AQSh Global Media Agentligi muvaqqat rahbarlarni tanishtirdi

  • Amerika Ovozi

Elez Biberay, "Amerika Ovozi"ning muvaqqat rahbari

"Amerika Ovozi" teleradiosiga veteran jurnalist Elez Biberay vaqtinchalik direktor etib tayinlandi. AQSh Global Media Agentligidagi boshqa tashkilotlarda ham muvaqqat boshliqlar e'lon qilindi.

Agentlikning shu oy ishga kirishgan yangi rahbari Maykl Pek tizimda katta yangiliklar va'da qilgan. Prezident Donald Trampga yaqin deya tanqid qilingan Pek har bir media tashkilotning xolisligi va professional nufuzi himoya qilinadi, deya so'z bergan.

Ikki hafta oldin u "Ozodlik", "Erkin Osiyo", "Marti" va Yaqin Sharq teleradiolarining prezidentlarini lavozimdan olgan edi.

Biberay shu kungacha "Amerika Ovozi"ning Yevrosiyo bo'limini boshqarib kelgan. Asli alban, uzoq yillik jurnalistik tajribaga ega va bir necha kitoblar muallifi. Kolumbiya universitetidan fan doktori unvonini olgan.

Kubaga mo'ljallangan "Marti" teleradiosini Jeffri Skott Shapiro, "Erkin Osiyo" radiosini Paramesvaran Ponnuduray, Yaqin Sharq teleradio tizimini Kelli Sallivan, "Ozodlik" radiosini esa Deyzi Sindelar vaqtincha yuritib turadi.

AQSh Global Media Agentligiga kiruvchi bu tashkilotlarning haftalik umumiy auditoriyasi 350 milliondan oshiq va jami 61 tilda efirga chiqib, axborot beradi.