Ekspertlar: Tojikistonda siyosiy vijdonsizlik koronavirusga qarshi kurashni og'irlashtirgan

Tojikiston masjidlarida

Tojikiston hukumati 30-aprelda mamlakatda bir necha odam koronavirusni yuqtirdi, deya rasman e'lon qildi. 11-maygacha bemorlar soni 661 nafarga yetdi, kamida 21 kishi o'lgan. O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikistonda hozirda koronavirusga chalinganlar 10 mingga yaqinlashmoqda, o'lganlar esa qariyb 80 nafar. Turkmanistondan bu borada hech qanday ma'lumot yo'q.

Pandemiya avj olar ekan, bu mamlakatda unga qarshi chora ko'rilmagani bahs-munozaralar markazida qolayotgan edi. Hozir ham shunday, chunki hukumat kasallik haqidagi ma'lumotlarni yashirmoqda, deydi jurnalistlar, ekspertlar va huquq himoyachilari.

Tojikistondagi real vaziyat haqida axborot berib kelayotganini qayd etuvchi "Ozodlik" radiosi Tojik xizmatiga ko'ra, bosim va tazyiqlar ostida bo'lsa-da, uning jamoatchi muxbirlari nafaqat respublika ommasi balki dunyo ahliga zarur informatsiyani taqdim eta olmoqda.

Virus haqidagi shov-shuvlar aslida Tojikistonda fevral oyi oxirlarida avj olgan. O'sha paytda hukumat masjidlar va boshqa jamoat markazlariga kirib-chiqishni cheklagan edi. Lekin ko'p o'tmay ular bekor qilindi.

Mart oyi o'rtariga borib, O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonda koronavirus tarqala boshlagani rasman tasdiqlanib, hukumatlar bu borada aholiga muntazam hisobot berishni yo'lga qo'yar ekan, Tojikiston sukutda yashadi.

"Ozodlik" bu borada izlangani, rahbarlarni savolga tutgani va masala ko'lamini o'rganishga harakat qilgani uchun hukumat va uning tarafdorlari tomonidan keskin qoralandi, deydi Salimjon Ayubov, Tojik xizmati rahbari, 11-may kuni Jorj Vashington universiteti tashkil etgan onlayn anjumanida so'zlar ekan.

"Ozodlik" muxbirlari o'z hayotini xavf ostiga qo'yib, Tojikistondagi ahvolni yoritishda davom etdi, deydi Ayubov. Uning ikki hamkasbi kasallika chalingan va og'ir ahvolda.

Prezident Emomali Rahmon

Uzoq yillar "Human Rights Watch" huquq tashkilotining Markaziy Osiyodagi bosh eksperti bo'lib ishlagan, hozirda mustaqil konsultant Stiv Sverdlov nazarida, salomatlik bilan bog'liq inqiroz Tojikistondek yopiq jamiyatlarda huquq inqiroziga aylanishi turgan gap, chunki vaziyat u yerda shundoq ham og'ir.

Odamlar har tomonlama bosim ostida, deydi Sverdlov. Bir tomondan, sog'liqni saqlash qiyin, ikkinchi tomondan esa tirikchilik amri mahol, uchinchi tomondan, oziq-ovqat ta'minoti oqsagan.

Qo'shni davlatlarda, jumladan, O'zbekistonda hukumat bu borada ochiq gapirib kelayotgani, lekin Tojikistonda boshqaruv "hamma narsa joyida" qabilida ish yuritayotgani jamoatchilik uchun kundalik ruhiy va iqtisodiy zarba, deydi mutaxassislar. Chunki aholi haqiqatni hammadan yaxshiroq biladi, lekin muammolarga ko'z yumiladi.

"Bu singari yondashuv siyosiy vijdonsizlik:, - deydi Sverdlov.

"Qamoqxonalarda mahbuslar orasida koronavirus keng tarqalgani haqida ishonchli ma'lumotlar bor. Lekin hukumat lom-mim demaydi. Mahbuslar orasida jurnalistlar va hukumat dushman deb hisoblaydigan boshqalar bor. Ularning hayoti ayniqsa xavf ostida, chunki siyosiy mahbuslarga ataylab qaralmaydi", - deydi Sverdlov.

Uning hisobicha, qamoqda virusga chalinganlar 200-300 orasida.

Dushanbe xalqaro hamjamiyat talab va chaqiriqlariga tamoman befarq, deydi Sverdlov, vaholanki, qonunlar buzilmoqda va BMT organlaridan tortib, boshqa yirik tashkilotlar masalani muntazam ravishda ko'tarib kelmoqda.

Amerikalik tadqiqotchi Marinta Mayls tasvirlashicha, Tojikistonda sog'likni saqlash tizimi juda eski, pandemiya bilan kurashishga tayyor ham, qodir ham emas. Hukumat bu borada haqiqatni aslo tan olmaydi va shu bois ham asl ahvolni yashirish - siyosat, deydi Mayls.

Markaziy Osiyoda jamoat tadbirlari kundalik voqealar lekin O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonda pandemiya davrida ular keskin cheklandi. Suratda Farg'ona viloyatidagi uloq manzarasi, 2019.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham tibbiy tizim nochor. Shiforkorlardan tortib hamshiralargacha, eng oz maosh oladigan toifalardan biri, deya qayd etadi Mayls. Tojikistonda, masalan, doktorlarning oyligi maksimum 120 dollar.

Tojikiston azaldan tashqi yordamga tayanib yashaydi. Koronavirusga qarshi kurashda yordamlashish uchun xalqaro tashkilotlar va qo'shni O'zbekistondan ko'mak bormoqda, biroq bu bilan muammo hal bo'lmaydi, deydi Mayls.

Dunyoning eng boy va rivojlangan mamlakatlari ham koronavirusga qarshi zarur choralar ko'rishda qiynalayotganini hisobga olsak, Tojikiston singari qashshoq respublikalarda ahvol misli ko'rilmagan darajada murakkab. Tojikistonda tibbiy mutaxassislar oz, ko'pi chiqib ketgan yoki boshqa sohalarga o'tib ketgan, deydi bu borada izlangan Mayls.

G'arbdagi yana bir mutaxassis, mintaqashunos Edvard Lemon tahlilicha, xulosa qilishga shoshmaslik kerak. Tojikistonda odamlar hukumatga tinchlikni saqlab turgan kuch sifatida qarashini tan olish kerak, deydi u, boshqaruv qanchalik yulg'ich, adolatsiz va yopiq bo'lmasin.

"Elita o'z manfaatlarini ta'minlash bilan ovora, sog'liqni saqlash va ta'lim singari sohalarga sarmoya juda oz", - deydi Lemon.

Tojikiston ko'chalarida, aprel, 2020

"Bu Tojikiston uchun juda og'ir sinov va hozirgi kungacha undan o'ta olmayapti. Mamlakatda g'azab darajasi yuqori. Hukumatga tayanganlar ham noroziligini yashirmayapti."

Oshkoralik yo'qligi, media qattiq nazoratda ekani, tizim zaifligi, hukumatdagi irodasizlik - hammasi hayotni yanada o'girlashtirgan.

Pandemiya butun dunyoni qamrab olgan paytda, odamlarga bu muammolarning ruhiy ta'siri yanada kuchli bo'ladi, deydi Lemon.

Lekin bugungi mashaqqat Tojikistonda hukumat tabiati va siyosatini o'zgartirmaydi, deydi tadqiqotchi Marinta Mayls. Sverdlov va Lemon u bilan bu borada hamfikr.

"Ammo "o'zgarmaslik" avvalo xalqqa nisbatan zulm va adolatsizlikdir", - deydi Sverdlov. "Boshqaruv o'z vazifasini bajarishi kerak, ya'ni aholiga xizmat ko'rsating va g'amxo'rlik qiling".

"Tashqi dunyo Tojikistonni tergayverishi kerak. Millionlab insonlarning hayotiga loqayd bo'la olmaymiz. O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston koronavirusga qarshi nisbatan oshkora siyosat yuritayotgani Tojikistonni yanada zaif qilib ko'rsatmoqda. AQSh va Yevropa Ittifoqi ko'rib turibdi kim nimaga qodirligini va hamkorlik darajasini belgilashda bu o'ta muhim omil", - deydi Sverdlov.

Uning ta'biricha, koronavirus paytida o'z odamlarining taqdiriga vijdonsizlarcha yondashgan hukumat xorijiy quvvatlov va hamkorlaridan ayrilishi turgan gap.

Ayrim boylar va siyosatchilar xayriya ishlari qilib, vaziyatni yumshoqroq qilib ko'rsatishga harakat qilmoqda, lekin hozirgacha bilganimiz, deydi bu mutaxassislar, vaziyat nihoyatda murakkab ekanini ko'rsatmoqda.

Nohukumat sektorning roli beqiyos, deydi Lemon. Hukumat qilmayotgan ishni ko'p hollarda jamoat tashkilotlari va faollar qilmoqda.

Xorijdagi tojikistonliklar ham yordam berishga urinmoqda. Lekin Rosssiyadagi migrantlar ishlarini yo'qotgani Tojikistonni katta daromaddan ayirmoqda. Ular yuborgan mablag' mamlakat uchun ulkan iqtisodiy tayanch. Yalpi milliy mahsulotning chorak qismi aynan Rossiyada mehnat qiladigan tojikistonliklar hissasiga to'g'ri keladi. Hozirda Tojikistondan Rossiyaga mablag' oqimi oshgani kuzatilmoqda, chunki oilalar u yerdagi yaqinlarining holidan xavotirda.

Qo'shma Shtatlar, Xitoy, Jahon banki va Xalqaro Valyuta Fondi hamda boshqa taraflar Tojikistonga yordam ko'rsatmoqda va maxsus ko'mak dasturlari muhokamada. Lemon deydiki, tizimga ishonch past ekan, madadni qanday olib kirish masalasi qayta ko'rib chiqilmoqda. Chunki xalqaro donorlardan borgan yordam, qay ko'rinishda bo'lmasin, korrupsiya chuqur ildiz otgan mamlakatda maqsadga muvofiq yo'naltirilmasligi qayta-qayta isbotlangan.