Tolibon xurujida kamida olti afg'on askari halok bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Tolibon va Afg'oniston xavfsizlik kuchlari o'rtasidagi otishma, 2017-yil, 1-mart

Afg'oniston Mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko'ra, 10-may kuni kechqurun Afg'oniston sharqidagi Lag’man viloyatida Afg'oniston milliy armiyasining kamida olti a'zosi o'ldirilgan va besh kishi yaralangan.

Nomini aytishni istamagan hukumat manbasi o'ldirilganlar soni 10 nafar, jarohat olganlar esa yetti kishi ekanini bildirdi.

Mudofaa vazirligining bayonotida aytilishicha, afg'on kuchlari Alishish tumanidagi hujumni bostirgan va amaliyotda Tolibon og'ir yo’qotishlarga uchragan. Hujumda afg’on armiyasining kamida 10 harbiy mashinasi ham yo'q qilingan.

Mahalliy guvohlarning aytishicha, armiya qishloqda yangi post o’rnatayotganda hujumga uchragan.

Tolibon vakili Zabihulloh Mujohid jurnalistlarga bergan bayonotida hujum isyonchi guruh tomonidan amalga oshirilganini tasdiqladi.

Bu orada poytaxt Kobulda kamida oltita portlash yuz berdi. Yakshanba kuni tunda qurbonlarsiz ikkita va va dushanba kuni ertalab to’rtta xuruj sodir bo'ldi.

Kobul politsiyasi vakili Ferduz Farmurzning jurnalistlarga aytishicha, ertalabki portlashlarda to'rt nafar tinch aholi vakili, jumladan, bir bola yengil yaralangan.

Ertalab kamida bir portlash afg'on xavfsizlik kuchlari karvonini nishonga olgan. So'nggi portlash xavfsizlik kuchlari voqea joyiga kelib surishtiruv boshlagan payt yuz bergan.

Zo'ravonliklar Tolibon bilan bitim bo'yicha muzokaralar olib borish uchun mas'ul bo'lgan Zalmay Xalilzod boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi mintaqani borib ko'rgan va Doxada toliblar bilan uchrashgan bir paytda ro’y berdi.

"Doxada mulla Birodar va uning guruhi bilan kechasi uzoq uchrashuv o’tkazdik. Biz bir qator mavzularda olg’a siljishga urindik: zo'ravonlikni kamaytirish, xalqaro hamjamiyat talab qilganidek, Afg'onistonda COVID-19 pandemiyasini nazorat qilish bo'yicha yaxshiroq hamkorlik qilish uchun insonparvarlik yuzasidan otishmalarni to’xtatish masalalarini", - deb yozdi Xalilzod “Twitter” orqali.