Qirgʻizistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida masjid va cherkovlarga borishga qoʻyilgan cheklov bekor qilindi. 8-iyundan boshlab masjid va cherkovlar ibodat uchun oʻz eshiklarini qayta ochdi. Ammo ibodat qiluvchilar tibbiy niqob taqib, ijtimoiy masofani saqlashi zarur. Shuningdek, u yerga kirishdan avval odamlarning tana harorati oʻlchanadi.
Qirgʻiziston rasmiylari ibodatxonalar maxsus tuzilgan tezkor guruhlar tomonidan tekshirib turilishini, karantin talablari bajarilmagan masjidlar esa qayta yopilishi mumkinligini bildirdi.
Shuningdek, hozirgi epidemiologik vaziyat, sanitariya talablarini saqlashning ahamiyati haqida ibodatxonalarning masʼullariga qoʻshimcha tushuntirishlar olib borilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi bois yuzaga kelgan vaziyat ortidan avval juma namozlarini masjidlarda oʻqish toʻxtatilib, 22-martdan boshlab Qirgʻizistondagi barcha masjid, cherkovlarda ibodat qilish, shuningdek, daʼvatga chiqish vaqtincha taqiqlangan edi. Faqatgina namoz vaqtlarida azon aytib turilgan.
Qirgʻizistonda COVID-19ning ilk holati 18-martda umra safaridan qaytib kelgan uch qirgʻizistonlikda aniqlangan edi.
8-iyunga kelib Qirgʻizistonda virus yuqtirganlarning umumiy soni 2032 nafarga yetdi. Ularning 23 nafari vafot etgan.