AQShlik yangi bitiruvchilar yoki professorlarga xorijda bir oydan to’qqiz oygacha ingliz tilini o’rgatish imkoniyatini beruvchi “Fulbright” ta’lim dasturi koronavirus tufayli to’xtab qoldi. Ko’plab dastur qatnashchilari AQShga erta qaytishga majbur bo’ldi yoki o’z ixtiyori bilan xorijdagi davlatlarda qoldi.
Bu yilgi qatnashchilar o’z ishini boshlaganiga bir necha hafta bo’lgan edi, xolos.
“To’rtta akam bor. Hammamiz ulg’ayib ko’chib ketganimiz uchun onam kichik uyda yashaydi. Endi AQShga qaytib, uning tor kvartirasiga boramanmi? U yerga sig’maymiz”, - deydi “Fulbright” asosida Malayziyada dars berayotgan Jennifer Lant.
Ba’zilar AQShga qaytmaslikka qaror qildi.
“Oilam bilan juda yaqin emasman. U yerda bo’lish uncha yoqmaydi. Shu bois uzoq o’ylanib, uyga qaytmaslikka, shu yerda qolishga qaror qildim”, - deydi Chilida yashayotgan Sonia ismli dastur ishtirokchisi.
Davlat departamenti mart oyida dastur to’xtatilishini e’lon qildi. Ko’pchilik yana sakkiz oy xorijda bo’lishi kerak edi.
Qatnashchilardan zudlik bilan AQShga qaytish so’raldi.
“Davlat departamentidan norozimiz, chunki ular ancha kech e’lon qilishdi. Biz uyga Yevropa orqali uchamiz. Lekin Yevropada, Italiyada allaqachon hamma narsa izdan chiqib bo’lgandi”, - deydi Tamira Minnik.
Davlat departamenti rasmiysining aytishicha, xorijdagi “Fulbright” dasturi qatnashchilariga Amerikaga qaytish haqida 28-fevraldayoq aytilgan.
Ko’pchilik bunday ogohlantirishni ancha kech olganini aytadi.
“11-martda xat yozishdi, bahorgi ta’tilda sayohat qilmasligingizni tavsiya qilamiz, deb. Ikki kun o’tgach esa mamlakatni tark eting, deyishdi. Yo’l-yo’riqlar juda tez o’zgardi”, - deydi Jennifer.
Dastur to’xtatilgan bo’lsa ham, qatnashchilarga iyungacha stipendiya beriladi. Ammo kutilmaganda uning bekor qilingani ko’plab ishtirokchilar uchun Amerikada uy-joy va daromad topish kabi yangi muammolarni yaratdi.
“Rezyumemga “Fulbright qatnashchisi” degan so’zni yozgandan ko’ra bu yerdagi odamar bilan aloqa qilish, tajriba orttirish men uchun muhimroq”, - deydi Sonia.
Ba’zilar fikriga ko’ra esa, muammolar uchun Davlat departamentini ayblash o’rinsiz.
“Pandemiya tufayli hamma narsa o’zgardi. Hech kim bunday bo’lishini kutmagan edi. Shunday qaror berishga to’g’ri kelgan”, - deydi Tamira Minnik.
O’z ixtiyoriga zid ravishda rejalari o’zgargan dastur qatnashchilari endi AQShdan yangi ish va turar-joy topishi kerak yoki o’zlari qolgan mamlakatda kun kechirishlariga to’g’ri keladi.