O’zbekiston Rossiyadagi fuqarolarini temir yo’l orqali poyezdlarda olib kelish choralarini ko’rmoqda.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-iyul kuni o’tkazilgan yig’ilishda gapirgan, ammo tafsilotlari ochiqlanmagan.
Prezidentning bu bayonotidan biroz avval matbuotda Davlat Xavfsizlik xizmatiga tayanilgan holda Rossiya-Qozog’iston chegarasida qolayotgan 2 mingdan oshiq o’zbekistonliklarni temir yo’l orqali olib kelishga doir ma’lumot paydo bo’lgan edi.
13-14-iyuldan yo’lga chiqishi aytilgan bu poyezd qatnovi amalga oshganmi yoki yo’qmi, hozircha noma’lum. Kun.uz nashri tomonidan DXXga tayanib tarqatilgan xabar ayni paytda nashr sahifasidan olib tashlangan. Tahririyat buning sabablari haqida biror izoh bermagan.
“Kun.uz” ma’lumotiga tayanilib xorijdagi saytlarda tarqagan xabarlarga ko’ra, DXX Rossiyaning Samara va Orenburg viloyatlari chegara hududida qolayotgan 2 mingdan oshiq o’zbekistonlikni olib kelish uchun temir yo’l poyezdi jo’natilishi, fuqarolar uchta reysda 700 kishidan olib chiqilishi haqida ma’lum qilgan.
Bu ma’lumotda temir yo’l qatnovini yo’lga qo’yish uchun Qozog’iston tomonining roziligi olingani, Rossiya bilan muzokaralar borayotgani, yo’lovchi poyezdi Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va tibbiyot xodimlari kuzatuvi ostida harakatlanishi ham bildirilgan.
Ta’kidlanishicha, temir yo’l chiptalari bahosi 100-150 dollar atrofida belgilangan. O’zbekistonga qaytarilgan fuqarolarning 1200 tasi Namangandagi karantin hududiga, 900 tasi O’rtasaroydagi karantin hududiga joylashtirilishi xabar qilingan.
Rossiya-Qozog’iston chegarasida yig’ilib qolgan o’zbekistonliklar olib chiqilishi kutilayotgani haqida O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, O’zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi saytida ham hech qanday ma’lumot yo’q. “Amerika Ovozi”ning Rossiyadagi elchixona bilan bog’lanish harakati samara bermadi.
Rossiya-Qozog’iston chegarasida yig’ilib qolgan o’zbekistonliklar olib chiqilishi haqidagi ma’lumotlar matbuotda O’zbekiston fuqarolarining chegara hududidagi ahvoliga doir qator maqolalar e’lon qilinishi ortidan kuzatilmoqda.
DXXga tayanilgan ma’lumot paydo bo’lishi arafasida Rossiyadagi “Meduza”nashri o’zbekistonliklar to’xtagan chegara hududida bo’lgan, muhojirlar qanday sharoitlarda yashayotganiga doir reportaj e’lon qilgan edi.
Bu vatanga qaytish istagidagi fuqarolarni Rossiya-Qozog’iston chegarasida to’planib qolayotganiga doir birinchi holat emas. Bir muddat avval ham O’zbekistonga qaytish istagida Samara va Orenburg viloyatlaridagi chegara postlari yaqinida yuzlab o’zbekistonliklar top’lanishgan, ular imkoniyat kutib bir necha hafta davomida ochiq dalada yashashlari ortidan maxsus avtobuslarda O’zbekistonga olib chiqilgan edi.
Bir necha kun muqaddam esa O’zbekiston hukumati poytaxt yaqinidagi “G’ishtko’prik” chegara hududidan 4 mingga yaqin fuqarosini olib o’tib, mamlakatdagi karantin hududlariga joylashtirdi.
Hozirgacha xorijda qolayotgan fuqarolarni temir yo’l orqali olib kelish amaliyoti kuzatilmagan edi. Prezident Mirziyoyevning 14-iyul kungi yig’ilishda aytganlaridan xulosa qilinsa, buning chora-tadbirlari ko’rilmoqda.
Bu haqda avvalroq ma’lum qilgan dastlabki manba “Kun.uz” dagi xabarning biror izohsiz olib tashlanishi fuqarolarni poyezdlar orqali olib kelish rejasi va muddatlariga o’zgartirishlar kiritilganidan darak bo’lishi mumkin.
Rasmiy manbalarga, Prezident Mirziyoyevning yaqindagi chiqishiga tayanilsa, pandemiya boshlanganidan buyon O’zbekiston 90 mingga yaqin fuqarosini xorijdan mamlakatga qaytargan.
Ammo O’zbekistonning xorijdagi fuqarolari, mehnat muhojirlari soni ikki milliondan oshiqligi, aksariyati mamlakatga qaytish uchun imkoniyat kutayotgani inobatga olinsa, muhojirlarni vatanga qaytarish bilan bog’liq masala muammo sifatida qolayotgani ko’rinadi.
O’zbekistonda 10-iyuldan boshlab koronavirus bois joriy etilgan karantin choralari qayta tiklandi. Respublika maxsus komissiyasi xorijdagi fuqarolarni olib kelish uchun tashkil etilgan charter reyslar ham ikki barobarga qisqartirilganini ma’lum qildi.
So’ngi haftada mamlakatda koronavirus tarqalishi keskin ko’paygani, sog’liqni saqlash tizimi o’z imkoniyatlarini ishlatib bo’lganiga doir ma’lumotlar esa vaziyatni yanada og’irlashtirgan.
Ammo Mirziyoyev so’nggi chiqishida mamlakat sog’liqni saqlash tizimi imkoniyatlari va resurslari koronavirusga qarshi kurash uchun yetarli ekanligini ta’kidladi.
13-iyul kuni O’zbekistonda yangi antirekord qayd qilindi, bir kun ichida 594 kishida koronavirus aniqlandi. Kasallikdan vafot etganlar soni hozirga kelib 65 kishiga yetgan. Virusga chalinganlar soni karantinga olinganlar emas, aholi orasida ko’payayotgani bilan kuzatilmoqda.