Din

Diniy erkinlik: 2019-yil Xitoyda qanday kechdi?

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Davlat kotibi Mayk Pompeo AQShning dunyo bo’ylab diniy erkinlikni ta’minlashga doir pozitsiyasini quyidagicha izohladi:

“Missiyamiz aniq belgilangan: Har bir shaxsning bexavotir ibodat qilishini, diniy an’ana va qadriyatlarini erkin davom ettirishini kafolatlash, e’tiqodining daxlsizligini ta’minlash”.

Afsuski, Xitoy Xalq Respublikasida Kommunistik partiya e’tiqod erkinligiga qarshi ayovsiz kurashib kelmoqda. AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiyasi ma’lum qilishicha, 2019-yilda “Xitoyda e’tiqod erkinligiga doir vaziyat yanada og’irlashgan”.

Xususan, mamlakatda ozchilik qatlami hisoblangan musulmonlarga qarshi zulm davom etmoqda. AQSh hukumatiga ko’ra, Pekin 2017-yildan beri 1 milliondan ziyod etnik uyg’ur, qozoq, qirg’iz va boshqa musulmon xalqlar vakillarini “qayta tarbiyalash” lagerlariga qamagan.

Diniy erkinlik bo’yicha komissiyaning ma’lum qilishicha, musulmonlar soqol o’stirgani, spirtli ichimliklar iste’mol qilmagani uchun yoki partiya rahbariyatining “ekstremist” degan tamg’asi tufayli ozodlikdan mahrum etilgan. Sobiq mahkumlar lagerda qiynoqqa solingani, zo’rlangani, majburiy sterilizatsiya qilingani va boshqa usullar bilan tahqirlanganini bildirgan.

Xitoy hukumati Tibetda buddizmga qarshi kurashmoqda. Rahnamo Dalay Lamani inkor etishdan bosh tortgan rohib va rohibalar ibodatxonalardan chetlashtirilgan, hibsga olingan va qiynoqqa solingan, deya bayonot berdi AQSh komissiyasi.

Hukumat, shuningdek, 2019-yilda yuzlab protestant ibodatxonalarida reydlar o’tkazgan, ularning aksariyati faoliyati tugatilgan. Xenan viloyatidagi Rok va Pekindagi Shouvan ibodatxonalari shular jumlasidan.

Hukumat 2018-yildan beri hibsda bo’lgan ayrim diniy mahbuslarni ozod etgan. Biroq ulardan ruhoniy Van Yi 2019-yilda “davlat to’tarishini amalga oshirishga uringanlikda” ayblangan. Unga to’qqiz yillik qamoq jazosi belgilangan.

Mahalliy hokimiyatlar Katolik ruhoniylariga qarshi tazyiqni kuchaytirgan. Davlatning Katoliklar assotsiatsiyasiga a’zolikdan bosh tortgan Guo Sitzin va Suy Tay panjara ortiga tashlangan. Ayrim hokimiyatlar yashirin ibodatxonalar haqida ma’lumot berganlarga mukofot puli va’da qilgan.

2019-yilda Falun Gong diniy guruhi vakillari meditatsiyaga asoslangan ibodat va o’z ta’limotlariga doir adabiyotlarni tarqatganligi uchun qamoqqa olingan.

AQSh hukumati muntazam ravishda Xitoy Xalq Respublikasini o’z fuqarolarining diniy e’tiqodiga bosim o’tkazmaslikka chaqirib keladi. Vashington xalqlarning diniy erkinlikka doir haq-huquqlarini e’zozlashga undashda davom etadi.