Toshkent Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo'shilish sari qadam tashladi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan, Toshkent, O'zbekiston, 2018-yil, 19-oktabr

O’zbekistonda Rossiya bilan tarixiy aloqalarga doir kechayotgan munozaralar soyasida Oliy Majlis deputatlari mamlakatni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi maqomida qo’shish qarorini ma’qullagan.

Bu masalani parlamentda muhokama qilgan deputatlarning aksariyati tashkilotga qo’shilishning foydalarini e’tirof etgan. Ayni paytda ittifoq mamlakat iqtisodiga zarar keltirishini aytib, O’zbekistonning tashkilotga qo‘shilishini yoqlamagan deputatlar ham bor.

Muhokama O’zbekistonning tashkilot a’zoligiga kirishi emas, kuzatuvchilik maqomi yuzasidan o’tgan. Qonunchilik palatasida ma’qullangan bu qaror Senat tasdig’idan o’tishi kerak.

Moskva O’zbekistonning tashkilotga to’laqonli qo’shilishi tashabbusini olg'a surgani, jamoatchilik bu xabarni o’ta bahsli qabul qilgani inobatga olinsa, kuzatuvchilik maqomi Toshkent tomonidan qabul qilingan oraliq to’xtam sifatida ko’rinadi.

Bu masala parlament muhokamasiga qo’yilishidan avval Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilikka O’zbekiston tashkilotga kuzatuvchi maqomida qo’shilishni ko’zlayotgani haqida ishora bergan edi.

Keyinroq bu masalani parlament muhokamasiga jo’natar ekan, Bosh vazir Abdulla Aripov jamoatchilikka ittifoqqa qo’shilishning mamlakat iqtisodiga foydali tomonlari haqida axborot berdi.

Buning ortidan parlamentdagi fraksiyalar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishga doir o’z xulosalarini, tadqiqotlarini taqdim eta boshladi.

Qonunchilik palatasida O’zbekistonning ittifoqqa kuzatuvchi maqomida qo‘shilishini 86 nafar deputat yoqlagan; 32 deputat qarshi ovoz bergan va palataning 14 nafar a’zosi masalaga betaraf qolgan.

Parlament qarori ortidan O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikka doir o’z xulosalarini e’lon qilgan.

Unda ta’kidlanishicha, ittifoqqa a’zolik mehnat muhojirlari huquqini himoyalaydi; ulardan kelayotgan mablag’ oqimi ko’payadi va mamlakatning eksport imkoniyati oshib, tovarlar tashishda transport xarajati ham kamayadi.

O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi bu ittifoqqa qo’shilishga doir hozirgacha mavjud prognozlar o’zini oqlashi mumkinligini ham shubhali baholaydi; shuning uchun ham tashkilot ichkarisidan vaziyatni kuzatib, xulosalar chiqarish oqilona yo’l degan xulosani bildiradi.

O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi tashkilotga qo’shilishi ehtimoliga doir munozaralar jamoatchilikda anchadan buyon davom etib kelmoqda.

Hukumat va deputatlar pozitsiyasini hisobga olmaganda, ittifoqqa qo’shilishning ijobiy tomonlarini ko’rayotgan mustaqil ekspertlar kamligi kuzatiladi.

Bu borada “Amerika Ovozi”ga gapirgan ekspertlarning aksariyati qaror iqtisodiy emas, balki siyosiy o’lchamlarga bog’liqligini aytishadi.

Siyosatshunos Farhod Tolipov bu ittifoq iqtisodiy emas, siyosiy birlikka asoslangan tashkilot ekanligini, Rossiya ustuvorligidagi bu birlashmaga qo’shilish mamlakat uchun, avvalo, siyosiy oqibatlari bilan shubhali bo’lishini aytadi.

“Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Rossiya ustuvorligi atrofida qurilgan, tashkilot doirasidagi iqtisodiyotning 80 foizdan oshig’i Rossiya ulushiga to’g’ri keladi. Bu raqamlarning o’ziyoq ittifoqdagi qarorlarda tengilik bo’lishi mumkinligini ehtimoldan soqit qiladi. Iqtisodiy qarorlar esa, albatta, siyosiy oqibatlarsiz kechmaydi. Bu birlashmada bo’lish O’zbekiston uchun nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy bosim ham olib kelishi mumkin”, - deydi Farhod Tolipov.

Bir qator iqtisodchilar ham Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish istiqbolini mavhum baholashadi. Ular bu boradagi chiqishlarida ittifoqqa qo’shilishdan foyda topmagan Armaniston, qo’shni Qozog’iston va Qirg’izistondagi vaziyatni misol sifatida keltiradi.

Ittifoqqa qo’shilishning foyda va zararli tomonlarini o’rganish ishlari davom etishini aytayotgan O’zbekiston hukumati tashkilot a’zosi bo’lgan qo’shni davlatlardagi vaziyatni qanchalik inobatga olayotgani noma’lum.

Hukumat tomonidan hozirgacha bu borada e’lon qilingan tadqiqotlarda mamlakat yangi, yirik integratsiyaviy hududlarga qo‘shilishga hozirlik ko’rayotgani, bu ishlab chiqaruvchilarga, eksportyorlarga yangi bozorlar taqdim etishi haqida gap boradi.

Moskva-Toshkent aloqalari kuchayishiga O’zbekistonda hokimiyat almashishi shiddatli turtki berdi. Iqtidorga kelgan Shavkat Mirziyoyev Rossiya bilan munosabatda masofa ushlab kelgan marhum Karimovdan farqli, Moskva bilan hamkorlik doirasini kengaytirish tarafdori sifatida tanildi.

O’zbekistonni Yevrosiyo ittifoqiga qo’shish, Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq - Kollektiv xavfsizlik shartnomasi doirasiga qaytarish bo’yicha ichki muzokaralar Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelishi ortidan boshlangani aytiladi.

O’zbekistonga Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish taklifini olib kelgan Rossiya Federatsiyasi kengashi rahbari Valentina Matvienko safariga qadar Toshkentga Rossiya Dumasi rahbari Vyacheslav Volodin tashrif buyurgan va o’zbekistonlik hamkasblariga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi doirasidagi hamkorlikni tiklash bo’yicha murojaat qoldirib ketgan edi.