatlar bo'yicha agentlik bu ishlarga bosh-qosh. Sog'liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bu idora shu kungacha 11,7 million respirator, 26,5 million tibbiy niqob, 5,3 million yuzni himoyalovchi vosita, 4,4 million jarrohlik xalati va 22,6 million qo'lqop yetkazib bergan.
Mutaxassislar nazarida bu yetmaydi. Oq uy rasmiylariga ko'ra esa mamlakat tibbiy muassasalari xususiy va nohukumat sektor ekan, butun ta'minot faqat hukumat zimmasida emas. Lekin hozir favqulodda vaziyatda zaruriyatni qoplash uchun mablag' yetarli va hukumat hech kimning iltimosiga ko'z yummaydi.
Amerikaning tibbiy vositalar ishlab chiqaruvchi sanoati hozirgi talabni qondirish uchun jon-jahdi bilan ishlamoqda. Tramp ma'muriyati kompaniyalar bilan muloqotda va ularni quvvatlab turibdi, deydi mutasaddilar.
"Biz virusga qarshi aggressiv tarzda kurashayapmiz. Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida ahvol o'ta og'irlashgan payt. Biz bu shtatlar aholisiga kuch va sabr tilaymiz. Ular bilan birgamiz", - deydi Tramp.
Ayni damda AQShda koronavirusga chalinganlar 370 mingga yaqinlashgan, o'lganlar esa 11 mingga. Tuzalganlar qariyb 20 ming. Dunyo bo'ylab esa virusni yuqtirganlar 1,5 millionga yetib qoldi, vafot etganlar esa 75 mingga, sog'ayganlar 280 ming atrofida.