Xitoy hukumatining Shinjonda olib borayotgan tazyiq siyosatidan diniy faollar va ulamolar eng ko’p aziyat chekmoqda, deydi faollar. Qurbonlarning xorijda yashovchi yaqinlariga ko’ra, birinchi navbatda imomlar hukumat nishoniga aylangan.
Uyg’urlarga ko’mak ko’rstish maqsadida Norvegiyada asos solingan “Uyg'ur Help” yordam tashkilotining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Xitoy hukumati 2016-yildan beri kamida 518 uyg'ur imomini hibsga olgan. Tashkilotning ma'lum qilishicha, ilgari Pekin tomonidan o'qitilgan va ishga yollangan ba'zi imomlar uzoq muddatli qamoq jazolariga mahkum etilgan; ularning ba'zilari lagerlarda jon bergan.
Saudiya Arabistonining Makka shahrida yashovchi Hojixonim Abdukarimning so'zlariga ko'ra, uning otasi Abdukarim Memet 2017-yilda 10 yilga qamalgan.
Hojixonimning aytishicha, Xitoy hukumati uning otasi qayerdaligini uzoq yillardan beri yashirib kelgan.
61 yoshli Abdukarim hibsga olinishidan oldin Shinjon janubidagi Qashqar shahrining Yengisar tumani mahalla masjidida imomlik qilgan. Uning oilasi imomning uyg'urlar orasida ekstremizmni targ’ib qilgani haqidagi hukumat ayblovini rad etadi.
"Mening otam tinchlikparvar va qonunga itoatkor din arbobi", - deydi Hojixonim.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitobiga ko'ra, bir milliondan ortiq musulmonlar Xitoyda konsentratsion lagerlarga tashlangan. Ularning aksariyati etnik ozchilik bo’lgan uyg’urlardir.
Aprel oyida Xitoyning Shinjon muxtor viloyati rasmiysi Elijan Anayit AQSh rasmiylari va ommaviy axborot vositalarini uyg'ur imomlari hibsga olinayotgani va jinoiy javobgarlikka tortilayotgani haqida "mish-mish" tarqatishda aybladi.
Anayitga ko’ra, Xitoy hukumati hududdagi diniy ta’lim xarajatlarini to’la o’z zimmasiga olgan. Uning so'zlariga ko'ra, Shinjon Islom institutining mintaqadagi sakkizta filialida, jumladan Ili, Urumchi, Xotan va Qashqarda 1000 dan ortiq talaba diniy bilim olmoqda.
“Sudga tortilgan jinoyatchilar na diniy shaxslar va na diniy xodimlardir. Ular ekstremizmni yoygan; ayirmachlik, sabotaj va Islom bayrog'i ostida terroristik va ekstremistik faoliyat olib borgan jinoyatchilardir”, - dedi Anayit.
Ekspertlarning ta'kidlashicha, Xitoy rasmiylari uyg'urlar va ularning diniy rahbarlariga qarshi kampaniyada diniy ekstremizm ayblovlaridan tobora ko'proq foydalanmoqda.
"Bu jinoyatlar tavsifi hatto Xitoy qonunlarida ham juda mavhum", - deydi Nottingem universitetida Xitoydagi islom tarixchisi Rian Tum.
“Ular noqonuniy diniy faoliyat turlarining uzun ro'yxatini tuzgan. Bu faoliyatlarning aksariyati boshqa joylarda noqonuniy ish ham emas. Masalan, siz o’zingiz yashaydigan hududda bo'lmagan masjidda namoz o'qisangiz, noqonuniy diniy faoliyat bo'lishi mumkin”, - deydi Tum.
Shinjonda hukumatning imomlarni ta'qib qilishi ajablanarli emas, deydi “Uyg'ur Help” asoschisi Abduvali Ayup.
"Imomlar ko'p sonli uyg'urlarni boshqarish, uyushtirish va safarbar eta olish imkoniyatiga ega odamlardir va masjidlar uyg'ur tilini saqlagan joylar hisoblanadi", - deya qo'shimcha qildi u.
Ayupning aytishicha, Shinjonda tazyiq kampaniyasi boshlanishidan oldin imomlar Xitoy hukumatidan 600 dan 5000 yuangacha maosh olgan. Uning ta’kidlashicha, hibsga olishlar uyg'ur o’zligi va madaniyatini yo’q qilishga qaratilgan keng ko'lamli harakatlarining bir qismidir.
Hech kim tazyiqdan xoli emas
Rouz-Xulman texnologiya institutining xitoyshunos professori Timoti Grozning aytishicha, Xitoyda hatto hukumat tizimida o’sib borgan diniy arboblar ham tazyiqlardan omonda emas.
Imomlarni qamab qo'yish "uyg'urlar orasida nasldan naslga o'tgan diniy bilimlar zanjirini uzib qo'yish" uchun harakatdir”, - deydi Groz "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Shinjonda tazyiqqa uchraganlar to'g'risidagi ma'lumotlar bazasini tuzgan Jin Buninning so'zlariga ko'ra, imomlarning 50 foizi hibsga olingan bo’lishi mumkin. Ularning aksariyati xitoylik amaldorlar tomonidan "kasb-hunarga o'qitish markazlari" deb ta'riflangan konsentratsion lagerlarga olib boriladi.
“Qozoqlar orasida imomlar hibsga olinganlarning 50 foizini tashkil qiladi. Lagerga jo’natilgan uyg’urlarning esa 10 foizi imomlar", - deydi Bunin.